Tojikiston xavotirda

Rasmiy Dushanbe xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlari bois, qo‘shni Afg‘oniston shimolidagi ikki konsulligini vaqtinchalik yopishga qaror qildi.

Tojikiston mustaqilligi bilan kechgan chorak asr davomida tojik hukumati hech qachon bu kabi qadamga bormagan.

Poytaxt Dushanbedagi yetakchi mahalliy jurnalistlardan biri Iskandar Firuzning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Afg‘onistonning Badaxshon viloyati markazi Fayzobod va Qunduz shahridagi konsulliklari faoliyati har ikki davlat uchun katta ahamiyat kasb etadi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, ham Tojikiston va ham afg‘onistonliklar nazarda tutilganda, yiliga 5 mingga yaqin kishi bu ikki konsullik xizmatidan foydalanib kelishgan.

Tojikistondan shaxsiy yoki biznes maqsadida Afg‘onistonga o‘tgan fuqarolar o‘zlariga bevosita chegaradosh bu viloyatlardagi konsulliklarda rasman qayddan o‘tishgan.

Mahalliy afg‘onlar esa, faoliyati butun Afg‘oniston shimolini qamrab olgan Fayzobod va Qunduzdagi tojik konsulxonalariga Tojikistonga borish uchun viza so‘rab murojaat qilishgan.

Tojikistonlik jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha, bu ikki konsullikning faoliyati, ayniqsa, chegaraosha tijorat uchun muhim, deb ko‘rilgan.

2010 yilda asos solinarkan, tojik konsulxonalarining Afg‘oniston shimolidagi faoliyatidan asosiy maqsad ham bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aloqalarini yaxshilash bo‘lgan.

Ular – Tojikistonning Afg‘oniston shimolidagi uchta diplomatik missiyasidan ikkitasi bo‘lishgan.

Ya‘ni, tojik hukumati poytaxt Kobuldagi elchixonasidan tashqari, Afg‘onistonning shimoliy Mozori Sharif shahrida ham yana bir konsulxonasiga ega.

Fayzobod va Qunduzdagi konsulliklarini vaqtinchalik yopishga qaror qilishganini rasman ma‘lum qilgan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ularning aniq qachon qaytib ishga tushishi haqida bir gap demagan.

Dushanbedagi jurnalist Iskandar Firuzning aytishicha, vazirlik qo‘shni Afg‘onistonning bu ikki shimoliy-sharqiy viloyatidagi vaziyat barqaror bo‘lishi bilan konsulliklari xizmat ko‘rsatishni boshlashini aytish bilan kifoyalangan, xolos.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, so‘nggi yangilik o‘rtaga chiqarkan, turli ommaviy-axborot vositalarida Tojikiston tomoni bu kabi qarorga Afg‘onistonning shimoliy Mozori Sharif va sharqiy Jalolobod viloyatidagi so‘nggi yirik hujumlar ortidan borgani alohida urg‘ulangan.

Jumladan, yaqinda bir guruh jangarilar Hindistonning Mozori Sharif shahridagi konsulligini nishonga olishgan, afg‘on xavfsizlik kuchlari bilan ikki o‘rtadagi janglar uzundan-uzoq soatlarga cho‘zilgandi.

Shahar mas‘ullari bir siqimgina jangarilarni daf etish uchun ham havo va ham yerdan qo‘shimcha madad kuchlari so‘rab, murojaat etishga ham majbur bo‘lishgandi.

Boshqa tomondan, o‘tgan 2015 yilda aynan Afg‘oniston shimoli, shimoli-sharqidagi vaziyat jiddiy izdan chiqarkan, Tojikistonning Qunduzdagi konsulligi binosi yaqinida portlash yuz bergan, Badaxshondagisi yaqinida esa, qaqshatqich janglar kechgani xabar berilgandi.

Afg‘oniston Tolibon harakati esa, orada mahalliy afg‘on mas‘ullari IShID guruhi jangarilariga nisbat bergan ittifoqchilari bilan mamlakatning aynan Tojikistonga bevosita chegaradosh ayrim shahar va viloyatlarini ketma-ket bosib olishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Bu yerlarni jangarilardan tozalash uchun esa, afg‘on hukumatiga, hatto, Afg‘onistondagi xalqaro ittifoq kuchlarining ko‘magi bilan ham haftalar kerak bo‘lgandi.

O‘tgan yil oxirlarida muayyan muddatga bosib olarkan, Tojikistonga bevosita chegaradosh Qunduz viloyati markazi bo‘lgan Qunduz Afg‘onistondagi tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyon Tolibon harakati qo‘lga kiritgan eng yirik yutuq sifatida baho topgandi.

Image copyright MOI

Ammo, ta‘kidlash joiz, shundoqqina biqinlarida bo‘y ko‘rsatayotgan bu kabi vaziyatdan jiddiy xavotirda ekanliklarini oshkora va bot-bot ta‘kidlab kelishayotganiga qaramay, hozircha, Tojikistondan tashqari qolgan biror bir Markaziy Osiyo davlati bu kabi qadamga bormagan.

Faqat 2014 yilda bir guruh noqonuniy qurolli shaxslarning Afg‘onistondan o‘z hududiga bosqini ortidan, Turkmaniston ilk bor qo‘shnisi bilan o‘zaro chegarasini bir tomonlama yopishga qaror qilgandi.

Bor-yo‘g‘i bir yilning ichida Afg‘onistonning o‘zlari bilan bevosita chegaradosh hududlari xavfsizligi jiddiy izdan chiqib ulgurarkan, tojik hukumati o‘zaro chegarasini mustahkamlash uchun mamlakat mustaqilligi tarixida kuzatilmagan bir darajada chora-tadbirlarga qo‘l urgan.

Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida qo‘shimcha himoya chiziqlarini tashkil qilgan, u yerga minglab sondagi qo‘shimcha madad kuchlarini ham safarbar etgan.

O‘tgan bir yil davomida Afg‘oniston shimoli-sharqidagi vaziyatdan rasman o‘z xavotirlarini jiddiy ravishda izhor etib kelayotgan Rossiya tomoni esa, Afg‘onistondagi jangarilarning Tojikistonga bostirib kirishlari ehtimolini ham nazardan soqit etmagandi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, rasmiy Dushanbening kutilmagan qarori Afg‘onistonning Tojikiston bilan bevosita chegaradosh va o‘tgan uch oy davomida jangarilar qo‘lida bo‘lgan Darqad tumani keng ko‘lamli harbiy amaliyot ortidan, qaytib afg‘on hukumati nazorati ostiga o‘tgan bir manzarada yangramoqda.

Afg‘onistonda xorijiy davlatlarning ja‘mi 40 ga yaqin konsulligi va 59 ta elchiligi rasman faoliyat yuritadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq