"O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga"

Image copyright Getty

Ukraina sharqidagi qurolli nizolarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarolari jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Bunday ogohlik bilan O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi chiqqan.

Elchilik harbiy harakatlarda ishtirok etish niyati bilan Ukrainaga kelish harakatida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini buning oqibatlari bilan ogohlantirgan.

Elchilik bu xususda e‘lon qilgan press-relizda bayon qilinishicha, hatto, yollanganlik nishonalari bo‘lmagan taqdirda ham, O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 154-moddasiga muvofiq, noqonuniy ravishda o‘zga davlat hududidagi qurolli mojaro yoki harbiy harakatlarda ishtirok etish jinoyat sanaladi.

Bu kabi "jinoyatni sodir etganlik" esa, 10 yilgacha muddatga qamoq jazosini ko‘zda tutadi.

Ukrainadagi O‘zbekiston elchixonasining rasmiy xabarnomasi 18 yanvar sanasi ostida e‘lon qilingan.

Undagi ogohlik esa, qariyb ikki yildirki, Ukraina sharqidagi qurolli nizolar tinmayotgan bir manzarada yangramoqda.

Davomiy qurolli nizolar 2014 yil boshida Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovichning ommaviy namoyishlar natijasida qudratdan ag‘darilishi ortidan boshlanib ketgandi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina hukumat kuchlari va rossiyaparast bo‘lginchilar o‘rtasida kechayotgan janglar shu paytgacha minglab kishining umriga zomin bo‘lgan.

Bo‘lginchilar asosan ro‘siyzabonlar istiqomat qiluvchi mamlakat sharqining Ukrainadan mustaqilligini talab qilib kelishadi.

Image copyright Reuters

Ukrainaning amaldagi prezidenti Pyotr Poroshenko esa, rasmiy Kremlni mamlakati sharqidagi mavjud bo‘hron ortida turganlikda ayblaydi.

Ammo Rossiya tomoni ayni mazmundagi da‘volarni rad etib keladi.

Ukraina sharqidagi davomiy qurolli nizolar manzarasida har ikki raqib tarafida yollanib, jang qilayotgan chet el fuqarolarining borligi haqida ham bot-bot xabarlar o‘rtaga chiqqan.

Ta‘kidlash joiz, bu kabi xabarlarda asosan Checheniston, Rossiya, Belarus va ayrim G‘arb davlatlari fuqarolari tilga olingandi.

Ammo, Ukraina sharqidagi qurolli mojarolardan qariyb ikki yil o‘tib ham, u yerda jang qilayotgan o‘zbekistonliklar haqida xabarlar deyarli o‘rtaga chiqmagan.

O‘zbekiston elchiligining buning oqibatlari bilan ogohlantirilgan xabarnomasida ham ayni xususdagi ma‘lumotlar keltirilmagan.

Ammo elchilikning rasman ogohlantirishicha, bunga o‘xshash hollarga oid har qanday signal O‘zbekiston maxsus davlat idoralari va huquq-tartibot organlari tomonidan sinchiklab o‘rganiladi.

"Shaxsidan qat‘inazar, uning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining mazkur bandi ("yollanmachilik") bo‘yicha jinoyat sodir etgani yoki rejalayotganiga oid xolis ma‘lumot bo‘lgan har bir shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi".

Image copyright AP

"Xuddi shu bois ham, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga aql bilan ish tutib, qurolli guruhlar faoliyatiga bosh qo‘shishdan tiyilish tavsiya etiladi".

Elchilik eng so‘nggida favqulodda vaziyatga tushib qolgan fuqarolariga murojaat qilishlari uchun Kiyevdagi o‘z telefonlari raqamlarini ham taklif etadi.

BBC Ukraina Xizmati imkonli bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanilsa, jang qilish istagida bo‘lgan xorijiy fuqarolarni ko‘proq Ukraina sharqidagi bo‘lginchilar yollab kelishadi.

Orada bo‘lginchilarning ularga oyiga 1000 AQSh dollari miqdorida haq taklif etishganiga oid xabarlarni ham qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishgan.

Siyosiy tahlilchilarning birdek e‘tirof etishlaricha esa, Qrim va Ukraina sharqidagi so‘nggi hodisalar Markaziy Osiyo rahbarlarini jiddiy xavotirga solmay qolmagan.

Ularga ko‘ra, birgina Qrim misoli ular uchun Rossiyaning o‘z "yaqin xoriji"ga nisbatan qanday ish tutishi mumkinligini anglatib qo‘ygan.

Agar, tahlilchilarning so‘zlariga tayanilsa, boshqa tomondan, Ukraina stsenariysi uzoq yildan buyon qudratni qo‘ldan bermay kelayotgan Markaziy Osiyo liderlarini o‘z kursilarining taqdiri nuqtai nazaridan ham qo‘rqitib qo‘ygan.

Ammo, shunga qaramay, ular Ukrainadagi inqirozga juda ehtiyotkorlik bilan munosabat bildirishni afzal bilishgan.

Shu paytgacha alohida bir tomonni qoralovchi bayonotlardan tiyilishgan.

Image copyright AFP

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, bunga Rossiyaning hanuz bu mamlakatlarda katta ta‘sirga ega ekani sabab bo‘lgan.

Rasmiy Toshkent orada bir necha bor Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan yechishga da‘vat etib chiqqan.

"BMT me‘yorlari va xalqaro huquq doirasida bir mamlakatning hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish"ga chaqirgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq