Pokistonda yana qaqshatqich hujum

Image copyright AFP

So‘nggi hujum Pokiston shimoli-g‘arbida yuz bergan. Universitet nishonga olingan.

Kamida 19 kishi qurbon bo‘lgan. Ellik nafari yaralangan.

Chorsadda shahridagi Bacha Xon universitetiga qarshi uyushtirilgan hujum bir necha soat davom etgan.

Kamida to‘rt jangari o‘ldirilgan. Qolgan hujumchilarning taqdiri ma‘lum emas.

Pokiston Qurolli kuchlariga ko‘ra, hozir ularning ortidan tushishgan va universitetni ham boshdan-oyoq tekshirishmoqda.

Hujumga kim mas‘ul ekaniga oid qarama-qarshi xabarlar mavjud.

Jumladan, yuqori martabali Tolibon qo‘mondoni ommaviy-axborot vositalariga hujum o‘z ishlari ekanini aytgan.

Bu - jangarilarning tayanch nuqtalariga qarshi olib borilayotgan harbiy amaliyotlarga javoblari ekanini bildirgan.

Ammo Pokiston Tolibon harakatining Bosh voizi Muhammad Xurosoniy BBC bilan suhbatida bu xabarlarni rad etgan.

Universitetga qarshi uyushtirilgan hujumni "Islomga zid amal", deya qoralagan.

Ammo 2014 yilda Chorsaddaga yaqin Peshovar shahridagi maktablardan biriga uyushtirilgan qonli hujumni Pokiston Tolibon harakati o‘z zimmasiga olgandi.

Bu hujum yuzdan ortiq o‘quvchining umriga zomin bo‘lgandi.

Chorsadda esa, Peshovardan bor-yo‘g‘i 50 chaqirimcha uzoqlikda joylashgan, xolos.

Hujum tafsilotlari

Image copyright Reuters

Jangarilar mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9:30 lar atrofida hujumga o‘tishgan.

Universitet mehmonxonasining devoridan oshib o‘tib, ichkariga kirishgan.

Qo‘riqchilar jangarilarga qarshi chiqisharkan, kuchli portlash va otishma sadolari quloqqa chalingan.

Jangarilar orasida xudkush hujumchilarning bo‘lgan-bo‘lmaganliklari ma‘lum emas.

Talabalar jon ilinjida o‘zlarini universitetning hojatxonalari va imtihonlar uchun mo‘ljallangan zallariga urishgan.

Mahalliy politsiya xodimlari va harbiylar yetib kelgunga qadar, jangarilar bir qancha talabani o‘ldirib, o‘nlabini yaralashga muvaffaq bo‘lishgan.

Universitet hududida bo‘lgan aksariyat talabalar, hozirga kelib, xavfsiz bir yerga ko‘chirilgan.

Qurolli jangarilar bo‘lishi mumkin, degan gumonda hanuz jurnalistlarning universitet ichkarisiga kirishlariga izn berilmagan.

Yigirmaga yaqin kishining jasadi mahalliy o‘likxonaga olib ketilgan.

Universitet dotsenti doktor Shakurning aytishicha, hujum boshlangan mahal aksariyat talaba va o‘qituvchilar hali yo‘lda bo‘lishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu bois ham hujum katta sondagi qurbonlarga sabab bo‘lmagan.

Sabab

Image copyright Reuters

Doktor Shakurning aytishicha, jangarilar pushtun millatchi shoiri Bacha Xon sharafiga uyushtirilgan nazm kechasi bois, universitetga hujum qilgan bo‘lishlari mumkin.

Pokistondagi muxbirimiz Elyos Xonning aytishicha, Milliy Xalq partiyasini namoyon etuvchi millatchilar Tolibon harakatiga qarshi mavqe‘da bo‘lib kelishgan.

80-yillar boshlarida mujohidlarning qo‘shni Afg‘onistonda Sho‘rolarga ko‘rsatgan qarshilik harakatlarini ham yoqlashmagan.

Muxbirimizning aytishicha, xuddi shu bois ham, Bacha Xon universitetiga qarshi uyushtirgan so‘nggi hujumlari islomiy jangarilar uchun ramziy ma‘noga ega bo‘lishi mumkin.

Jangarilarning hujumi nishoniga aylangan universitetning o‘zi esa, Chorsadda sharqida, dalaning qoq o‘rtasida joylashgan.

Muxbirimizga ko‘ra, hamma tomondan ochiq bo‘lgani uchun ham, Bacha Xon universiteti jangarilarga juda qulay nishon bo‘lgan.

Agar, rasmiy web sahifasidagi ma‘lumotlarga tayanilsa, universitetga 2012 yilda asos solingan.

Universitetda uch mingga yaqin talaba tahsil olgan.

Uyushtirilayotgan nazm kechasiga chetdan yana yuzlab mehmonlarning kelishlari kutilayotgan bo‘lgan.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, aynan jangarilarning ehtimoliy hujumlari xavfi ostida Peshovardagi ayrim maktablar yaqindagina mas‘ullar tomonidan yopib qo‘yilgan bo‘lgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq