Yunoniston qirg‘oqlarida o‘nlab qochqinlar dengizga cho‘kib ketdi

Image copyright AP
Image caption Omon qolganlar

Egey dengizining Yunonistonga yaqin qirg‘oqlarida 42 nafar qochqin cho‘kib ketgan.

Qochqinlar tushgan ikki kichikroq kema halokatga uchragan.

Birinchi kemada qurbonlar soni 34 kishi bo‘lgan, ularning 11 nafari bolalar ekani aytiladi.

Ikkinchi kemadan esa 8 kishi cho‘kib ketgan.

O‘tgan yil Ovro‘poga bir millondan ortiq qochqinlar noqonuniy yo‘llar bilan kirishgani aytiladi.

Turkiyadan Yunonistonga qarab yo‘lga chiqqan qochqinlardan 700 nafari o‘tgan yil dengizga cho‘kib ketgan.

Shu yilning o‘zidayoq Egey dengiziga 100 nafar qochqinlar cho‘kib ketishgani aytiladi.

Qochqinlar masalasini muhokama etish uchun Turkiya Bosh vaziri Ahmet Dovutog‘li Berlinda Olmoniya kansleri bilan uchrashmoqda.

Payshanba kuni Frantsiya Bosh vaziri Manuel Valls Ovro‘po Ittifoqining taqdiriga muhojirlar inqirozi tahdid solayotganini aytgandi.

Valls BBC bilan suhbatda Iroq va Suriyadan qochayotgan barcha muhojirlarni Ovro‘po qabul qilolmasligini urg‘ulab, "agar shunday qilsak, bizning jamiyatlarimiz beqarorlashadi", deb aytdi.

Qutqaruv ishlari davom etmoqda, ammo...

Image copyright AP
Image caption Jasadlarni tekshirish

Kalolimnosdagi yunon qutqaruvchilari 26 qochqinni suvdan chiqarishga muvaffaq bo‘lishgan, ammo keyinroq jami 34 jasadni topishgan.

Bu kemaga qancha qochqin tushgani haqida hech bilmaydi, ammo taxminlarga ko‘ra, 100 kishi bo‘lgan.

Hozir ham qutqaruvchilar qidiruv ishlarini davom ettirishmoqda.

Farmakonisiga yaqin hududda cho‘kkan kemada esa 48 kishi bo‘lgan.

Qirq qochqin qirg‘oqqa chiqolgan, ammo olti bola va bir ayolning jasadi keyinroq topilgan.

Bir qizaloq qutqarib qolingan.

Turkiyaning o‘zida 3 millionga yaqin qochqinlar bor.

Ularning aksariyati suriyaliklar ekani aytiladi.

Aksariyat qochqinlar odam savdogarlariga minglab dollar berishadi va Ovro‘po tomon yo‘l olishadi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq