"Tangri meni bitta qobirg‘adan ozod etdi..."

Abduvohid Hayit 1993 yilda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi.

QOBIRG‘A

Tangri meni

Bitta qobirg‘adan mahrum etdi

Ofarinishning nurli bir kuni.

Ko‘ngil kulbasidan ochdi bir tuynuk,

Bir nur yetishdi dil shabistoniga,

Ruhim titratmaga tushdi bu yeldan,

Bir nasim keldi bu ilohiy yo‘ldan,

Bir ohang taraldi ilohiy — hijron.

Tangri meni

Bitta qobirg‘adan mahrum etdi.

Tunlar tushlarimga kirar qobirg‘am:

Yeru ko‘kni tutar oppoq so‘ngaklar...

Mening ilk motamim: daydi it kabi

Zaminda kezindim so‘ngak axtarib.

G‘arib shuurimni yoritdi bir o‘y:

Oppoq so‘ngaklardan yaralgan olam!..

Tangri meni

Bitta qobirg‘adan judo etdi.

Judolik ayyomi qo‘msayman har kun:

Oh, qani suyukli mening qobirg‘am?..

Tunlari quchaman qobirg‘alarim,

Shunday suyamanki qobirg‘alarim —

Zanji qul zanjirin suygani kabi.

Ingrayman: suyukli qobirg‘am qayda?!

Tangri meni

Bitta qobirg‘adan ozod etdi.

Ko‘ksim qafasida tug‘ildi bir oh.

Bo‘g‘ildi, o‘t qo‘ydi o‘z qafasiga.

O‘tki, cho‘g‘ bo‘ldilar qobirg‘alarim.

Dedi bir bandidan qutulgan qulday:

Meni ozod eting qobirg‘alardan,

Ozod eting meni qobirg‘alardan!..

Tangri meni

Atigi

Bitta qobirg‘adan ozod etdi

Ofarinishning nurli bir kuni.

Image copyright x.f

Ijodingizni BBCUZBEK bilan baham ko‘ring!

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz -http://bbc.in/1JM4vZ4yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/201N1vN)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq