Zika virusi tufayli bolalar kichik miya bilan tug‘ilmoqda

Image copyright AP

Zika virusi butun Amerika qit‘alari bo‘ylab tarqalishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti shunday ogohlantirish bilan chiqdi.

Isitma, kon‘yunktivit va bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi mazkur infektsiya allaqachon Karib orollari, Shimoliy va Janubiy Amerikaning 21ta mamlakatida qayd qilingan.

Zika virusi minglab bolalarning rivojlanmay qolgan miya bilan tug‘ilishlariga sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ba‘zi davlatlarda ayollarga homiladan saqlanish tavsiya qilindi.

Hozircha unga qarshi muolaja va vaktsina ishlab chiqilmagan.

Virus Afrikada paydo bo‘lgan, lekin 2015 yil mayida ilk marta Braziliyada qayd qilingan.

Amerika qit‘asi aholisi orasida bu virusga tabiiy immunitetning bo‘lmasligi uning tez tarqalishiga sabab bo‘layotgani ishoniladi.

Chivin

Zika virusi Edes chivinining chaqishi bilan yuqadi. Bu chivin Kanada va Chilidan tashqari, Amerika qit‘alarining barcha mamlakatlarida mavjud.

Image copyright AP

O‘z bayonotida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Amerika bo‘yicha bo‘limi zika virusi edes chivinlari mavjud bo‘lgan barcha mamlakatlarga tarqalishda davom etishini bashorat qilayotganini aytdi.

Tashkilotning tasdiqlashicha, mazkur virus bir kishining spermasida ham topilgan va "odamdan odamga jinsiy aloqa orqali o‘tishi mumkin"ligiga ishora qilgan. Hozirda bu dalil-isbotlar o‘rganib chiqilmoqda.

Zika virusini yuqtirganlarning 80 foizi hech qanday kasallik alomatini sezmaydilar.

Eng katta xavotir ona bachadonidagi homilaga yetkaziladigan ehtimoliy shikast borasidadir.

Oktyabr oyidan beri Braziliyaning o‘zida 4 mingdan oshiq chaqaloqlar mikrotsefaliya, ya‘ni yetarlicha rivojlanmagan miya bilan tug‘ilganlar.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus havfi ostidagi hududlardagi homilador ayollarga shifokorga murojaat qilishni tavsiya qilmoqda.

O‘tgan hafta Kolumbiya, Ekvador, El Salvador va Yamayka hukumatlari virus to‘la o‘rganib chiqilmaguncha, ayollarni homilani kechiktirishga undadi.

Pan-Amerika sog‘liqni saqlash tashkiloti "homilani kechiktirish bo‘yicha qaror ayol, uning umr yo‘ldoshi va shifokor o‘rtasida qabul qilinadigan qaror" ekanini aytmoqda.

Tashkilot chivinlar ko‘payadigan suv idishlarini tez-tez bo‘shatib yuvish, chivinlarni bezdiradigan purkagichlarni sepish, tanani yopib turadigan kiyimlarni kiyish, hamda eshik va derazalarni yopib qo‘yishni tavsiya qildi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio