Cho‘chqa tumovi MDHga yoyilmoqda

Image copyright UNIAN
Image caption Cho‘chqa tumovi MDH davlatlariga tahdid solmoqda

Halokatli cho‘chqa tumovi so‘nggi oylari sobiq Sovet davlatlarida o‘nlab insonlar umriga zomin bo‘lmoqda.

Bundan 7 yil avval butun dunyoni vahimaga solgan va bir muddat pandemiyaga aylangan H1N1 virusi endi sobiq Sovet davlatlarida bosh ko‘tarayotir.

Ukraina, Rossiya, Armaniston va Qozog‘iston tibbiyot mulozimlari cho‘chqa tumovi holatlari aniqlanayotganini tasdiqlaganlar.

Ukraina sarosimada

So‘nggi kunlardagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Ukrainada ushbu kasallikka chalingan 50 nafardan ko‘proq kishi olamdan o‘tgan.

Armanistonda ham ayni virus bir necha inson umriga zomin bo‘lgan.

Markaziy Osiyoda esa Qozog‘iston H1N1 virusini yuqtirgan fuqarolari orasida o‘lim hollari qayd etilganini bir necha kun oldin tasdiqladi.

Ukraina halokatli virus tarqalishini jilovlash uchun maktablarni yopmoqda, ommaviy yig‘in va tadbirlarni taqiqlamoqda.

Image copyright AFP
Image caption MDHda odamlarni cho‘chqa tumoviga qarshi emlash keng yo‘lga qo‘yilmagan

Ko‘pchilik bilan muomala qiladigan soha vakillariga esa doimo tibbiy niqob taqib yurish maslahat berilgan.

Mamlakat sharqida rossiyaparast isyonkorlarga qarshi janglar kecharkan, virus ham aynan ana shu mintaqalarda keng yoyilmoqda.

Ukraina tibbiyot mulozimlari hozir odamlarni sarosimaga tushmaslikka chaqirmoqdalar.

Biroq o‘nlab odamlarning mazkur tumovdan nobud bo‘lgani xavotir uyg‘otmay qolmaydi.

"Vaziyat o‘ta jiddiy va yoshlar orasida virus keng yoyilmoqda" - deydi Kiyevdagi bosh immunolog shifokor Fyodor Lapiy.

Uning aytishicha, na shifokorlar, na keng omma orasida ayni tumovga qarshi emlash ishlari risoladagidek yo‘lga qo‘yilgan.

Odamlar ham toki kasallik ularni butkul holdan toldirmaguncha shifokorga borishmaydi.

Shu qatorda, aholi uchun tibbiy niqoblarning yetishmasligi ham haloktali virus tarqalishi uchun o‘ng‘ay sharoit yaratmoqda.

O‘zbekiston samaraliroq

Aksar sobiq Sovet davlatlaridagi tibbiyot tizimlari o‘tgan chorak asr davomida zamonaviylashish va islohotlar masalasida ancha orqada qolgan.

Image copyright AFP
Image caption Cho‘chqalardagi tumov mutatsiyaga uchrab, odamlarga ham o‘tgan

Buning ustiga butun MDH bo‘ylab korruptsiya va poraxo‘rlik avjiga chiqqan. Hech bir sobiq Sovet davlatida halq tibbiyot tizimiga ishonmaydi.

Ukraina esa boshqalarga qaraganda ancha demokratik davlat.

Ayni paytda, bu mamlakatni tartibsizlik va boshboshdoqlik ham keng qamrab olgan.

Ukraina tibbiyot tizimida markazlashgan, qattiqqo‘l yondashuv kuzatilmaydi. Mamlakatda o‘tgan ikki yilda Sog‘liqni saqlash vaziri to‘rt marta almashgan.

Bunday holatda esa biron favqulodda vaziyat yuzaga kelganida tezkor va samarali choralar ko‘rish o‘ta qiyin kechadi.

Masalan, Qozog‘iston yo O‘zbekistondagi markazlashgan va buyruqbozlikka asoslangan tibbiyot tizimi aynan cho‘chqa tumovi kabi epidemiya xavfi tahdid qilganida qo‘l keladi.

Shu jihatdan olganda, avtoritar boshqaruv hukmron boshqa sobiq Sovet davlatlaridan ko‘ra Ukrainadagi vaziyat ham MDH va ham Sharqiy Ovro‘poni ko‘proq xavotirga solayotir.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq