Putin "aftidan" Litvinenkoning o‘ldirilishini ma‘qullagan

Image copyright Getty

2006 yilda sobiq josus Aleksandr Litvinenkoning o‘ldirilishi, "aftidan" Prezident Vladimir Putin tomonidan ma‘qullangan.

Britaniyadagi jamoatchilik tergovi ana shunday xulosaga kelgan.

Janob Litvinenko 2006 yilda zaharli radioaktiv polonium-210 moddasi bilan zaharlanishidan bir necha kun o‘tib, vafot etgan edi.

Prezident Putinning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan 43 yoshli Litvinenko zaharli moddani choy bilan birga ichgan, deb ishoniladi.

Rossiyalik ikki shaxs- Andrey Lugovoy va Dmitriy Kovtun qotillikda ayblangan.

FSBning sobiq zobitlari bo‘lgan har ikki shaxs ayblovlarni rad etishadi.

Image copyright Getty
Image caption Lugovoy va Kovtun ayblarni rad etishadi

Hakam Ser Robert Ouen ikki gumondor, aftidan, Rossiya josuslik xizmati-FSBning ko‘rsatmasi asosida ish ko‘rganliklarini aytgan.

Ser Robert o‘z hisobotida Prezident Putin bilan birga FSB rahbari Nikolay Patrushev nomini alohida ajratib ko‘rsatgan.

"Ixtiyorimdagi barcha dalil va tahlillarni inobatga olgan holda, shunday xulosa qilamanki, FSBning Litvinenkoni o‘ldirish amaliyoti aftidan, janob Patrushev va shuningdek, Prezident Putin tomonidan ma‘qullangan", - deb aytgan britaniyalik hakam.

"Putin buyurgan"

Avvalroq Litvinenko oilasining advokati qotillikni Putin buyurganiga shubha yo‘qligini aytgan edi.

Advokat Ben Emmersonning aytishicha, Rossiya hukumatining bu qotillikdagi roli "ishonchli tarzda isbotlangan".

Emmersonga ko‘ra, Kreml Litvinenkoning o‘ldirilishini istagan va buning uchun zarur zaxiralarni ajratgan.

Image copyright Reuters
Image caption Litvinenko Prezident Putinning ashaddiy tanqidchisi edi

Shuningdek, advokat ilmiy ekspertiza sobiq josusni Dmitriy Kovtun va Andrey Lugovoy o‘ldirganlarini isbotlaganini aytgan.

"Putin borgan sari "yakkalanib qolayotgan kichik mustabid va ruhiy jihatdan beqaror hukmron"ga aylanib boryapti", - deb aytgan himoyachi o‘tgan yilning iyulidagi mahkama tinglovida.

Uning aytishicha, Rossiya prezidenti va uning atrofidagilar "uyushgan jinoyatga bevosita aralashganlar" va "ularning yo‘lida turgan har qanday odamni o‘ldirishga tayyorlar".

"Agar Rossiya hukumati aybdor bo‘lsa, demak Putin aybdor. Ya‘ni, u o‘z qo‘li ostidagilar uchun mas‘ul demoqchi emasman, balki uning o‘zi uni va uning banditlarini fosh qilgan dushmanini yo‘q qilishga shaxsan buyruq bergan demoqchiman", - degan u.

Marhumning bevasi Marina Litvinenko "qotillar va ularning xo‘jayinlari fosh qilindi", deb aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i FSB va hokimiyatning yufori doiralaridagi korruptsiyani fosh qilmoqchi bo‘lgan.

"Uning amallari sotqinlik deb ko‘rildi va buning uchun u bilan dahshatli yo‘lda hisoblashishdi", - deb aytgan Litvinenko xonim.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq