"O‘zbekiston tomoni juda aqlli amalga qo‘l urdi"

Shveytsariyada nashr etiladigan L'Hebdo nashri "Dada Karimov o‘z malikasining o‘ljasini qaytarib olmoqchi" deb sarlavha qo‘yilgan maqola e‘lon qilgan.

Maqolada yozilishicha, O‘zbek rasmiylari Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga aloqador deb ko‘rilayotgan va xorijda muzlatilgan yirik miqdordagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida jadal kampaniya boshlaganlar.

O‘zbek rasmiylariga ko‘ra, O‘zbekiston yirik korruptsion sxemaning qurboni bo‘lgan va hozirga kelib moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlar allaqachon jazoga tortilgan. Shuning uchun ham AQSh rasmiylaridan muzlatilgan mol-mulkni O‘zbekiston davlati ixtiyoriga berish so‘ralgan.

L'Hebdo nashri jurnalisti François Pilet o‘zining so‘nggi jurnalistik tadqiqoti natijalari haqida BBCga quyidagilarni aytib berdi:

François Pilet: Gap 1 milliardan ortiq AQSh dollari haqida ketmoqda. Hatto Shveytsariya andozalariga muvofiq korruptsion sxemalar orasida O‘zbekiston ishi juda yirik sanaladi. Buning miqyosini Fillipinning Markosi va Nigeriyaning Abachasi bilan bog‘liq korruptsion janjallarga taqqoslash mumkin. Ikki yarim yil mobaynida biror jiddiy voqea bo‘lgani yo‘q, hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. O‘zbek hukumati mazkur muddat ichida o‘z harakatlarini oshkor qilmadi. Bizga pulni qaytarib beringlar, deya hech kim murojaat qilgani yo‘q. Yagona narsa - bu Gulnora Karimovaning O‘zbekistonga borgach, g‘oyib bo‘lgani, xolos. Tahminan ikki yildan so‘ng, O‘zbekiston hukumati bir necha hafta oldin muzlatilgan pulni mamlakatga qaytarish tashabbusi bilan chiqdi. Dekabr o‘rtalarida O‘zbek tomoni AQShda joylashgan Nyu-York Distrikt hakamiga O‘zbekiston Adliya vaziri nomidan maktub yuborgan. Maktubda chet el banklarida AQSh hukumati tomonidan muzlatib qo‘yilgan qariyb 500 million dollar O‘zbekistonga tegishli ekani aytiladi. Maktubdan O‘zbek fuqarolari jinoiy ishga qo‘l urganlar va O‘zbekiston mazkur jinoyatchilikning bevosita qurboniga aylangan, degan ma‘no kelib chiqadi. O‘zbek rasmiylari Nyu-York mahkamasidan pullarni o‘zlariga qaytarishni so‘radilar. Shveytsariyada saqlanayotgan boshqa 500 million dollarlik mablag‘ masalasiga kelsak, O‘zbek tomoni shu vaqtga qadar o‘xshash maktub bilan murojaat qilgani yo‘q. Men o‘tkazgan tadqiqot natijasida Shveytsariya mulozimlaridan buni tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldim. O‘ylaymanki, yaqin o‘tmishdagi mantiqqa binoan O‘zbek tomoni Shveytsariyaga ham xuddi shunday murojaat bilan chiqadi.

BBC: Amerika tomoniga qilgan murojaatida, O‘zbek rasmiylari maqsadga erishish uchun qanday dallilarni keltirishmoqda?

François Pilet: O‘zbek mulozimlarining aytishicha, pullarni qaytarish jarayonida ular AQSh hukumatidan ko‘ra ko‘proq manfaatdor. Amerika hukumati AQSh hududida faoliyat yuritayotgan moliya birjalarida savdo qilgan telekommunikatsiya shirkatlari korruptsion pul o‘tkazmalariga aralashgan deb biladi. Aynan shu holat Amerika rasmiylariga pullarni erkin muomaladan chiqarib, muzlatib qo‘yishga huquq berdi. Biroq bu pullarni ular shu paytgacha aniq jinoyatga bog‘lay olganlari yo‘q. O‘zbek rasmiylarining aytishlaricha, bir necha O‘zbekiston fuqarosining jinoiy harakatlarga qo‘l urgani oqibatida butun mamlakat zarar ko‘rgan. O‘zbek tomoni mazkur jinoyatchilik yuzidan tergov olib borgani, jinoiy guruh a‘zolarini mahkamaga tortib, O‘zbekiston zaminida ularni hukm etib, jazoga tortganini aytmoqda. Ya‘ni, bularning bari O‘zbekistonga tegishli va bu "o‘zbek ishi"dir, deyishmoqchi. Va bundan: "Pullar bizniki, demak bizga qaytarib berilishi shart" degan ma‘no kelib chiqadi.

BBC: Siz olib borgan jurnalistik tadqiqot chog‘ida O‘zbek rasmiylari yollagan amerikalik bir yuridik shirkatning Nyu-York mahkamasiga yozgan xatiga ham asoslanib maqola yozgansiz. Xatda amerikalik advokatlar o‘zbek tomonining manfaatlarini vakil sifatida namoyon etayotganlarini yozishgan. Bu xat biror bir natija berdimi?

François Pilet: Eng qiziq tomoni shuki, AQSh adliya tizimi vakillari Shveytsariya tergovchilaridan ko‘ra jadalroq ish tutmoqdalar. Ikki yarim yil ichida shveytsariyaliklar hech narsa qilgani yo‘q. Shuning uchun Nyu-York hakami 7 yanvar kunini mo‘ljallab, O‘zbek tomonidan biror javob kelmasa, "defolt qaror" qabul qilib, pullarni Amerikada qoldirishni ko‘zlagan hukm chiqarmoqchi bo‘lgan. O‘zbekiston buning oldini olish uchun 4 yanvar kuni Holwell Shuster&Goldberg nomli amerikalik shirkat orqali arz qilgan. Ya‘ni, O‘zbek tomoni qo‘shimcha vaqt so‘ragan. 7 yanvar kunidagi mahkama qaroriga binoan, O‘zbek tomoniga bir necha hafta vaqt berilgan. Bu degani, o‘z dallilarini va faktlarini tayyorlash uchun O‘zbek rasmiylari ma‘lum muddatni qo‘lga kiritganlar. O‘zbek rasmiylari, AQShda nufuzli deb sanalgan tajribali yuridik shirkatni ishga solishgan. Ular qonuniy yo‘llar orqali va Amerika qonunlarini ishga solib, o‘z manfaatlariga erishishga harakat qilmoqdalar. Boshqa diplomatik yo‘llarni ishga solgan yoki solmaganlari haqida menda ma‘lumot yo‘q.

BBC: O‘zbekiston hukumati bu ishni yutib chiqa oladimi? Ya‘ni, pullarni oxir-oqibat qaytarib ololadimi?

François Pilet: Buni aytish qiyin, O‘zbekiston tomoni juda aqlli amalga qo‘l urdi, "biz jinoyatchilikni fosh etdik, o‘zbek xalqidan pullarni o‘g‘irlagan jinoyatchilarni qamadik va hokazo... Shuning uchun pullar mamlakatga qaytarilishi lozim". Ya‘ni, katta mahorat bilan olib borgan mantiqiy dalillarni keltiryapti, deb aytgan bo‘lardim. Biroq AQSh va Shveytsariya hukumatlari juda noqulay ahvolga tushib qolganlar. Chunki agar qaror O‘zbekiston foydasiga chiqarilsa, ular pullarni korruptsiyaga botgan deb sanalgan mamlakatga qaytarib berishlari lozim bo‘ladi. Bu esa ular uchun qabul qilib bo‘lmaydigan amal deb ko‘rilmoqda.

BBC: O‘zbek tomoni xatida Gulnora Karimova umuman tilga olinmagan, Amerika mahkamasining so‘nggi hujjatlarida esa, uning ismi bir necha marta ochiq qayd etilgan. Bu nima bilan bog‘liq?

François Pilet: Gap shundaki, O‘zbekiston hukumati mazkur firibgarlik yoki o‘g‘rilik jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilganini isbotlashga harakat qilmoqda. Ularni qaroqchilar, banditlar deb atab, ular ulkan mablag‘ni davlat zaxiralaridan o‘g‘irlaganlarini ko‘rsatmoqchi. Bunday iddaolarga javoban AQSh hukumati Shveytsariya hukumati bilan birga aytishlaricha, yirik miqdordagi korruptsiya ayrim jinoyatchilar yoki bir-ikkita tadbirkor tomonidan uyushtirilgan emas, bularning bari amalga oshirilganiga yagona sabab - prezident qizining aralashgani bo‘lgan. Shuning uchun G‘arb tergovchilari Gulnora Karimovaning aralashganini isbotlashga urinmoqdalar, ular muzlatilgan mablag‘larni jinoiy sxemani tashkillashtirgan deb gumon qilinayotgan shaxsga qaytarib berolmaymiz deb aytishmoqda. Aynan shuni nazarda tutgan O‘zbekiston hukumati o‘zboshimcha ish tutgan bir nechta shaxsdan iborat guruh degan nazariyani oldinga surmoqda. Gulnora Karimova mazkur jinoiy harakatlarga qo‘l urganini isbotlash qiyin, chunki u biror-bir iz yoki bank hujjatlarida imzo qoldirmagan. Lekin, bir necha shaxsning hech qanday dastaksiz xorijiy shirkatlardan bir milliardan oshiq pullarni musodara qilishga qodir bo‘lganlari haqidagi iddaolarga katta shubha bilan qarash kerak.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq