Rahmon o‘ziga merosxo‘r tayyorlamoqdami?

Image caption Tahlilchilarga ko‘ra, konstitutsiya 28 yoshli Rustam Rahmon uchun o‘zgartirilayotgan bo‘lishi mumkin

Tojikistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Prezident Rahmonning iqtidordagi Xalq-demokratik partiyasi mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgarishlar loyihasini taqdim etishi kutilmoqda.

"Aziya-Plyus" agentligining parlamentdagi manba‘siga ko‘ra, asosiy o‘zgarish prezidentlikka nomzodning yoshiga qo‘yilgan cheklov bilan bog‘liq.

Umumxalq referendumiga qo‘yish rejalanayotgan loyihada prezidentlikka nomzodning yoshi hozirgi 35 dan 30 ga tushirilishi kutiladi.

Shuningdek, konstitutsiyaning siyosiy partiyalar tuzishga doir 28-bandi ham o‘zgartirilishi, ushbu moddadan fuqarolarning diniy mohiyatga ega siyosiy partiya tuzish huquqi istisno qilinishi mumkin.

Yangi tahrirdagi konstitutsiya Tojikistondagi prezidentlik boshqaruvini ham qonuniylashtirishi aytilmoqda.

Mamlakatda prezidentlik boshqaruvi hukmron, ammo ayni holat joriy konstitutsiyada rasman qayd etilmagan.

Tojikistonda kelgusi prezidentlik saylovlari 2020 yilda bo‘lib o‘tadi.

Joriy Prezident Imomali Rahmon Tojikistonni 1992 yildan buyon boshqarib keladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, o‘zgarishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Prezident Imomali Rahmonning o‘g‘li Rustam Rahmonning hokimiyatga kelishi uchun zamin yaratish bo‘lishi mumkin.

1987 yilda tug‘ilgan Rustam Rahmon 2020 yilda 33 yoshga to‘ladi.

U o‘tgan yil martida prezident farmoni bilan Davlat moliya nazorati va korruptsiyaga qarshi kurash agentligi rahbarligiga tayinlangan.

Bunga qadar kichik Rahmon Tojikiston hukumati qoshidagi Bojxona xizmati boshlig‘i bo‘lgan.

U mamlakat Futbol federatsiyasi raisi hamdir.

O‘tgan yili Tojikiston Markaziy Osiyodagi yagona islomiy partiyaning faoliyatini taqiqlagan.

Hukumat Islom Uyg‘onish partiyasi va uning rahbarini terrorchilikda ayblagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyoning yakka shaxslar hukmron aksariyat davlatlarida siyosiy merosxo‘rlik masalasi beqarorlik omillaridan biri sanaladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio