"Musulmonlar soni jadallik bilan ortadi"

Bunday bashorat bilan Amerikaning "Pew" tadqiqot markazi chiqqan.

Markazning bashoratlariga ko‘ra, 2050 yilga borib, AQShda musulmonlarning soni ikki barobarga ortadi va sakkiz million kishidan oshadi.

Buning ortidan esa, musulmonlar Amerika aholisining 2.1 foizini tashkil etishadi.

Mutaxassislar buning sababini ikki omilga bog‘lashmoqda.

Ularga ko‘ra, bir tomondan, musulmonlarning Amerika Qo‘shma Shtatlariga migratsiyasi kuchayadi.

Boshqa tarafdan, musulmon oilalari boshqa din vakillariga qaraganda serfarzand bo‘lishadi.

Ya‘ni, amerikalik musulmonlar o‘zlarining hisoblariga ham ularning soni jadallik bilan ortib boradi.

Donald Tramp

"Pyu" xalqaro tadqiqot markazining so‘nggi bashoratlari AQSh prezidentligiga respublikachi nomzod Donald Trampning musulmonlarni mamlakatga kiritmaslikka oid da‘vatidan hech qancha vaqt o‘tmay o‘rtaga chiqmoqda.

O‘tgan yil oxirida Janubiy Karolinada o‘z saylovchilari qarshisida chiqish qilarkan, janob Tramp bundan boshqa tanlovlari yo‘qligini aytgandi.

Respublikachi nomzod so‘nggi so‘rovlar aksariyat musulmonlarning Amerikaga nisbatan nafrat tuyishlariga dalolat qilishini iddao qilgandi.

"Buning tagiga yetmagunlaricha, chetdan kelayotgan musulmonlarga Amerika eshiklari yopilishi lozim"ligini bayon qilgandi.

"Pyu" tadqiqot markazining yangi hisobotida aytilishicha, musulmonlarning migratsiyasiga oid Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi so‘nggi bahsu munozaralar aksariyatda ular hozir mamlakat aholisining necha foizini tashkil etishiga oid savollarni paydo qilmay qolmagan.

"Ammo aholini ro‘yxatga olish ishlari jarayonida fuqarolardan diniy mansubliklari so‘ralmasligi bois, Amerikadagi musulmonlarning aniq soniga oid rasmiy ma‘lumotlar yo‘q", - deyiladi markazning hisobotida.

Agar, o‘tgan yilgi imkonli bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanilsa, ularning soni qariyb 322 million kishidan iborat.

Tadqiqot

Markazning tadqiqoti olimlar tomonidan ishlab chiqilgan maxsus demografik model asosida olib borilgan.

Unda kattalar va bolalarga oid ma‘lumotlar ham inobatga olingan.

Tadqiqotchilarning o‘z xulosalariga tayanib aytishlaricha, Amerikadagi musulmonlarning soni kelasi 35 yil ichida 1 foizdan 2.1 foizga ortadi.

"Bizning bashoratlarimizga ko‘ra, deylik, yahudiylar va hindular bilan solishtirganda, musulmonlarning soni Amerikada jadallik bilan o‘sib boradi. 2050 yilga borib, yahudiylar 5.7 million va hindular 2.1 million kishini tashkil etgan bir paytda, musulmonlarning soni sakkiz milliondan ortadi", - deyishadi ular.

Markazning yangi hisoboti tafsilotlaridan Islom diniga e‘tiqod qiluvchilarning o‘rtacha yoshi boshqa dindagilarnikidan ko‘ra kichik ekani ham ma‘lum bo‘lgan.

Ammo sotsiologlarning yangi tadqiqotlari so‘nggi ikki yil ichida "o‘zlarini Islom dini vakillari sifatida taqdim etayotgan amerikaliklar soni kamayib borayotgani"ga ham dalolat qilgan.

Boshqa tomondan...

Agar, "Pyu" markazining o‘tgan yilgi bashoratlariga tayanilsa, 2100 yilga borib, dunyo aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil qilishadi.

Lekin ungacha Nasroniylik e‘tiqod qiluvchilarining soni bo‘yicha jahondagi yetakchi dinligicha qoladi.

Ushbu tadqiqot markazining 2050 yilgacha qilgan bashoratlari ham biroz farqli.

Ya‘ni, xuddi o‘sha paytga borib, nasroniylar soni 35 foizga ortadi va 2.92 milliard kishiga yetarkan.

Dunyo musulmonlarining foizi esa, 2050 yilgacha bundan qariyb ikki barobar ko‘proqqa ortsa-da, nasroniylarniki bilan halicha tenglasholmaskan.

Ya‘ni o‘sha paytgacha musulmonlarning soni 2.76 milliard kishiga yetib, shundan 10 foizi Ovro‘poning hissasiga to‘g‘ri kelarkan.

Boshqa tomondan, markazning bashoratlariga ko‘ra, kelasi 35 yil ichida dunyo bo‘ylab Xudoning borligiga ishonmaydigan odamlar, ya‘ni ateistlarning soni kamayarkan.

Ammo, shunda ham, AQSh, Frantsiya va dunyoning yana bir qancha davlatlarida ateistlarning saflari kengayib boradi, deydi "Pyu".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq