IShID: "Jakartadagi hujumga ham biz mas‘ulmiz"

Image copyright AFP

Dunyoning eng yirik musulmon davlati poytaxtidagi muvofiqlashtirilgan hujumlar kecha payshanba kuni yuz bergan va ikki kishining umriga zomin bo‘lgandi.

Oralarida xorijiy fuqarolar ham bo‘lgan o‘nlab kishilar esa, turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olishgandi.

Hujumlardan kun o‘tib, Indoneziya politsiyasining bildirishicha, besh jangaridan to‘rt nafarining shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘lishgan.

Ularga ko‘ra, hujumchilardan ikki nafari o‘zlariga yaxshi tanish, bundan avval sudlangan jinoyatchi shaxslardir.

Hujumlar chog‘ida jangarilarning barchasi halok bo‘lgan, ikki nafari o‘zini portlatib yuborgandi.

Mahalliy politsiya mas‘ullariga ko‘ra, hozir ushbu hujumlar ortidan turgan terrorchi guruhlarning ortidan tushishgan.

Ular hujumlarning asosiy muvofiqlashtiruvchisi, deb o‘z fuqarolari bo‘lgan Bahrom Naim ismli shaxsining ismini tilga olishmoqda.

Politsiya mulozimlarining nazdlarida Naim Janubiy-Sharqiy Osiyodagi IShID guruhini dastaklovchi barcha jangari tashkilotlarni birlashtirish niyatida bo‘lgan.

Image copyright Reuters

Mas‘ullarga ko‘ra, Bahrom Naimning o‘zi mamlakatning Sulavesi orolida asos solingan Sharqiy Indoneziya Mujohiddin Guruhining a‘zosidir.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhining o‘z bayonotida aytishicha, o‘zlariga qarshi jang olib borayotgan xalqaro koalitsiyaga a‘zo davlat sifatida Indoneziyani nishonga olishgan.

Politsiya mas‘ullariga ko‘ra, bunday to‘xtamga kelishlariga o‘tgan yil oxirida yuz bergan voqea asos bergan.

Ularning aytishlaricha, o‘shanda IShID guruhining fitnasini fosh etishgan, bir qancha kishini hibsga olishgan va qo‘lga olinganlardan biri Bahrom Naimning buyrug‘ini bajarayotgani ma‘lum bo‘lgan.

Indoneziya bundan avval ham turli islomiy jangari guruhlarining qonli hujumlariga sahna bo‘lgan, ammo bu galgisi IShID guruhi rasman mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib chiqqan birinchi hujum bo‘ladi.

Yaqin Sharqdagi IShID guruhi so‘nggi yillarda bir necha bor Indoneziyada hujum uyushtirish rejasida ekaniga oid ogohlik bilan chiqqan, buning ortidan mas‘ullar favqulodda choralar ko‘rishga ham majbur bo‘lishgandi.

Ammo poytaxt Jakartadagi muvofiqlashtirilgan hujumlar butun mamlakat favqulodda hushyorlik holatida bo‘lgan bir manzarada amalga oshirilgan.

IShID va Janubiy-Sharqiy Osiyo

Image copyright AP

O‘tgan yili birvarakayiga mintaqadagi uch yirik musulmon davlati: Indoneziya, Malayziya va Singapur o‘z fuqarolarini jihodchi guruhlarning hujumlari xavfidan ogohlantirib chiqishgandi.

O‘tgan yil noyabr oyida Malayziya politsiyasining matbuotga chiqib ketgan ayrim ma‘lumotlari esa, katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi.

Hujjat tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, IShID va boshqa mahalliy jihodchi guruhlar Suriya, Iroq va Afg‘onistonda harbiy tayorgarlikdan o‘tgan xudkush hujumchilarni Malayziyaga tashlash borasida kelishib olishgan.

Shu paytgacha Janubiy-Sharqiy Osiyodagi o‘ttizga yaqin jangari guruhning rasman IShIDga bay‘at keltirganliklari ishoniladi.

Qo‘shni malayziyalik mas‘ullar esa, "Abu Sayyof" kabi eng zo‘ravonlari doxil bu kabi guruhlar IShID bayrog‘i ostida birlashish niyatida, degan xavotirdalar.

Joriy paytda Suriya va Iroqda jang qilayotgan Indoneziya va malayziyaliklarning soni 1.000 nafar atrofida ekani ishoniladi.

Image copyright AP

O‘tgan yildan boshlab, Yaqin Sharqdgi IShID guruhi ham Janubiy-Sharqiy Osiyoning bu ikki davlatida o‘zlarining targ‘ibot amaliyotlarini kuchaytirgan.

Odamlarni o‘z saflariga yollashga dav‘at etishdan tashqari, hujum uyushtirishga ham undashga tushgan.

Orada ham Indoneziya va ham Malayziyada kelib chiqishlari Suriya, Iroq va turkiyalik bo‘lgan xorijlik jangarilar ham borligi ma‘lum bo‘lgan, ulardan ayrimlari terrorchilik hujumi uyushtirish rejasida bo‘lganlik gumoni bilan hibsga ham olinishgan.

Mintaqaning murakkab jo‘g‘rofiy joylashuvi esa, bu davlatlar hukumatlarini o‘z chegaralarini yaxshiroq qo‘riqlash, jangari guruhlarning o‘zaro harakatlanishlarining oldini olish imkoniyatidan mosuvo etgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq