Qozog‘istonda parlament yana tarqatiladimi?

Image copyright parlam.kz

Qozog‘iston parlamenti quyi palatasi deputatlari Prezident Nursulton Nazarboyevdan parlamentni tarqatib yuborish va yana muddatdan tashqari saylov o‘tkazishni so‘rashgan.

Quyi palata - Majilisning prezidentga murojaatini Senat ham qo‘llab-quvvatlab chiqqan.

Qozog‘iston parlamenti a‘zolariga ko‘ra, hozirgi paytda og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga kelgan va mushkul davrdan muvaffaqiyatli o‘tib olish uchun Prezident Nazarboyev belgilab bergan islohotlarni hayotga tatbiq etish lozim.

Majilisning 13 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida deputatlarning Prezident Nazarboyevga murojaati o‘qib eshittirilgan.

Murojaatda aytilishicha, Majilis o‘zining tarixiy vazifasini ado etib bo‘lipti.

Va islohotlarni ko‘ngildagidek bajarish uchun "partiyalar saylovchilarning yangi mandatini qo‘lga kiritishlari muhim".

Qozog‘istonning bundan oldingi parlament saylovi 2012 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan, u saylov ham muddatidan oldin tashkillashtirilgan edi.

2011 yil noyabrida Prezident Nazarboyev Majilisni tarqatib yuborgan edi.

O‘shanda muddatdan oldingi saylov o‘tkazilishiga jahondagi iqtisodiy inqiroz sabab qilib ko‘rsatilgan, bunday sharoitda kamida ikki siyosiy partiyadan iborat parlamentni shakllantirish maqsadga muvofiq, degan qarorga kelingani aytilgan.

Qozog‘iston qonunchiligiga binoan, mamlakat prezidenti parlament ikki palatasi rahbarlari va bosh vazir bilan maslahatlashuvdan keyin parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega.

Parlament vakolatini muddatidan oldin tugatish qarori qabul qilingan paytda keyingi saylov muddati ham e‘lon etilishi lozim, bu muddat ikki oydan uzoq bo‘lmasligi talab etiladi.

Qozog‘iston Majilisining vakolati qonun bo‘yicha 2016 yil kuzida nihoyasiga yetishi ko‘zda tutilgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq