Din erkinligi: "Salla desa kalla..."

Tojikiston mintaqada musulmonlarning soqoli va muslimalarning ro‘mollariga qarshi kampaniya boshlagan navbatdagi davlat bo‘lgan.

Xatlon viloyatida qariyb 13 ming nafar erkakning soqollari majburiy qirtishlangani o‘tgan hafta jahon matbuotining sarlavhalariga chiqqan.

Yaqin-yaqingacha Islomga nisbatan keng yo‘l bergan davlat sifatida ko‘rilgan Tojikiston so‘nggi paytlarda mustaqil qarashdagi musulmonlarga qarshi ta‘qib va tazyiqlarni avj oldirgan.

Hukumat nazarida bularning hammasi diniy radikallashuv va terrorizmga qarshi kurashning bir qismidir.

Soqol va ro‘molga qarshi kurash O‘zbekistonda ancha avval, 1990-yillarning oxirlarida boshlangan.

O‘zbek hukumatining mustaqil dindorlarga qarshi kampaniyasi shundan buyon to‘xtamagan, ammo IShID tahdidi bois so‘nggi paytlarda yana qaftadan avj olgani aytiladi

Ijtimoiy minbar ruknimizda davlat soqol va ro‘moga aralashishi kerakmi, degan savol yuzasidan o‘z fikrlarini bildirgan BBC mushtariylarining bu boradagi qarashlari turlicha.

"Zaiflik belgisi"

Facebook foydalanuvchisi Abdulqodir Polvonovning fikricha, coqol va hijobni taqiqlash terrorizmga qarshi kurashning "eng zaif usuli"dir.

"Birinchidan, g‘arazli maqsadni niyat qilgan oqimlar soqol, sallasiz qiladi o‘z ishlarini. Ikkinchidan, meni otamdan boshlab yuqoridagi hamma bobolarimni soqoli bo‘lgan. Ular terrorist emas edi. Uchinchidan, biz faxrlanayotgan ajdodlarimiz va o‘tgan azizlarimiz hammasi soqolli bo‘lishgan. Ular terrorist bo‘lishmagan. Ular bizning ajdodlarimiz. To‘rtinchidan, bizning momolarimizning boshidan birinchi bo‘lib ruslar va rusparastlar ro‘molni yechib olishgan. Ular terrorist emas edi. Ular biz faxrlanayotgan ajdodlarni dunyoga keltirib tarbiyalagan onalardir. Alhamdulillah, bizning O‘zbekistonda bu kabi jaholatga hali borilmadi, umid qilamizki borilmaydi ham. Chunki bizda o‘z madaniyatini yot madaniyat deydiganlar hali yuzaga chiqmadi. Bobolarimizning va momolarimizning suratlari sandig‘imizda turibdi soqol va ro‘mollari bilan", - deb yozadi Abdulqodir Polvonov.

Naser Muhammad davlatninng soqol va ro‘molga aralashish huquqini e‘tirof etadi. Unga ko‘ra, agar mamlakat ichki va tashqi xavfsizligiga raxna solsa, bu masalada aralashishi kerak. Ammo u soqol va ro‘mol qanday ko‘rinishda davlat xavfsizligiga raxna solishi mumkinligiga oydinlik kiritmagan.

Farkhod Abdurakhmonovga ko‘ra, soqol ekstremizm alomati emas. "Soqol qo‘ygan kishini biz demokratik va dunyoviy qadriyatlarni poymol etganlikda ayblay olmaymiz", - deydi

Image copyright AFP
Image caption Britaniyada o‘quvchi qizlarning ro‘mol o‘rashlariga cheklov yo‘q

Ammo ayni paytda uning fikricha, "hozirgi sharoitda milliy zehniyatimizni, fuqarolarimizning ma‘rifatlilik darajasini hisobga olganda, unga yo‘l qo‘yib berilishi ertaga ekstremizmga asos yaratishi ehtimoli yuqori".

Farkhod Abdurakhmonov dinning shakli emas, balki mazmuniga ko‘proq e‘tibor berish kerak, degan fikrda.

"Shu yuz minglab soqol qo‘yganlarni bir yaxshilab o‘rganib chiqaylik-chi, ularning ma‘naviy dunyoqarashlari qanaqa ekan?", - deya savol qo‘yadi u.

Bu borada u jadidchilarni o‘rnak qilib keltirgan Farkhod Abdurakhmonovga ko‘ra, hukumat ham soqol va hijobdan avval ijtimoiy adolatga ko‘proq e‘tibor qaratishi va korruptsiyani yo‘q qilishi kerak.

"Hukumat dinni nazorat etish va cheklovlar o‘rnatishdan avval ana shu yuqoridagi omillarni yechimiga kuch-qudratini safarbar etishi lozim", - deb yozadi Facebook foydalanuvchisi.

Uning fikricha, agar hukumatlar hijobni arablarning madaniyati deb o‘rashni man etayotgan bo‘lsalar, unda mini-yubka bilan ham xuddi shunday, bu Yevropani madaniyati deb keng ko‘lamda kurashishlari zarur va shunda adolatli ish bo‘ladi".

"Salla desa kalla..."

"O‘zbekistondan boshqa hech yerda taqiqlanmagan, nima uchun aynan bizda shunday, bilmayman", - deydi ruscha izoh qoldirgan Bek Nazarov. "Deylik, menga qoqol qo‘yish yoqadi, Qozog‘iston va Rossiyada bemalol soqol qo‘yishim mumkin", deb yozgan u.

"Fuqarolar chegara degan narsani bilishi kerak. Soqchol bo‘lsin, ammo meyorda, ro‘mol bo‘lsin, ammo paranji emas!" deydi Ulugbek Aybek Mahmudov.

Image caption O‘zbekiston hukumati diniy erkinliklar cheklanayotganini rad etadi

"Unutmaslik kerak, iymon go‘zalligi kiyim yoki shaklda emas, balki tarbiya va axlokda!", deb yozgan u.

Maks Iks ismli Facebook foydalanuvchisi hokimiyat vakillarining bosimlariga qaramasdan, hijobdan voz kechmagan bir ayol haqida yozgan.

"Bir do‘stimning ayolini bundan 6 yil oldin hijobdan chiqishini so‘ramagan mahalla boshliqlari-yu jensovetlar qolmagandi. U yechmadi hijobini. Hech narsa qilolgani yo‘q hukumat... "Olloh menga shuni buyuribdi... men senlarning aytganingni qilaymi yo Xudonimi?" dedi u!. Muhimi e‘tiqod mustahkamligi. Mahalladagi shotirlar shunchaki salla desa kallani eltishga o‘rgangan".

Marifjon Nadirovning fikricha, "davlat diniy erkinlikka haddan ortiq chegaralar va to‘siqlar qo‘yib tashlayapti".

Unga ko‘ra, soqol va hijobdan davlatga hech qanday xavf yo‘q.

"Bu ketishda yaqinda ayollarning ishtoniga osiladi", degan Marifjon Nadirov

Ayni mavzudagi sharhlar bilan to‘laligicha Facebook va Odnoklassniki dagi BBC O'zbek sahifalarida tanishishingiz va o‘z fikrlaringizni qoldirishingiz mumkin.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio