Tojikiston: "Bir o‘q bilan... uch quyonmi?.."

Image caption Ota-bola

Tojikiston parlamenti "millat rahnamosi" maqomi berilgan prezident Rahmonni amalda "umrbod prezidentligini" ham kafolat qo‘yish harakatiga tushgan.

Qonunan prezidentlik uchun ikki bor saylanish sharti faqat "millat rahnamosi" bo‘lgan Rahmonni chetlab o‘tadi.

Tojikistondan tashqari, Qozog‘iston va qo‘shni O‘zbekistonda ham prezidentlar qonunlarni o‘zlariga moslashtirgan holda qudratni saqlab qolishmoqda.

Tojikiston o‘z konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar loyihasini hali oshkora e‘lon etganicha yo‘q, ammo aftida bu "islohotlar" borasida referendum ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni loyihada prezidentlikka nomzodning yoshi hozirgi 35 dan 30 ga tushirilishi kutiladi. Shuningdek, konstitutsiyaning siyosiy partiyalar tuzishga doir 28-bandi ham o‘zgartirilishi, ushbu moddadan fuqarolarning diniy mohiyatga ega siyosiy partiya tuzish huquqi istisno qilinishi mumkin.

Bir o‘q bilan...uch quyonmi?

Image copyright none
Image caption Islom Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiriy

Ehtimoliy referendumning natijalari Tojikiston hukumatining ko‘nglidagiday bo‘lishiga hech kim shubha qilmaydi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Rahmon va uning oilasi hamda tarafdorlari, ta‘bir joiz bo‘lsa, bir o‘q bilan ikkita emas, uchta quyonni urishadi.

Birinchisi, 2020 yilga kelib 68 yoshga yetadigan Imomali Rahmon "millat rahnamosi" o‘laroq, prezidentlik saylovida yana bir bor o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin.

Ikkinchisi, mabodo "issiq jon" deganlariday, Imomali Rahmonning salomatligi ko‘tarmasa, unda uning o‘g‘li Rustam Rahmon prezidentlikka da‘vogar qilishi mumkin, chunki davlat rahbarligining eng kichik yoshini 35 dan, 30 ga tushirish rejalanmoqda.

Uchinchi o‘q esa amalda allaqachon "otilgan" va nishon Islom Uyg‘onish partiyasidir.

Ayni partiya mamlakatda "terrorchi" deb tan olingan va faoliyati rasman taqiqlanadi.

Ammo Konstitutsiyaga kiritilajak yangi o‘zgarishlarda "diniy partiyalar faoliyati taqiqlanadi" qabilida yangi modda bo‘lishi mumkin.

Bu esa, kuzatuvchilarga ko‘ra, Imomali Rahmon qudratiga jiddiy xavf solib kelayotgan asosiy muxolifat partiyasining qayta bosh ko‘tarishiga qonuniy to‘siq bo‘ladi.

Xalq nima deydi?

Image copyright president.tj
Image caption Umra ziyoratida

Payg‘ambar yoshiga yetgan va yaqindagina Umra ziyoratini butun Tojikistonga ko‘z-ko‘z qilib ado etgan Imomali Rahmon 1992 yildan beri qudratda qolmoqda.

U prezident saylovlarida to‘rt marta, ketma-ket ishtirok etgan.

"Tojikistonliklar uchun kim qudratga kelishining farqi yo‘q, muhimi tinchlik bo‘lsa bas. Bu gal referendum va yoki saylovlarni soxtalashtirishga ham ehtiyoj bo‘lmaydi. Aksariyat aholi siyosatga qiziqmaydi.Fuqarolar urushi hamon odamlarning yodida... Tojikistonliklarga urush bo‘lmasin, qolgani muhim emas", deydi siyosatshunos Parviz Mullajonov.

"Imomali turavergani yaxshi tepada...Yangisi baribir ochroq bo‘ladi, to u to‘yganicha xalq yana eziladi", deydi Rossiyada ishlaydigan tojikistonlik muhojirlardan biri.

Tojikiston va qo‘shni O‘zbekistonda ham hukumatlar xalqning sabri va tinchliksevarligini o‘zlariga nisbatan bildirilgan ishonch deb qabul qilishadi.

Ayni yanglish qarash Dushanbe va Toshkent uchun xos bir ko‘rinishdir, deydi kuzatuvchilar.

Ammo bu davlatlardagi ishsizlik, keng quloch yoygan poraxo‘rlik, qashshoqlik va kuch ishlatar tizimlarining bedodligi avvaliga turfa radikal unsurlarning paydo bo‘lishiga xizmat qilgan bo‘lsa, endilikda bu guruhlarning kuchayib borayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Yaqinda xalqaro Inqiroz guruhi ham Tojikistondagi vaziyatdan o‘z xavotirlarini izhor etgandi.

"Prezident Imomali Rahmonning 23 yillik boshqaruvi davrida Tojikiston zo‘ravonlik, beboshlik, korruptsiya va ommaviy muhojirotga yuz tutdi" - yozadi xalqaro Inqiroz Guruhi o‘zining so‘nggi hisobotida.

"Diniy va siyosiy muxolifatni nazoratga olish va Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasini taqiqlash norozliklarga yetaklamoqda", deyiladi ushbu hisobotda.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq