Rossiyada o‘zbek muhojirlari soni 1 millionga qisqargan

Rossiya Federal Migratsiya xizmati ma‘lumotlariga ko‘ra, bu mamlakat hududida yashab ishlash huquqiga ega bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning soni 1 million 800 mingdan ziyodni tashkil etgan.

Migratsiya xizmati 2016 yilning 12 yanvarigacha yig‘ilgan Rossiya hududida bo‘lib turishi qonuniy hisoblangan xorijiy mamlakatlar fuqarolarining rasmiy statistik ma‘lumotini e‘lon qilgan.

Ushbu ma‘lumotga tayaniladigan bo‘lsa, Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlar soni 1 millionga kamaygan.

Bundan oldin Rossiya Federal Migratsiya xizmati legal o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining sonini 2 million 800 ming deb e‘lon qilgandi, demakki, Rossiya duch kelgan iqtisodiy inqiroz kamida bir million O‘zbekiston fuqarosini vatanga qaytishga yoki boshqa mamlakatda pul topishga majbur etgan.

12 yanvargacha bo‘lgan ma‘lumotda Rossiyada qonunan bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosining soni 1 million 802707 ni tashkil etgani ko‘rinadi.

Shundan 1 453021 nafari erkak, 349686 nafari ayol.

Image copyright RIA Novosti

Nolegal bo‘lib Rossiyada pul topib yurgan o‘zbekistonliklarning sonini hech kim aniq aytolmaydi.

Ukrainaga nisbatan siyosati, Qrimni anneksiya qilib olgani bois Rossiyaga nisbatan sanktsiyalar joriy etilishidan oldin iqtisodiy tahlilchilar bu mamlakatda kamida 4-5 million o‘zbekistonlik ishlab vatandagi oilasini boqib yurganini aytishardi.

2014 yil oxirlaridan Rossiyada ishlab topgan puli o‘zbekistonliklar uchun daromadli bo‘lmay qoldi.

Qurilishlar to‘xtab, AQSh dollarining kursi ko‘tarilgani O‘zbekistonga yuborib turiladigan pul jo‘natmalari qariyb 3 baravar kamayishiga olib keldi.

Hozircha 2015 yilning 12 oyi bo‘yicha hisob-kitoblar yakuniga yetkazilgani yo‘q, biroq Rossiya Markaziy bankining ma‘lumotlariga ko‘ra, 2015 yilning 9 oyi mobaynida o‘zbekistonliklar oilasiga 700 million dollar yuborganlar.

2014 yilning uch choragida esa 2 milliard dollar jo‘natilgan edi.

O‘zbekiston Rossiya yetakchiligidagi ittifoqlarga ro‘yxushlik ko‘rsatmaydi, shu bois o‘zbekistonliklarning Rossiyada ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lish jarayoni mushkullashgan.

2015 yil avgustidan Qirg‘iziston Ovrosiyo Iqtisodiy hamjamiyatiga a‘zo bo‘lib kirganidan keyin qirg‘izistonliklardan Rossiya hududida ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lish talab qilinmaydigan bo‘ldi.

Image copyright Getty

Shu manzarada Rossiyaga ishlash uchun borgan Qirg‘iziston fuqarolari soni bir oyda 4,1 foiz oshgani kuzatilgan.

Federal Migratsiya xizmati so‘nggi ma‘lumotlariga ko‘ra, Rossiyadagi Qirg‘iziston fuqarolarining soni 553910 kishini tashkil etgan.

Rossiyadagi tojikistonliklarning soni esa 862321 kishini etadi.

Qirg‘iziston va tojikistonlik mehnat muhojirlarining sonini qo‘shib hisoblaganda ham O‘zbekiston fuqarolaridan kam chiqadi.

O‘zbekiston hukumati shuncha ko‘p sondagi fuqarolari chetdan ishlab pul topishga majbur bo‘lganini o‘zining iqtisodiy siyosati muvaffaqiyatsizligi ekanini tan olmaydi.

Migrantlarni "boriga shukr qilishni xohlamagan" odamlar yoki Prezident Karimov ta‘biricha, "dangasa" deb ta‘riflash ma‘qul ko‘riladi.

Ammo muhojirlar O‘zbekistonga yuborib turgan pullar hosil qilgan ko‘rsatkichlarni iqtisodiy o‘sishning natijalari deb taqdim etib kelinadi.

Har yili e‘lon qilinadigan 1 million yangi ish o‘rni haqidagi bayonotlar esa istehzo bilan qabul qilinadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq