HRW: “AQSh siyosiy mahbuslar yuzasidan Toshkentga bosim o‘tkazsin”

Image copyright bbc
Image caption O‘zbekiston va AQSh

Amerika Qo‘shma Shtatlari siyosiy mahkumlarni ozod etish uchun O‘zbekistonga oshkora bosim o‘tkazishi kerak.

Ayni talab bilan Hyuman Rayt Uotch inson huquqlari tashkiloti va Markaziy Osiyoda Inson huquqlari assotsiatsiyasi chiqishgan.

19 yanvar kuni AQSh va O‘zbekiston o‘rtasida ikkitomonlama masalahat kengashi ish boshlaydi.

Bu talab ana shu uchrashuvlar oldidan yangramoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov maslahat kengashi ishi doirasida Amerika Davlat departamenti va Mudofaa vazirligining yuqori lavozimli mulozimlari bilan uchrashadi.

Amerika O‘zbekistonni IShIDga qarshi global koalitsiyasi tarkibida faolroq bo‘lishi, Afg‘onistondagi amaliyotlar va ayni masalalarda harbiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishni istaydi.

Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti yoyinlagan xabarnomaga ko‘ra, O‘zbekistondagi taniqli diniy faollardan biri Akrom Yo‘ldoshev 2010 yilda qamoqda vaqti sil kasalidan vafot etgan bo‘lishi mumkin.

Yo‘ldoshevning jazo muddati shu yil fevral oyida yakun topishi kutilayotgandi.

Ammo bugunga kelib Akrom Yo‘ldoshevning taqdiri borasida hech narsa ayon emas.

O‘zbekiston mulozimlari uning holati haqida 2009 yildan beri hech kimga hech qanday ma‘lumot berishgani yo‘q.

“Akrom Yo‘ldoshev kelasi oy ozodlikka chiqishi kerak edi, ammo bundan besh yil avval qamoqda o‘ldi va uning taqdiri yaqinlari hamda butun dunyodan sir tutilmoqda. Bu dahshatli voqeilik haqida Amerika mulozimlari ochiq va qat‘iy munosabat bildirishlari kerak”, deydi tashkilot vakili Stiv Sverdlov.

Bi-bi-si ma‘lumotlariga ko‘ra, inson huquqlari tashkilotlari va Akrom Yo‘ldoshev yaqinlarining bir necha bor qilgan talablariga qaramay, Toshkent hozirga qadar sukut saqlamoqda.

Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, qamoqda bo‘lgan shaxsning taqdiriga doir ma‘lumot bermaslik, uni majburan yo‘qotish amaliga teng va ayni amal xalqaro qonunchilikda jinoyat sanaladi. Bu jinoyat har qanday sharoitda ham taqiqlanadi.

Akrom Yo‘ldoshev haqida:

Image caption Akrom Yo‘ldoshev

Akrom Yo‘ldoshev 1999 yil 17 fevralda terrorizmda ayblanib, qo‘lga olingan va sud hukmi bilan 17 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda edi.

Keyinchalik rasmiylar 2005 yil 13 may kuni Andijonda yuz bergan isënni ham Akrom Yo‘ldoshev qamoqdan turib boshqarganini da‘vo qilishgan.

Andijon hodisalari ortidan bo‘lib o‘tgan mahkama jarayonida Akrom Yo‘ldoshev video orqali guvohlik berib, aybiga "iqror" ham bo‘lgandi.

"Akromiya" yoki xalq orasida "Akromiylar" deya tanilgan tashkilotga to‘qsoninchi yillar o‘rtalarida matematika o‘qituvchisi bo‘lgan Akrom Yo‘ldoshev asos solgan.

O‘zbekistonning Andijon viloyatida oz sonli tarafdorlariga ega bo‘lgan ushbu tashkilotning faoliyati 2005 yilda Andijonda yuz bergan qonli voqealardan keyin butkul to‘xtilgan.

Tashkilotning o‘nlab tarafdorlari uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilgan, yuzlab tarafdorlari esa xorijda boshpana topganlar.

1992 yilda Akrom Yo‘ldoshev "Iymonga Yo‘l" nomli kitobcha yozadi, unda axloq va ma‘naviyat muhokama etiladi, hamda Islomiy dunyoqarashning ustivorligi ta‘kidlanadi.

Akrom Yo‘ldoshev o‘z qarashlari bilan bir qator tarafdorlarga ega bo‘ladi.

Huquq-tartibot idoralari uning "Iymonga yo‘l" kitobida O‘zbekistonda kuch bilan Islomiy davlat qurish chaqirig‘i bor, degan xulosaga kelishgan.

Ularga ko‘ra, "Akromiylar" inson hayotidagi barcha muammolariga - hoh ijtimoiy, hoh iqtisodiy - Qur‘on va Xadisda yechim topish mumkin deb targ‘ib qiladi.

Amerika O‘zbekistonga qanchalar ta‘sir o‘tkaza oladi?

Image caption Stiv Sverdlovga ko‘ra, Vashington Toshkentga oshkora bosim o‘tkazishi kerak

Amerika-O‘zbekiston ikkitomonlama maslahat kengashi yig‘ini har yili o‘tkaziladi.

Har yil turfa inson huquqlari tashkilotlari Amerika mulozimlarini O‘zbekiston hukumatiga mamlakatdagi abgor inson huquqlari vaziyati yuzasidan bosim o‘tkazishga chaqiradi.

HRW doxil boshqa qator xalqaro va mahalliy inson huquqlari tashkilotlari ko‘ra, O‘zbekistonda 2015 yilda vaziyat o‘zgargani yo‘q.

O‘tgan yil ham O‘zbekistonda diniy-siyosiy ayblar bilan yuzlab insonlar mahkamaga tortilgani ma‘lum.

Ularning aksariyatiga noinsoniy munosabat qilingani, qiynoqqa solingani haqida xabarlar bor.

HRW tashkiloti mahkama tortilgan inson huquqlari faollari qatorida 14 kishini sanagan.

Ular orasida Azam Farmonov, Mehriniso Hamdamova, Zulxumor Hamdamova , Isroiljon Xoldorov, G‘aybullo Jalilov, Nuriddin Jumaniyozov, Matluba Komilova, G‘anixon Mamatxonov, Cho‘yan Mamatqulov, Zafarjon Rahimov, Yo‘ldosh Rasulov, Bobomurod Razzoqov, Faxriddin Tillayev va A‘zam Turg‘unovlar bor.

Solijon Abdurahmonov, Muhammad Bekjonov, G‘ayrat Mixliboyev, Yusuf Ro‘zmurodov va Dilmurod Saidov kabi jurnalistlar ham HRW tashkilotiga ko‘ra, zudlik bilan ozod etilishi kerak.

Amerika Qo‘shma Shtatlari, HRW tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston mulozimlaridan zudlik bilan va shartsiz ravishda barcha siyosiy mahbuslar, inson huquqlari faollari, jurnalistlar hamda muxolifat a‘zolarini ozod etilishini talab qilishlari kerak.

Tashkilotga ko‘ra, mamlakatda majburiy to‘xtatilishi kerak.

Shuningdek, fikr va so‘z erkinligi ta‘minlanishiga kafolat berilishi kerak.

O‘zbekiston mulozimlari tinch diniy e‘tiqodga daxl qilmasliklari lozim, deyiladi HRW yoyinlagan xabarnomada.

Ayrim faollarga ko‘ra, Amerika mintaqadagi strategik manfaatlari uchun O‘zbekistondagi inson huquqlari masalalariga ko‘z yumib kelmoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq