"Qiyomatga eltuvchi to‘rt yo‘limiz bor"

Image copyright PA
Image caption Profesoor Hokingga ko‘ra, qiyomatga eltadigan to‘rt yo‘l allaqachon haqiqat

"Insoniyat o‘z qo‘li bilan o‘ziga go‘r qazimoqda".

Oxirzamon boshlanishi borasida turli nazariyalarni aytib keladigan britaniyalik olim Stiven Hoking bu safar ana shunday ogohlantirish bilan chiqdi.

Janob Hokingning gapiga qaraganda, bizning yo‘qolib ketishimizga olib boradigan sabablarni "aqqlilik balosi" deb atash ham mumkin.

Sun‘iy ong

Professor Hokingning o‘ylashicha, sun‘iy aql yaratish harakatlari alal-oqibatda o‘zimizga tahdid soladi.

"To‘laqonli sun‘iy ong yaratish insoniyatning o‘limiga yetaklaydi" - deydi professor.

Image caption Odamzod sun‘iy ong kashf etib, o‘z boshiga balo orttirishi mumkin

Unga ko‘ra, o‘ta ibtidoiy sun‘iy aql yaratish odamlar uchun o‘ta foydali, lekin inson aqli darajasidagi yoki undan ham yetukroq ongni yaratish bilan odamlar o‘zlarini o‘limga mahkum etadilar.

"Biologik yoki tabiiy tarzda tadrijiy rivojlanish sun‘iy taraqqiyot bilan bellasha olmay qoladi" - deydi Stiven Hoking.

Yadroviy urush

Odamzod yaratgan yadroviy qurollar vaqt sayin takomillashmoqda.

"Inson tabiatidagi zo‘ravonlik hamda tajovuzga moyillik xususiyati esa o‘zgarmay qolayotir" - deydi Stiven Hoking.

Ibtidoiy odamlar ayni xususiyatlarni ishga soliq ov qilishgan yoki ovqat topishgan.

Image copyright Getty
Image caption Mavjud yadroviy qurollar Yerdagi hayotni butunlay yo‘qotishga qodir

"Lekin zamonaviy inson tabiatida saqlanib qolayotgan mazkur zo‘ravonlik boshqalarni va nihoyat barchani halokatga yetaklaydi".

Hozirgi mavjud yadroviy qurollar bilan ham Yer sayyorasidagi hayotni butkul yo‘qotib yuborish mumkin.

Irsiyatga aralashish

"Insonlar irsiy muhandislik orqali yaratayotgan viruslar ham odamlarga xavf solishini esda tutish lozim" - deydi professor.

U irsiy yo‘lda yaratilgan viruslar yadroviy qurollardan ham xatarliroq bo‘lishini aytadi.

"Uzoq kelajakka nazar solsam, meni ko‘proq biologiya dahshatga soladi" - degandi Stiven Hoking 2001 yili yozgan maqolasida.

Image copyright Science Photo Library
Image caption Irsiyatga aralashib, halokatli virus yaratib qo‘yish mumkin

"Yadroviy qurol uchun ko‘p mablag‘, katta korxonalar kerak. Irsiy tadqiqotlarni esa kichik laboratoriyada ham amalga oshirish mumkin".

Unga ko‘ra, bu jarayonda insonlar bilib-bilmay xatarli virus yaratib qo‘yishlari ehtimoli katta.

"Agar kelasi ming yil ichida fazoga chiqib, yashaydigan boshqa ma‘vo topmasak, insoniyat yo‘qolib ketishi aniq" - xulosa qiladi u.

Iqlim isishi

"Jahon bo‘ylab iqlim isishini to‘xtata olmasak, Yer sayyorasi ham xuddi Zuhra kabi yashab bo‘lmaydigan jonsiz holatga kelib qoladi" - fikrlaydi Stiven Hoking.

"Foydali qazilmalarni yoqaverib, yer yuzasidagi havo qatlamini karbonat angidrid gazlariga to‘ldirib yubordik".

Bu gazlar esa zaminni issiqxonaga aylantirib, haroratni tutib qolayapti.

Image copyright AP
Image caption Iqlim isishi to‘xtamasa, Yer ham Zuhra kabi o‘lik sayyoraga aylanadi

Shimoliy va janubiy qutblardagi muzliklar erishi oqibatida esa fazoga qaytib ketadigan quyosh energiyasi ham kamayadi.

Ya‘ni mazkur energiya Yer yuzasida qolib, iqlimni yanada isitaveradi.

"Biz jahon bo‘ylab iqlim isishi qachondir to‘xtashini ham bilmaymiz" - deydi Stiven Hoking - "Eng yomon holatda Yerdagi harorat ham Zuhra sayyorasidagi kabi 250S darajaga chiqib ketib, oltingugurt yomg‘irlari yog‘ishi ehtimoli paydo bo‘ladi".

Lekin insoniyat oltingugurt yomg‘irini ko‘ra olmasligi haqiqatga yaqinroq. Chunki ungacha inson zoti butkul qirilib ketishi tayin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq