Turkmanistonda politsiya bilan ommaviy mushtlashuv

Image copyright bbc

Xabarlarga ko‘ra, Go‘ro‘g‘li posyolkasida yuz bergan ommaviy mushtlashuvga politsiya xodimlarining o‘zlari sabab bo‘lishgan. Ularga uch yuzdan ortiq qishloqlik qarshi chiqishgan. Toshhovuzdan madad kuchlari ham yordamga kelgan.

Turkmanistonning o‘zidan xabar olish, yillarki, qiyin qolayotgan bir manzarada bu haqda "Xronika Turkmenistana" muxolif web-sayti xabar bergan.

Mazkur web-saytning yozishicha, ommaviy mushtlashuv yangi yil kechasi kelib chiqqan.

Har ikki tomondan odamlar yaralangan, o‘ttizga yaqin kishi hibsga olingan.

Ammo "hech kimga churq etib og‘iz ochmaslik" haqidagi yozma tilxat olinib, hibsdagilardan aksariyati bir-ikki kundan keyin qo‘yib yuborilgan, deb davom etadi "Xronika Turkmenistana" nashri.

Xabar tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lishicha, yuz bergan ommaviy mushtlashuv ortidan, tuman hokimi iste‘foga chiqarilgan.

Toshhovuz viloyat prokuraturasi tergov ishlarini boshlab yuborgan.

Turkmaniston Ichki ishlar, Milliy Xavfsizlik Xizmati va Bosh prokuraturasi vakillari esa, shu oy boshida shaxsan Go‘ro‘g‘li qishlog‘iga tashrif buyurishgan.

Muxolif internet nashrining mahalliy kuzatuvchilarga tayanib yozishicha, aholi orasida norozilik tuyg‘usi kuchayib bormoqda

Turkman hukumati esa, mamlakati to‘qnash kelib turgan biror bir jiddiy muammoni tuzuk-quruq hal etolgan emas.

Ya‘ni, mamlakatda ishsizlik darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Qishloq va shaharlardagi ijtimoiy-maishiy muammolar hanuz bartaraf etilmagan.

Sog‘liqni saqlash va maorif tizimining ahvoli yil sayin battarlashib bormoqda.

Politsiya kuchlari va yuzlab oddiy turkmanlar o‘rtasidagi ommaviy mushtlashuv esa, Turkmanistonda amalda bo‘lgan "Tinchlik va Neytralitet yili"da yuz bergan.

Tarixcha o‘rnida

Agar, "Xronika Turkmenistana" nashri keltirib o‘tgan tafsilotlarga tayanilsa, yangi yil kechasi Go‘ro‘g‘li qishlog‘i markazidagi tuman hokimlik binosiga yaqin ko‘chadan o‘tib ketayotgan bir guruh politsiya nozirlarining ko‘zi mushak otayotgan bolalarga tushadi.

Ayon bo‘lishicha, ular bolalarga shunchaki tanbeh berishning o‘rniga, ikkita yoshgina bolakayni ushlab olishadi.

Shovqin-suronga ularning ota-onalari va mehmonlari ham ko‘chaga chiqishadi.

Ikki o‘rtada janjal-suron boshlanadi va politsiya noziri ulardan biriga musht tushiradi.

Qo‘shni hovlilardan ham odamlar yordamga yetib kelishadi.

Zarba yegan qishloqdoshlarini himoya etmoqchi bo‘lishadi.

Politsiya nozirlariga ta‘na qilib, ularga tahdid qilishadi.

Boshqa ko‘chalardan ham qishloqliklar oqib kelishadi.

"Hatto, bayram kuni ham bizni tinch qo‘ymaysizlarmi, deb", politsiya nozirlari bilan mushtlashib ketishadi.

Ishga tayoqlar va toshlar ham tushadi, deb yozadi "Xronika Turkmenistana" nashri.

Qishloq aholisini jilovlay olmagan politsiya nozirlari esa, yordamga qo‘shimcha madad kuchlarini chaqirishadi.

Kech tun bo‘lgani uchun, bu askarlarning aynan qaysi kuch tizimlariga taalluqli ekanliklarini bilish mumkin bo‘lmagan, deydi nashr.

Image copyright AFP

Kech tun soat birlarga boribgina, ommaviy mushtlashuv yakun topadi.

4 yanvar kuni esa, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Go‘ro‘g‘liniki doxil 12 tuman hokimini o‘z vazifasidan ozod etgani ma‘lum bo‘ladi.

Ammo "Xronika Turkmenistana" internet nashrining yozishicha, Go‘ro‘g‘li hokimi o‘tgan yili ham paxta va ham g‘alla rejasini bajarishning uddasidan chiqqan.

U boshqarayotgan Go‘ro‘g‘li posyolkasi esa, 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha butun Turkmanistonda "eng yaxshisi", deb tan olingan.

Buning uchun $ 1 million dollar mukofot puli bilan taqdirlangan.

Shu boismi, 12 nafar tuman hokimidan faqat M.Mammedov "salomatligi bilan bog‘liq sabablar tufayli" o‘z vazifasidan ozod etilgani aytilgan.

Uning keyingi taqdiri esa, hozircha, ma‘lum emas.

Eng so‘nggida ta‘kidlash joiz, bu kabi ko‘lamdagi va ustiga ustak politsiya kuchlari ishtirokida yuz bergan mushtlashuv Turkmanistonning bu yaqin mustaqillik tarixida kuzatilmagan.

Qator xalqaro hisobotlarda esa, Turkmaniston "avtoritar rejimlar amal qiluvchi davlatlar" sirasiga kiritiladi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq