Tojik militsiyasi 13 ming soqolni oldi

Image copyright Getty
Image caption Tojik militsiyasi millatning tashqi ko‘rinishi uchun javob beradi

Tojikiston janubidagi Xatlon viloyatida o‘tgan yili qariyb 13 ming nafar erkak soqollarini olishga majburlangan.

Bu haqda viloyat militsiyasi boshlig‘i Bahrom Sharifzoda ma‘lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2 ming nafar ayollar "ixtiyoriy ravishda" hijob o‘rashdan voz kechganlar.

Dushanbedagi muxbirimiz Anora Sarkorovaning aytishicha, soqol va hijobga qarshi kampaniya Tojikiston huquq-tartibot idoralarining "tojik madaniyatiga begona" unsurlarga qarshi kurashining bir qismidir.

Butun Tojikiston bo‘ylab militsiya yuz minglab soqollilarni ushlagan.

Militsiya ularning shaxslarini aniqlab, barmoq izlarini olgach, majburan soqollarini qirtishlagan.

Prezident Rahmon bu borada fuqarolarga maxsus murojaat bilan chiqqan.

Image copyright httpwww.president.tjnode10537
Image caption Rahmonning o‘zi yaqinda umra ziyoratini ado etgan

"Yot madaniyatlarga berilmanglar! Qora liboslarni emas, milliy liboslarni kiyinglar. Tojik ayollarining hatto motam liboslari ham oq bo‘lgan, qora bo‘lmagan", - deya yozg‘irgan yaqinda "Millat rahnamosi" maqomini olgan Rahmon.

Tahlilchilarga ko‘ra, soqol va hijobga qarshi kampaniya zamirida jamiyatdagi radikallashuvga qarshi kurash va dunyoviy tuzumni saqlab qolish urinishlari yotadi.

Tojikistonda soqol qo‘yishni taqiqlovchi qonun mavjud emas.

Qonunsizlik

Soqollarini olishga majburlangan bir necha kishi BBC bilan suhbatda militsiya o‘zlarini do‘pposlaganini aytishgan.

Militsiya kiyimidagi "sartaroshlar"dan birining qurboni Jovdi Akramov bo‘lgan.

Militsiya xodimlari Akramov hamda uning 7 yoshli o‘g‘lini uylari yaqinida hibsga olib, tuman ichki ishlar idorasiga olib borganlar.

"U yerda qo‘pollik bilan nimaga soqol qo‘yganim haqida so‘roq qilishdi. Salafiy, radikal, xalq dushmani deb aytishdi. Ochiqchasiga so‘kinib, dinni, masjidga boradiganlarni haqorat qilishdi. Keyin ikkitasi mening qo‘limdan ushlab turdi, bittasi esa soqolimning yarmini qirqib tashladi".

Uning aytishicha, soqol o‘sadi, ammo u tahqirlashlarni unutmaydi.

"Eng yomoni odamlarni tahqirlashdan lazzatlanadigan militsionerlarning jazosiz qolishi",- deydi u.

Uning aytishicha, shikoyat qilish befoyda.

"Hokimiyat ham, sud ham militsiyaning tarafini oladi".

"Shu voqeadan keyin men odamlar nima uchun radikallashadi, degan savolga javob topdim,- deydi Jovdi Akromov.

Image caption "Soqol o‘sadi, ammo tahqirlar unutilmaydi"

O‘tgan yil yozida militsiya soqoli uchun ushlangan talabani urib, o‘ldirib qo‘ygan edi.

Sankt-Peterburg huquqshunoslik Akademiyasida tahsil olgan Vahdat tumanilik Umar Bobojonov militsiyaning do‘pposlashlaridan so‘ng hushsiz ahvolda shifoxonaga tushgan va oradan bir necha kun o‘tib, hayotdan ko‘z yumgan.

So‘nggi paytlarda odatda boshlariga ro‘mol o‘rab yuradigan tojik ayollar ham militsiyaning o‘zlariga nisbatan haddan tashqari e‘tiboridan shikoyat qilishadi.

Tojikistonda faqat o‘quv muassasalarida hijob o‘rashga rasmiy taqiq qo‘yilgan.

Amalda esa bu taqiq barcha davlat idoralarida amal qiladi.

Ayollarni ishga olishda boshlaridan ro‘mollarini yechish talab qilinadi.

Avvalroq tojik hukumati ota-onalarga farzandlariga milliy ismlar berishni tavsiya etgan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston aholisining 99 foizi Islomga e‘tiqod qiladi.

Tog‘li Badaxshondagi uncha ko‘p bo‘lmagan shia ismoiliylar jamoasidan tashqari deyarli barcha musulmonlar Hanafiy mazhabidagi sunniylardir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio