Zilzila jabrdiydalari uchun 1 million dollar

Bu kabi katta miqdordagi moliyaviy yordam va‘dasi bilan Tojikistonga Pokiston tomoni chiqqan.

O‘z Bosh vazirining va‘dasini Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga Pokiston Suv va energiya vaziri Xavaja Muhammad Osif yetkazgan.

Pokistonlik vazir Dushanbedagi uchrashuvlari chog‘ida tojik rahbariga Tojikistonning sharqiy Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatida yuz bergan so‘nggi qaqshatqich zilzila va u yetkazgan jiddiy talofat yuzasidan o‘z hukumati va xalqining hamdarligini izhor etgan.

Mamlakati o‘tgan yil dekabr oyidagi kuchli yer silkinishidan jabr ko‘rgan mintaqa aholisiga insonparvarlik ko‘magi sifatida bir million AQSh dollari ajratish niyatida ekanini aytgan.

Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatida yuz bergan qaqshatqich zilzila qurbonlarsiz kechmagan.

Kutilmagan tabiiy ofat ikki kishining umriga zomin bo‘lgan. O‘ndan ortiq kishi yaralangandi.

Tojikistonlik mas‘ullar naq qish chillasida yuz bergan kuchli yer silkinishi sabab, 500 dan ortiq uy-joyga ziyon yetganini ham aytishgandi.

Zilzila kuchi Rixter shkalasi bo‘yicha 7-8 ball atrofida bo‘lgan, undan eng ko‘p muxtor viloyatning Rushan tumanidagi Bartang vodiysi jabr ko‘rgandi.

Image copyright BBC Farsi

Bu yerlar esa, tog‘li Pomir mintaqasining chetdan odam yetib borishi qiyin bo‘lgan tumanlari sanaladi.

Xuddi shu bois ham, zilzila jabrdiydalariga insonparvarlik yordamlari yetkazish oson bo‘lmagan, xabarlarda, hatto, buning uchun Rossiya harbiylari ham ko‘makka chaqirilgani aytilgandi.

Poytaxt Dushanbedagi mahalliy jurnalistlardan biri Iskandar Firuzning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, mintaqadagi zilzila sabab, uy-joylari vayron bo‘lgan aksariyat odamlar yaqinlarinikidan boshpana topishgan.

Jurnalistga ko‘ra, u yerdagi jabrdiydalarga ko‘mak yetkazish amaliyotlari hanuz davom etmoqda.

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ertaga chorshanba kuni Rossiya tomonining 32 tonnadan iborat insonparvarlik yordami ham Dushanbega yetib keladi.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, bu – Rossiya hukumatining zilziladan jabr ko‘rgan Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatiga yo‘llayotgan eng katta miqdordagi ko‘magi bo‘ladi.

Xuddi shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, Pokistonga qadar Tojikiston tomoniga jabrdiydalarni ko‘zda tutib, hech kim buncha miqdordagi moliyaviy ko‘mak va‘dasi bilan chiqmagan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Dushanbedagi uchrashuvlari chog‘ida tomonlar suv va energetika sohasida hamkorlikni kuchaytirish, ikki davlat o‘rtasida uchoqlar qatnovini yo‘lga qo‘yish, birgalikda yangi avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar qurish masalasini muhokama etishgan.

Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaralarini mustahkamlash va terrorchilikka qarshi kurash masalasida ham fikr almashib olishgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Tojikistonning Tog‘li-Badaxshon muxtor viloyatida yuz bergan dekabr oyidagi kuchli yer silkinishining ta‘siri Afg‘onistondan tortib, Pokistonning o‘zi va Hindiston qadar sezilgandi.

Butun mintaqaning o‘zi esa, so‘nggi oylarda ketma-ket zilzilalarga sahna bo‘lmoqda.

Jumladan, o‘tgan yil oktyabr va noyabr oyi oxirlarida yuz bergan qator yer silkinishlari qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonda o‘nlab kishining umriga zomin bo‘lgan.

Qirg‘iziston kabi ayrim Markaziy Osiyo davlatlarida esa, yuzlab uylarga ziyon yetkazgandi.

Mutaxassislar bu kabi holatni mintaqada seysmik faollik davri boshlanayotgani bilan izohlashmoqda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq