Bojxona: 50 ming diniy adabiyot ushlab qolindi

Image copyright customs.uz

O‘zbekiston rasmiylariga ko‘ra, mamlakatga xorijdan estremistik mazmundagi adabiyotlarni olib kirishga urinish hollari ko‘paygan.

Davlat Bojxona qo‘mitasining ma‘lum qilishicha, 2015 yilda 50 mingga yaqin media va matbaa mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Xabarda aytilishicha, hozirda taqiqlangan adabiyotlarni olib kirishga urinish bilan bog‘liq bir necha holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Bojxona qo‘mitasining qayd etishicha, avvallari taqiqlangan adabiyotlar asosan matbaa mahsulotlari ko‘rinishida bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda foto va videomateriallarni mobil telefonlari, noutbuk va turli xotira qurilmalari orqali olib kirishga urinish holatlar ko‘paygan.

So‘nggi paytlarda Rossiya yoki Qozog‘istondan qaytayotgan mehnat muhojirlarini mobil telefonlaridan ekstremistik mazmundagi audio va video fayllar topilgani uchun qo‘lga olingani haqida xabarlar olingan.

Aksariyat hollarda mobil telefon egalari bu materiallarning O‘zbekistonda taqiqlanganidan bexabar bo‘ladilar.

Fozil qori taqiqlanganmi?

O‘zbekistonda diniy adabiyotlarni chop etish va tarqatish davlat tomonidan qattiq nazorat qilinadi.

2014 yilda "Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi maxsus qaror qabul qilingan.

So‘nggi paytlarda hatto mamlakatda taqiqlanmagan diniy ulamolarning ma‘ruzalarini eshitgani uchun ham fuqarolarni chegarada ushlab qolish hollari borasida xabarlar olingan.

Jumladan, mahalliy matbuot 2014 yil martida Surxondaryoning "Ayritom" (Hayraton) chegara bojxona maskanida Afg‘onistondan qaytayotgan o‘zbekistonlik fuqaroning qo‘l telefonidan Fozil qorining ma‘ruzalari yozilgan audiofayllar topilgani haqida yozgan.

Termiz shahrida chop etiluvchi "Xalq yo‘li" gazetasining xabarida aytilishicha, Afg‘onistondan qaytayotgan shaxs qo‘l telefonidagi audiofayllarning O‘zbekiston hududida taqiqlanganidan xabari yo‘qligini aytgan.

Ammo shunga qaramasdan mahkama uni eng kam ish haqining 5 barobari miqdorida jarimaga tortgan.

Fozil qori nomi bilan tanilgan Fozil qori Sobirovning ma‘ruzalari xalq orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib kelgan.

Diniy idora mulozimlari 2009 yilda vafot etgan ulamoning ma‘ruzalari O‘zbekistonda taqiqlanmaganini aytishgan.

Fozil qori Sobirovning o‘zi bir muddat O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga rahbarlik qilgan.

Davlat Bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, diniy adabiyotlarni olib kelish, sotish va tarqatish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsati bilan amalga oshiriladi.

Inson haqlari himoyachilari o‘tmishda diniy qo‘mita ekspertlarining xulosalari asosida chiqarilgan ko‘pgina mahkama hukmlarini qoralashgan.

So‘nggi paytlarda IShID tahdidi bois O‘zbekistonda hibsga olishlar va xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

O‘tgan yili poytaxt Toshkent va boshqa shaharlardagi amaliyotlar chog‘ida 100 dan ortiq kishining IShIDga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingani xabar qilingan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Prezident Karimov hukumatini diniy ekstremizm tahdididan siyosiy repressiyalarni oqlash yo‘lida foydalanishda ayblab keladilar.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio