Pasport mashmashasi: Xalq sarson...

Shu kunlarda O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi oldida biometrik pasportsiz uylariga qayta olmayotgan yuzlab o‘zbekistonliklarning turnaqator navbatlari paydo bo‘lgan.

Bunga sabab Rossiya chegarachilarining o‘zbeklarni eski pasport bilan mamlakatdan chiqarmayotganidir.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa nobiometrik pasportlarning amal qilish muddati tugagani haqida oradan ikki hafta o‘tib, ma‘lum qilgan.

"Ijtimoiy minbar" ruknimizda pasport mashmashasi bilan bog‘liq navbatdagi mavzu qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lgan.

"Boshqalardan kam joyimiz bormi?"

Farkhod Abdurakhmonovning aytishicha, "hozirda xorij davlatlarida muhojir sifatida istiqomat qilayotgan va yangi biometrik pasport olmagan fuqarolarimizni eski pasportlarini noqonuniy deb hisoblashdan oldin ushbu qarorning xalqaro huquq me‘yorlariga to‘g‘ri kelishi yoki kelmasligini inobatga olish kerak".

Uning fikricha, pasport faqat muayyan davlatning ichki masalasi bo‘lmasdan, ayni chog‘da inson huquqlari mavzusi hamdir.

"Biometrik pasportga o‘tishda fuqarolarni "vaqtida harakat qilmagan" yoki "beparvo" deb ayblashlarida qisman haqiqat bor, ammo o‘z vaqtida harakat qilganlar ham rosa ovoragarchiliklarga, sarson-sargardonlikka uchradilar va uchramoqdalar. Buning sababi shundaki, qanchalik og‘ir bo‘lmasin bir haqiqatni tan olishimiz kerak, ya‘ni, O‘zbekiston hukumati ushbu masalada fuqarolarga qulaylik tug‘dirish haqida umuman bosh qotirgan emas... Mazkur chora-tadbir puxta, pishiq rejalashtirilmasdan tashkil etilgan, chunonchi, bir kunda qancha kishidan ariza qabul qila olish mumkin, rasmga tushirish mumkin va hokazo ishlarni amalga oshirishda qancha vaqt sarflanadi, ish quvvati yoki salohiyatining maksimal darajasi qanday, texnik salohiyat qanday, ya‘ni inson va texnik omillar hisobga olinmagan... vaholanki ularning pasportlarida mazkur pasport egasi O‘zbekiston himoyasida, deb yozilgan. Endi ushbu qaror bilan ularni yanada azobga qo‘yishimizni qanday ta‘riflash mumkin?

BBCning sharhiga javoban "sizlar unaqasizlar, bunaqasizlar, tinchligimizni ko‘rolmaysizlar va hokazo haqoratlarni yozishdan avval nima deydi, bir "do‘ppimizni yerga qo‘yib yaxshilab fikr yuritaylik".

Image caption O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi nobiometrik pasportlar muddati tugaganidan ikki hafta o‘tib xabar tarqatgan

Nega har qanday masalada faqat fuqarolar aybdor bo‘lib chiqadilar? Boshqa davlatlarda ham bizga o‘xshagan insonlar yashaydilar-ku, nega ular fuqarolarini ovora qilmasdan, ishlarni silliqqina bajara oladilar-u biz qila olmaymiz?

Bizning boshqalardan kam joyimiz bormi?"..

"Otangiz xalqni qiynab qo‘ydi..."

Tohir Bilolov esa hammasiga o‘zbeklarning o‘z haq-huquqlarini talab qilmasliklari sababchi, degan fikrda.

"Biror O‘zbek fuqarosi "voy-dod" demasligini juda yaxshi bilgan hukumat bu ishni xotirjam qilyapti", - deydi u.

"Afsuski, bu haqiqat", - deya uning fikrini tasdiqlaydi Jonibek Xudaybergenov.

Ammo boshqa bir forum qatnashchisi, Shuxrat Mamatkulov esa Tohir Bilolov ni noshukurlikda ayblagan.

"Butun dunyo havas qiladi O‘zbekistonga va otamizga", deb yozadi u internetdagi forumlarda urf bo‘lgan "otamiz" iborasi bilan Prezident Karimovni qasd etarkan.

"Otangiz sizga balki yaxshidir, lekin xalqni qiynab qo‘ydi-da!.". deya kinoya qiladi Mirza Anvar Xamidov.

Rustam Karim esa hukumatning biometrik pasport borasida tutayotgan siyosatida bo‘shab qolgan davlat g‘aznasini to‘ldirish harakatlarini ko‘radi.

"O‘zbekiston iktisodi tanazzulda va byudjet bo‘m-bo‘sh va bu bo‘shliqni xalqni qiynab,byudjetni to‘ldirish xarakatida!", deb yozadi u.

"Poraxo‘rlik yo‘q" mi?

Oybek Pirov aftidan pasport olishda omadi chopgan kam sonli o‘zbekistonliklardan.

"Man biometrik pasportni 2013 yili oldim, hech qanaqa kiyinchiliksiz. To‘g‘ri, ochered kotta, lekin arzon Xudoga shukur, atigi 40 000 ga tushdi pasportim. Hech qanaqa rasmga ham tushish kerakmas, hech qanaqa bankka ham borib ovora bo‘lishni keragi yo‘q! Hammasi bir binoni ichida", deya sharh qoldirgan u.

Pulat Turon ismli foydalanuvchi pasport inqiroziga qaysidir darajada O‘zbekistondagi ishsizlik bois mehnat muhojirligini ixtiyor etgan o‘zbeklarning ko‘pligi sabab, degan fikrda.

"Agar O‘zbekistondan hech bo‘lmasa ellik foiz odam o‘z yurtida ishlaganda edi, mashmasha bulmasdi".

Gayrat Yuldosh ismli foydalanuvchi biometrik pasport olishda poraxo‘rlikka yo‘l qo‘yilayotgani haqidagi iddaolarni rad etadi.

"Bitta-ikkita odam shoshilib, hovliqib pul berib, navbatsiz pasport olgan bo‘lishi mumkin. Ammo pasport olgan 99% fuqaro navbati bilan hech qanday porasiz oldi-ku!".

Uning so‘zlarini Dilafruz Kenjayeva hamda Islomxon Nabiev lar ham tasdiqlashadi.

"Shaxsan men may oyida xech qanday navbatsiz, porasiz 10 kunda oldim, topshirishda na olishda navbat kutmadim", - deydi Dilafruz Kenjayeva.

"Tizimga oid muammo"

Ali Khan ismli Facebook foydalanuvchisining yozishicha, hozir u yashab turgan hududda pasport stolga murojat qilganlarni kelasi yilning noyabr-dekabr oylariga navbatga yozishayotgan ekan.

"Hozir biz tarafda pasportga navbatga yozilishga borganlani keyingi yilni noyabr-dekabr oylariga yozishvotti. Sharmandalikdan boshqa narsamas!".

Ammo Ali Khan o‘zining qayerdan ekanini yozmagan.

"Xalq sarson, xalq qiynalgandan azobda. Bu sir emas, hamma biladi...", - deb yozadi Nodira Usmoniy.

Ayrim o‘zbekistonliklar pasport siyosatini xavfsizlik choralari bilan tushuntirishgan. Ayrimlar esa, biometrik pasportga o‘tish jarayoni mamlakatdagi boshqa barcha sohalarda kuzatilayotgan tizimga oid muammolarni yuzaga chiqarganiga ham e‘tibor qaratishgan.

O‘quvchilarimiz qoldirgan sharhlar bilan batafsil Facebook va Odnoklassniki dagi BBC O'zbek sahifalarida tanishishingiz mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio