Ayol eriga gap qaytarsa, nima qilish kerak?

Image copyright epa

Qo‘shni afg‘onistonlik aksariyatning fikricha, bunday ayolning eri tomonidan kaltaklanishiga qarshi emaslar.

Ularning aytishlaricha, turmush o‘rtog‘ining gapiga kirmagan va uning qaroriga qarshi chiqqan ayolning kaltaklanishi maqbul ishdir.

Bunda Afg‘onistonda o‘tkazilgan yangi so‘rov natijalari dalolat qilgan.

So‘rov Afg‘onistondagi Tadqiq va tekshiruv markazi tomonidan olib borilgan.

So‘rov jarayonida poytaxt Kobul, shimoliy Taxor, sharqiy Nangarxor va markaziy Bomiyon viloyatlarida to‘rt yuz kishining fikri o‘rganilgan.

Ustiga ustak, so‘rov ishtirokchilaridan teng yarmi xotin-qizlar bo‘lishgan.

So‘nggi so‘rov natijalari butun Afg‘oniston bo‘ylab xotin-qizlarga qarshi turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklar kuchayib borayotgan bir manzarada o‘rtaga chiqmoqda.

Shu dam olish kunlarida Faryob viloyatida yoshgina juvonning eri oilaviy janjal ustida uning burnini kesib tashlagan.

Bu kabi mash‘um hodisa esa, Afg‘onistonning aksariyati Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy, shimoliy-sharqiy mintaqalarida bu yaqin yillar ichida kuzatilmagandi.

So‘nggi bir necha oyning o‘zida poytaxt Kobul va markaziy G‘o‘r viloyatlari ham shunga o‘xshash zo‘ravonliklarga guvoh bo‘lgan.

Image copyright AFP

Kobulda Farxunda ismli yoshgina ayol "Qur‘onni yoqqanlik", da‘vosi bilan olomon tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan va so‘ngra yoqib yuborilgandi.

G‘o‘rda esa, zino qilishda ayblangan 19 yoshli Ruhshona mahalliy aholi tomonidan toshbo‘ron qilib o‘ldirilgandi.

Aybdorlar esa, hanuz lozim darajada jazoga tortilmagan va bu, oylarki, aksariyat mahalliy faollarning jiddiy noroziliklariga sabab bo‘lib keladi.

O‘z boshqaruvining shafqatsizligi bilan nom chiqargan Tolibon tuzumi qulatilishidan 15 yil o‘tib, qo‘shni Afg‘oniston yuz berayotgan bu kabi hodisalar bugun xalqaro hamjamiyatni jiddiy xavotirga solmay qo‘ymagan.

Ayrim siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, afg‘on xotin-qizlariga qarshi bu kabi mudhish zo‘ravonliklar, muayyan ma‘noda, G‘arbning Afg‘onistonga oid siyosatining muvaffaqiyatsizligiga dalolat qiladi.

Tahlilchilarning aytishlaricha, xotin-qiz vazirlari va parlament vakillarining soni bo‘yicha Afg‘oniston mintaqa peshqadam mavqe‘ga chiqib ulgurgan esa-da, amalda aksariyat afg‘on ayollari o‘zlarining eng oddiy huquqlari himoyasiga ham imkonsiz bir ahvoldalar.

Afg‘on xotin-qizlari huquqlarining kafolotida muhim o‘rin tutishi kutilgan va 2009 yilda qabul qilingan maxsus qonun esa, qayta parlament muhokamasiga qo‘yilgan.

Oradan ikki yildan ortiqroq vaqt o‘tayotgan esa-da, bu muhokamalar hanuz o‘zining yakuniy bir natijasini topmagan.

Image copyright AFP

Xuddi shu manzarada butun Afg‘oniston bo‘ylab xotin-qizlarga qarshi turli ko‘rinishdagi maishiy zo‘ravonlik hollari ortib bormoqda.

Jamiyatda erkaklarning ustunligi, mavjud urf-odatlar, iqtisodiy ahvolining nochorligi va chuqur ildiz otgan poraxo‘rlik hollari esa, afg‘on ayolining qonuniy himoyaga bo‘lgan so‘nggi umidini ham deyarli yo‘qqa chiqargan.

Bu kabi holat esa, Afg‘onistonning yangi milliy birdamlik hukumati ularning har tomonlama faolliklarini jiddiy oshirish va‘dasi bilan qudratga kelgan bir manzarada kuzatilmoqda.

Afg‘oniston aholisining yarmiga yaqinini esa, aynan xotin-qizlar tashkil etishadi.

Ammo ulardan aksariyati Afg‘onistonning chekka qishloq hududlarida istiqomat qilishadi.

Agar, yangi so‘rov natijalariga tayanilsa, bugun Afg‘onistondagi ko‘pchilik erkakning kuchli bo‘lishini afzal biladi.

Ro‘zg‘orning xarajatlarini ta‘minlashni - erkakning zimmasidagi vazifa, deb biladi.

Xuddi shu manzarada aksariyat so‘rov ishtirokchilarining nazdlarida ayolning o‘rni uyda va u faqat ro‘zg‘or yumushlari bilan band bo‘lgani ma‘qul.

Afg‘on xalqi orasidagi bu kabi kayfiyat so‘rov mualliflari o‘zlarini ham tashvishga solmay qo‘ymagan.

So‘rov natijalarini o‘rganib chiqishi ortidan, Afg‘oniston Tadqiq va tekshiruv markazi milliy birdamlik hukumatini odamlarning ongini o‘zgartirish uchun lozim choralar ko‘rishga da‘vat etgan.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarligi ortidan, butun Afg‘oniston bo‘ylab toliblarning qayta faollashishga muvaffaq bo‘lishi esa, afg‘on xotin-qizlarining ahvollari bundan-da yomonlashadi, degan xavotirlarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.

Ayrim g‘arblik tahlilchilarga ko‘ra, aynan oila va ish joylarida ularga nisbatan shafqatsiz munosabatning saqlanib qolayotgani bu kabi qo‘rquvlarga zamin yaratgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq