O‘zbekiston muzlatilgan pullarni qaytara oladimi?

Image copyright www.gp.gov.ua

Ovro‘po va AQShda boshlangan O‘zbekistondagi korruptsiyaga bog‘liq yirik tekshiruvlar ortidan xorijiy banklarda qariyb 1 milliard dollar muzlatilgan. O‘zbekiston moliyaviy jinoyatlar uchun javobgarlar allaqachon jazoga tortilganini, hamda mamlakat yirik korruptsion sxemaning qurboni bo‘lganini ro‘kach qilib, mablag‘larni O‘zbekistonga qaytarishga bel bog‘lagan.

G‘arbda bu ishlarga Gulnora Karimovaning aloqasi borligi gumon qilinadi.

Xo‘sh, O‘zbekiston pullarni qaytara oladimi? BBC bu haqida Qozog‘istonda Markaziy osiyo masalalarini yorituvchi jurnalist Joanna Lillisdan so‘radi.

Lillis: Agar O‘zbekiston hukumati Amerika sudida g‘alaba qozonish imkoni borligini bilmaganida, bu kabi ishga qo‘l urmagan bo‘lardi. Bu ishning qonuniy taraflarini huquqshunoslar yaxshiroq bilishadi, lekin gap shundaki, o‘zbek hukumati noqonuniy pullarni yuvishda ayblangan ba‘zi shaxslarni sudlaganini da‘vo qilib, bu pullar endi vataniga qaytarilishi kerakligini aytmoqda. Ammo bu ishning o‘zbek tomoni uchun bitta muammoli tarafi bor. AQSh mahkamasi chiqargan rasmiy ayblovda noqonuniy pullarni alaloqibat qabul qilib olgan shaxs anonim hukumat a‘zosi ekani aytilgan. Ayblovda uni "A" Hukumat rasmiysi" deya bitta harf bilan ta‘riflaganlar. Mintaqadagi barcha sharhlovchilar ana shu "A" degan shaxs prezidentning qizi Gulnora Karimova ekaniga ishonadilar. Lekin, o‘zbek hukumati Gulnora Karimovaning sudga tortilgani yoki jazolangani borasida biron ma‘lumotni oshkor qilmagan. Sudlangan va jazolangan shasxlar deya o‘zbek tomoni Karimovaning qator sheriklarining nomlarini keltirgan. Shunday ekan, AQSh sudida o‘zbek tomonining da‘volariga qarshi chiqadigan taraf qo‘lida bu bir qurol bo‘ladi, ya‘ni ular aytishlari mumkinki, mayli, ba‘zi odamlarni sudga tortibsiz, lekin hukumat rasmiysi "A"ga nima bo‘ldi?

BBC: Shu kabi boshqa hollarni siz bilasizmi? Boshqa hukumatlar chetda muzlatilgan pullarni talab qilib, o‘zlariga qaytarib olgan hollari bo‘lganmi?

Lillis: Aynan mana shu Markaziy Osiyo mintaqamizda shunday bir qiziq pretsedent bo‘lgan. 2007 yilda Qozog‘iston hukumati chet elda noqonuniy deya muzlatilgan pullarni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan. Bu o‘zbek ishiga juda o‘xshab ketadi, chunki qozoq ishida ham yuvilgan pullar, korruptsiya, jinoiy ish aralashgan bo‘lgan. Bu pullar ham Shveytsariyadagi bank hisobida yotgan bo‘lgan. AQSh tergovchilarning o‘shanda aytishlaricha, ayni tergov ishi Qozog‘istondagi juda yuqori darajali doiralarga, hattoki prezident Nazarboyevning o‘ziga borib taqalgan. Qozoq hukumati alaloqibat hakamlar bilan kelishuvga erishishga muvaffaq bo‘lgan va pullar Qozog‘istonga qaytarilgan. Bu mahkama ishida da‘vo qilinishicha, 1990-yillarda Amerika fuqarosi juda yuqori martabali qozoq arboblariga neft sanoatidagi imtiyozlar uchun katta pora bergan. Demak, siyosatchilari pora olganlikda gumon qilingan mamlakatning o‘ziga bu pullar qaytarib berildi. Keyinroq Qozog‘istonda xayriya jamg‘armasi tuzildi va bu pullar o‘sha jamg‘armaga kiritildi, hamda uning qanday sarflanishini xalqaro kuzatuvchilar juda qattiqqo‘llik bilan kuzatishlari belgilandi. Bu pullar kambag‘al oilalarga sarflanishi kelishilgandi.

BBC: O‘zbekiston hukumati agar pullarni qaytarib olsa, bu pullar qanday sarflanar ekan? U yerda ham shunday jamg‘arma tashkil qilinishi mumkinmi?

Lillis: Qozog‘iston misoli shuni isbotladiki, O‘zbekistonga muzlatilgan noqonuniy pullarning qaytarilishi butkul imkonsiz narsa emas. O‘zbekiston qatori Qozog‘iston ham Transparensi kabi xalqaro tashkilotlarning poraxo‘rlik bo‘yicha reytinglarida eng yomon o‘rinlarni egallab keladi. O‘zbekiston oxirgi 10talikka kiradi. Qozog‘iston misolida, unga pullar qaytarilganda Jahon Banki, Bolalarni asrang va qator huquqiy tashkilotlar ishtirokida jamg‘arma tuzilish uchun juda qattiqqo‘l shartlar qo‘yilgan. AQSh, Shveytsariya hukumatlari ham buni kuzatib turgan. O‘zbekiston misolida ham, agar pullar qaytariladigan bo‘lsa, ular yana o‘sha eski korruptsiya quyuniga tushib qolmasligi ta‘minlanishi kerak bo‘ladi. AQSh adliya vazirligi o‘zbeklarning muzlatilgan puli hukumat rasmiysi "A"ga foyda keltirgan deb turibdi. Demak, shu rasmiy hali ham O‘zbekistonda qolar ekan va prezidentga qarindoshligi aytilar ekan, AQSh tarafi yoki uning xalqaro sheriklari o‘zbek hukumatining va‘dalariga ishonarmikan?

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio