Faol O‘ktam Pardayev "avf etildi"

Image copyright none

37 yoshli jizzaxlik inson huquqlari faoli o‘z ustidan boshlangan mahkama jarayonining ilk kunida sud zalida ozod qilingan.

Bu haqda uning yaqinlari kecha 11 yanvar kuni kechqurun Fergana.ru internet nashriga ma‘lum qilishgan.

O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkilotining Jizzax viloyati bo‘limi raisi bo‘lgan O‘ktam Pardayev o‘tgan yil 15 noyabr kuni hibsga olingandi.

Jizzaxlik faolga qarshi ayblovlar o‘tgan oy oxirida rasman ilgari surilgandi.

U "haqorat qilish", "firibgarlik" va "pora berganlik"da ayblangandi.

O‘ktam Pardayev ustidan mahkama jarayoni esa, shu hafta dushanba kuni Jizzax viloyati Do‘stlik tumani sudida boshlangandi.

Fergana.ru internet nashrining xabar berishicha, dastlabki mahkama tinglovidayoq davlat qoralovchisi sudlanuvchiga 7 yilu 8 oylik qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Ammo, yaqinlarining ushbu internet nashriga aytishlaricha, sud O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan o‘tgan yil dekabr oyida e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq, O‘ktam Pardayevni avf etishga qaror qilgan. Faol sud zalida ozod qilingan.

Image copyright none

O‘zbekiston Mustaqil Inson huquqlari faollari Tashabbus guruhining bu xususda tarqatgan rasmiy bildirishnomasida aytilishicha esa, tergovchi Orif Anorboyev tergov jarayonida faolga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlarni isbotlashi mumkin bo‘lgan dalillarni topa olmagan.

Guruh rahbari Surat Ikromovga ko‘ra, "amnistiyaga muvofiq ozod etilgan esa-da, faol, aslida, ishida "biror bir jinoiy unsur" bo‘lmagani tufayli erkinlikka chiqarilishi shart bo‘lgan". – "Chunki uning ishida aybini isbotlashi mumkin bo‘lgan biror bir dalil yo‘q".

O‘z o‘rnida ta‘kidlash joiz, jizzaxlik inson huquqlari faoli orada kechgan vaqt davomida o‘ziga rasman qo‘yilgan ayblovlardan birortasiga iqror bo‘lmagan.

Hibsda ekan, bu haqda O‘ktam Pardayevning yaqinlari davomiy ravishda bildirib kelishgan.

Faolning himoyachisi, do‘stlari va hamkasblari esa, unga surilgan barcha ayblovlarning "to‘qima" ekanini ta‘kidlab kelishgan.

Qator xalqaro va mahalliy inson haqlarini himoya etish tashkilotlari ham O‘ktam Pardayevning hibsga olinishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning huquqbonlik faoliyati bilan bog‘lashgandi.

Orada "Xyuman Rayts Votch", Norvegiya Helsinki qo‘mitasi kabi qator xalqaro tashkilotlar xos bayonotlar bilan chiqib, jizzaxlik faolning zudlik bilan ozod etilishi talab qilishgandi.

Fergana.ru internet nashrining o‘zi imkonli bo‘lgan ayrim ma‘lumotlarga tayanib xabar berishicha, ozod etisharkan, O‘ktam Pardayevga uch yilgacha inson huquqlarini himoya etish faoliyati bilan shug‘ullanishi ma‘n etilgani ham aytilgan.

Ammo, xuddi shu o‘rinda nashrning yozishicha, bu kabi taqiqning yozma nusxasi va uning nimaga asoslanganiga oid biror-bir izohni, hozircha, qo‘lga kiritishga imkonli bo‘lishmagan.

Mahkama zalida ozod qilingan aytilgan O‘ktam Pardayev ham, halicha, bu xususda biror bir munosabat bildirmagan.

37 yoshli inson huquqlari faoli Jizzax viloyatidagi poraxo‘rlik hollarini fosh qilgan, paxta dalalaridagi bolalar va kattalarning majburiy mehnati bo‘yicha kuzatuv olib borgan.

U oxirgi oylarda mahalliy hokimiyat tomonidan bosim oshgani va o‘zi muntazam ravishda kuzatilayotganini bildirgandi.

Avvalroq uning ukasi Sharof Pardayev BBC bilan suhbatida akasi huquqbonligi uchun hokimiyatdagilar "qahri"ga uchraganini aytgandi.

O‘ktam Pardayev 2012 yilda ham hibsga olingan va 15 sutkadan keyin qo‘yib yuborilgan.

U 2006 yildan buyon O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil jamiyatining Jizzax viloyati bo‘limi raisi bo‘lib ishlab kelgan.

Hibsga olinishidan birmuncha avval O‘ktam Pardayevning xorijga chiqish vizasiga oid so‘rovi rad etilgan va faol mutasaddi idoralar ustidan shikoyat qilib, rasman mahkamaga murojaat etgani ham xabar qilingandi.

O‘ktam Pardayev O‘zbekistondagi faoliyat yuritishiga to‘sqinlik ko‘rsatiladigan kam sonli inson huquqlari himoyachilaridan biridir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq