Qozog‘istonda muddatidan ilgari saylovlar

Image copyright European Photopress agency
Image caption Chorshanba kuni Nazarboyev parlamentni tarqatib yuborgan

Qozog‘iston Markaziy Saylov Komissiyasi parlamentning quyi palatasiga navbatdan tashqari saylovlarni tayyorlash va o‘tkazish rejasini ma‘qullagan.

Unga muvofiq, 20 martda o‘tadigan saylovlarda partiyaviy ro‘yxat asosida Majlisga 98 nafar vakil saylanadi.

Yana 9 deputat Qozog‘iston Xalqlari Assambleyasi tomonidan saylanadi.

Chorshanba kuni Qozog‘iston xalqiga murojaat bilan chiqqan Prezident Nursulton Nazarboyev parlamentni tarqatib yuborish qarorini e‘lon qilgan.

Janob Nazarboyevning "Nur Otan" partiyasi hukmron bo‘lgan parlamentning vakolatlari 206 yil oxiri yoki 2017 yilda tugashi kerak edi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Prezidentning ushbu qadami Qozog‘iston yuz tutayotgan iqtisodiy qiyinchiliklar hamda janob Nazarboyevning o‘z hokimiyatini mustahkamlash istagi bilan bog‘liq.

Jahonda neft narxlarining keskin tushib ketishi Qozog‘iston iqtisodiga salbiy ta‘sir ko‘rsatgan.

"Hozirgi murakkab sharoitda eng muhimi imkoniyatlarimiz doirasida yashash, zahiralarimiz va ish o‘rinlarini asrashdir", - degan janob Nazarboyev.

G‘arblik kuzatuvchilar Qozog‘istondagi saylovlarni hech qachon erkin va adolatli, deb e‘tirof etishmagan.

75 yoshli Nazarboyev o‘tgan yil aprelida yana besh yillik muddatga qayta saylangan.

Rasman "Elbasy" ("Elboshi"-tahr.) maqomiga ega janob Nazarboyev Qozog‘iston qonunchiligiga ko‘ra, cheklanmagan muddatga prezidentlikka saylanishi mumkin.

Tejamkorlik

Markaziy Saylov Komissiyasi raisi Quvondiq Turganqulovning Ostonadagi matbuot anjumanida aytishicha, kelayotgan saylovlarga 8 milliard tanga yoki qariyb 13 million AQSh dollari sarflanadi.

"Navbatdan tashqari saylovlar ancha mablag‘ni tejash imkonini beradi", - deb aytgan mulozim.

O‘tgan yilning iyulida "erkin suzish"ga qo‘yib berilgan qozoq tangasi bir yilda ikki barobarga qadrsizlangan.

Qozog‘iston hukumati tanganing kursi bilan bir qatorda asosiy mahsulotlar va xizmatlarga narxlarni tartibga solishdan butunlay voz kechgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, neft narxlariga qaram Qozog‘iston milliy valyutasining qadrsizlanishi manzarasida aholi farovonlik darajasining tushishi kuzatilmoqda.

Prezident Nazarboyev "qozoqlar xomashyo narxlari past bo‘lgan bir sharoitda yashashga o‘rganganliklari"ni ta‘kidlagan.

Chorshanba kuni Olma-Otadagi bir necha bank qarshisida to‘plangan o‘nlab odamlar tanganing qadrsizlanishi sabab ipoteka foizlarini tushirishni talab qilishgan.

Jahon Bankiga ko‘ra, 2015 yilda Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish 0,9 foizga pasayib, 4,4 foizni tashkil etgan.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio