"Qizlarni qutqaring!"

Image copyright iStock

Agar zo‘ravonlik jinoyati oilada sodir etilsa, to‘rt holatdan uchtasida jabrlanuvchi- ayol ekani anglashiladi. Rossiya Ichki Ishlar vazirligi so‘nggi ma‘lumotlari ko‘rsatishicha, bu kabi rasman ro‘yxatga olingan jinoyatlar tobora ko‘paymoqda.

2014 yili ularning soni 30,6 mingtani tashkil qilgan, bu oldingi yilga nisbatan 10 foiz ko‘pdir.

Yelena(ismi o‘zgartirilgan) o‘zining fuqarolik eri bilan 13 yil yashagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, eri unga "qo‘l ko‘targan" holatlar uchragan, lekin haqiqiy dahshat u eridan ketganidan keyin boshlangan.

"Men hatto eshikni ochishga qo‘rqardim, chunki u shu yaqin-atrofda, pod‘ezd oldida ekanini bilardim. U menga kislota sepib yuborishi mumkin, deb qo‘rqardim. U menga do‘q qilar, qo‘rqitar: "Seni o‘ldiraman, so‘yib ketaman", derdi.

Har kuni mast erkak uning ota-onasi uyi eshigini buzib kirishga urinar, lekin har safar jarima to‘lash bilan qutular edi. Ikki yilni Yelena shu tariqa, deyarli uydan chiqmay o‘tkazdi. Normal hayotga eridan yashirinib, boshqa shaharga ko‘chib o‘tganidagina erishadi.

O‘sha paytda, u ota-onasi uyida qamalib o‘tirganida, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa shu kabi jabrlangan ayollar bilan muloqotda bo‘ladi.

Qachonki zo‘ravonlik qurbonlari qonun bilan himoyalanganlarini his qilmas, vaqti kelganda odamlar, hatto o‘z yaqinlarining muhokamasiga sabab bo‘lar ekan, o‘zi kabi holatga tushgan begona odamlar bilan muloqot ularga qimmatli ruhiy rag‘batni berishi, ko‘nglini ko‘tarishi mumkin.

Eridan yashirin

"Qizlar, yordam beringlar. Bu yurak nidosi. Men hamma narsadan sovudim. O‘z-o‘zimni o‘ldirish fikri xayolimdan ketmay qoldi. Dardimni hech kimga aytolmayman, yuragimni bo‘shatolmayman", - deb yozadi oiladagi zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollardan biri.

"VKontakte"ijtimoiy tarmog‘ida oilaviy zo‘ravonlikka bag‘ishlangan bir necha guruhlar bor. Ular ko‘proq qatnashuvchilarni jalb qilishni mo‘ljallagan bo‘lsalar-da, ayollarning o‘zini yana xavfga ro‘baro‘ qilishi, ularda alami borlar va internet trollar oldida himoyasiz qilib qo‘yish xavfi ham yo‘q emas.

Shuning uchun shaxsiy tajriba bilan almashish yopiq guruhlarda yuz beradi.

Oxirgi yillar "VKontakte"tarmog‘ida Chelyabinsk shahrilik Yuliya(familiyasi uning iltimosiga ko‘ra aytilmaydi)ning oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga yordam berish guruhi hamfikrlari ko‘payib bormoqda. Bundan uch yil oldin Yuliya o‘ziga yaqin inson oilaviy zo‘ravonlikka duch kelganidan so‘ng shunday guruh tuzishga qaror qilgan.

"Men oilasidagi qiyinchiliklarni bilgach, unga yordam qo‘lini cho‘zishni istadim. Uni ushbu guruhga taklif qildim, bu yerda uning vaziyatiga tushib qolgan boshqa ayollarni ko‘rib, qiyinchiliklardan o‘tib olishini xohladim", - hikoya qiladi u.

Guruh ochiq bo‘lganda, shunday erkaklardan biri unga kirib qolishi, xotinining aytganlarini o‘qib, ahvol yanada murakkablashishi mumkin, deydi "VKontakte"dagi guruhni tuzgan Yuliya.

Image copyright Thinkstock

Ayni paytda guruhning 300 a‘zosi bor. Har bir qatnashchi tanlab olingan. Yuliyaning so‘zlariga ko‘ra, u ariza bergan ayollarning sahifalarini sinchiklab ko‘rib chiqadi, unga rostdan ham yordam kerakligini bilish uchun u bilan yozishadi, erkaklar esa guruhga ataylab yaqinlashtirilmaydi.

"Men ortiqcha odam guruhga kirib kelmasligi uchun, uni ataylab yopiq qildim, ya‘ni faqat maqsadli auditoriya bo‘lsin. Agar guruh ochiq bo‘lsa, shunday ayollarning birini eri kirib olishi va ayolning hayoti yana ham murakkablashib ketishi mumkin", tushuntiradi u.

Alamzada erkak ayolning yozishmalarini qandaydir tarzda kuzatishini oldini olish maqsadida, ayollar soxta akkauntlar yoki o‘zlari juda ishongan kishilarning sahifalaridan foydalanishadi.

Mana bu guruhda ayollar tomonidan aytilgan hikoyalardan ba‘zilari:

"Tug‘ilgan kunim men uchun kaltaklashlar kuni, bu kunni ko‘rgani ko‘zim yo‘q,- deb yozadi bir ayol. - Bir oy oldin erim meni sal qoldi so‘yib qo‘yardi, agar qizim kelib qolmaganda o‘ldirishi aniq edi. Mening boshim unga futbol koptogi, hatto homiladorligimda ham rosa do‘pposlardi. Qochib ketmasligim uchun umuman pul bermaydi".

Guruhdagi homilador ayollarda doim xavotir mavjud. Chunki ularni erlari boqadi, deydi Alena Sadikova.

"Oxirgi 5 yilda u meni doimo haqorat qilib keladi va duch kelgan narsani otadi", deb o‘z dardini bo‘lishadi kasalmand boshqa bir qatnashchi. "Meni tepadi, yuzimga uradi, tuvakni otadi, pul bermaydi".

"Bizda bank qarzi mening nomimda. Ikki sessiyadan keyin o‘qishni tugataman. To‘lash kerak. Men unga moliyaviy qaram ekanimni bilib, xohlaganini qiladi. Bolalar oldida baqiradi, ular qo‘rqib yig‘lashadi, keyin esa erim hamma kabi kechirim so‘raydi", deb xabar beradi yana bir ayol.

Guruh a‘zolari orasida o‘z yo‘lini topganlar ham ko‘pchilik. Ular ayollarning yozganlariga izoh qoldirib, ba‘zilari erlaridan ajrashishni maslahat berishadi, shuningdek, professional yordam olishni ham aytishadi.

"Uydagi janjal"

Yuliyaning fikricha, ayollar erining va sherigining zo‘ravonligi haqida kundalik tanishlari oldida aytaverishmaydi. "Yaqinlariga aytishni xohlashmaydi. Ularning rahmini keltirishni istashmaydi yoki o‘zlarini ojiz qilib ko‘rsatgilari kelmaydi. Lekin bir kun kelib hammasi oshkor bo‘ladi. Begona odam bilan xohlagan narsa haqida gaplashishlari mumkin, mening nazarimda", deydi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda men buni boshqalar bilan o‘rtoqlashishim mumkin. Qanday maslahat berganimni aytishim mumkin. Va qandaydir muloqot bo‘ladi, bu juda muhimdir, deydi oilaviy zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan Yelena.

Bizning qahramonimiz Yelena ikki yil uyda qo‘rquvda o‘tirganida kim bilandir muloqot qilishi zarur bo‘lganini aytadi. Uning so‘zlashicha, shu paytgacha uning muvaffaqiyatli karerasi bo‘lgan. Qo‘rquvda uyda o‘tirib qolganda u uchun butunlay boshqacha vaziyat boshlangan, bu uning ruhiy ahvolini og‘irlashtirgan xolos.

"Men doim ishlashga o‘rgangan, shuning uchun doim pulim bo‘lgan. Bu juda og‘ir. Xuddi qamoqdagi kabi o‘tirasan, hech qayerga chiqolmaysan. Men hech kim bilan dardimni bo‘lisholmasdim-tanishlar, do‘stlarim bilan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa buni aytishim, menga yozishlari, maslahat berishlari mumkin, men qanaqadir maslahatlar beraman. Ya‘ni, qandaydir muloqot bo‘ldi, bu juda muhim", hikoya qiladi u.

Yelenaning so‘zlariga qaraganda, u o‘z hayotini o‘zgartirib, boshqa shaharga ketishni o‘zi xohlagan, ijtimoiy tarmoqlardagi maslahatlar esa uni qabul qilishga turtki bo‘lgan. Xuddi shunday holat shu guruh tuzilishiga sabab bo‘lgan Yuliyaning yaqin tanishi hayotida ham ro‘y bergan.

"Bu uzoq davom etdi. Boshqa ayollar yozganidek, men bunga qaror qildim va hozir men uchun hammasi yaxshi, deydi u. Mening fikrimcha, bunday guruhlar nima bo‘lganda ham foydali, ayollarga ta‘sir qiladi, ularni o‘zlariga ishontiradi, ayollar bu hayotda mustaqil yashay olishlariga ishontiradi, kuch beradi".

"Ilohiy raqam"

Guruhdagi yozishmalarda haqiqatdan shunday manzarani ko‘rish mumkin: ayollar oldiniga farzandlari uchun ketolmasligi, ularni yaxshi ko‘rishi yoki qayerga ketishini bilmasligini yozadilar. Biroq keyinchalik butunlay boshqacha mazmundagi xabarlar paydo bo‘la boshlaydi.

"Men bir oydan beri oqimdaman. Shu bir oy ichida men baxtni his qildim, yelkamda qanot paydo bo‘ldi, kuch va baxtga intilish paydo bo‘ldi! Men bu qadamni qo‘ydim, men qo‘rquv va erimning jazosidan xavotirni yengib o‘tdim! Men KETDIM!!! - deb yozadi misol uchun bir qatnashchi dekabr oyida.

Biroq boshqa toifadagilar ham borki, bunday qadam qo‘yishdan qo‘rqishadi. Eridan ketsa, bolalarini boqolmasligini aytishadi. Shuning uchun barcha haqorat, kaltaklashlarga chidashga qaror qilishadi. Undaylar erlarisiz yasholmasliklarini aytishadi.

Ayollar qancha uzoq zo‘ravonlik ostida yashasalar, shuncha ko‘p undan ketishlari qiyin, deydi "Kitej" zo‘ravonlik jabrdiylariga yordam markazi direktori Alena Sadikova. Unga ko‘ra, bunday ayollar o‘z zo‘ravonlariga ruhan qaramdirlar.

Markazda shunday voqealar ham bo‘ladiki, yordamga juda muhtojlar oxir-oqibat umuman kelmay qo‘ya qolishadi.

"Qachonki ayollar uzoq muddat oilaviy zo‘ravonlik holatida bo‘lib kelsa, u oilani tark etishi uchun umuman manba bo‘lmaydi, u o‘zini boshqacha yashashini tasavvur qilolmaydi", tushuntiradi Sadikova. - Xalqaro statistika ko‘rsatishicha, ayollarning oilaga qaytishlarining o‘rtacha soni yetti, shunday ilohiy raqam. Yetti marta ayol erini kechiradi, lekin bunday oilalar orasida zo‘ravonlik holatlari o‘limga ham olib borishi uchraydi".

Kim kimni o‘ldiradi?

Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha rasmiy ma‘lumotlar turlicha va aniq raqamlarni olish imkonsiz.

Rossiyada har yili erlari va sheriklari tomonidan 14 ming ayol halok bo‘lishi haqidagi ma‘lumotlar 1990 yillardan beri aytiladi. Ular qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishini aniqlash imkonsiz. Ammo ayollarga nisbatan zo‘ravonlik vaziyatining boshqacha ko‘rinishi ham bor.

"Har yili qanchadir ayol ko‘p yillik kaltaklashlarga chidolmagan ayollar qamoqlarda o‘tirishadi. Ularda butkul befarqlik holati yuzaga keladi: o‘zlarini himoya qilish uchun pichoqni olib erlarini o‘ldirishadi", deydi Sadikova.

Moskvalik Tatyana Kulakovaning ishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. 2014 yil sentyabrda o‘zi va bolalarini narkoman eridan himoya qilish uchun oshxona pichog‘i bilan unga halokatli zarba yetkazadi. Bungacha ayolning badani kaltaklardan mo‘mataloq bo‘lib ketgan bo‘lsa ham uni to‘rt yilga "qasddan og‘ir tan jarohati yetkazgan"i uchun qamaladi.

Ommaviy axborot vositalaridagi qizg‘in muhokamalar ta‘sirida o‘tgan yil avgustida Kulakova "O‘zini himoya qilish uchun og‘ir tan jarohati yetkazish" bandiga almashtirilib, G‘alabaning 70 yilligi munosabati bilan amnistiyaga tushiriladi.

Eri tomonidan zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar soni qanchaligi aniq ma‘lum bo‘lmasada, o‘tgan yarim yillikda 18 ming shunday jinoyatlar ro‘yxatga olingani ma‘lum. Bu 2014 yilga nisbatan 11 foizga ko‘pdir.

Rossiya Ichki Ishlar vazirligi oilaviy ko‘ngilsizliklarni oldini olish bo‘yicha doimiy ish olib borilayotganini aytadi. Biroq bu borada sodir bo‘layotgan voqealar huquq faollari va xalqaro tashkilotlarda xavotir uyg‘otadi. BMTning ayollarga nisbatan kamisitishlar oldini olish qo‘mitasi Rossiya hukumatini oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari bo‘yicha statistika aniq emasligini tanqid qilgan.

"Qo‘mita hamma holatlarda politsiyaga murojaat qilinmasligi, bu shaxsiy ish deb bilishlari, jabrlanganlarni himoya qilish va yashirish markazlari yetarli emas", deyiladi hisobotda.

Inqiroz markazlaridagi qarama-qarshilik

Image caption Alyona Sadikova rahbarligida "Kitej" markazi 2015 yil bahorida ish boshlagan

Rossiyada oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari va jabrdiylariga yordam ko‘rsatuvchi davlat va xususiy inqiroz markazlari bor. Rossiya Mehnat vazirligiga ko‘ra, 2013 yilda butun mamlakat bo‘ylab 21 ta markaz faoliyat olib borgan.

"Kitej" markazi 2015 yil bahorida ish boshlagan. Novomoskovskdagi bu markaz cherkov hovlisida joylashgan. Qiyin ahvolda qolgan ayollar bolalari bilan shu yerga olib kelinadi. "Rostelekom" markazni moliyaviy ta‘minlaydi.

"Kitej" diretori Alena Sadikovaga ko‘ra, ayollar oldiniga uch kunga qabul qilinadi. Boshqalar bilan birga ovqatlanib, tozalikni saqlab tursa, yana uch oyga qoldiriladi. Bu vaqtda u o‘zining yuridik muammolarini hal qilib olishi mumkin. Biroq markazda bundan ortiq ushlab turishmaydi. Markazdagilar aytishicha, ularning vazifasi ayollarga endi qanday harakat qilishga yordam berib yuborish, ularni ushlab boqib o‘tirish emas.

Markazning boshqalaridan farqi ayollarning millati va fuqaroligi va qayerda ro‘yxatdan o‘tganligidan qat‘i nazar qabul qilinadi. Davlat markazlarining xizmati ko‘plar uchun imkonsiz. Ularda ro‘yxatga olishdan tashqari, oilaning daromadi, kaltaklanishlar haqida tasdiqlovchi hujjat so‘rashlari mumkin. Ba‘zida ayollar hech narsa olmay, uyidan qochib chiqishi mumkin. Yana shunday ayollar borki, deydi Sadikova, boshqa shaharga turmushga chiqqan, bu yerda qarindoshlari yo‘q. Eri yillarki uni ro‘yxatdan o‘tkazmay, "seni xohlagan payt haydashim, ko‘chada qolishing mumkin", deb qo‘rqitib kelgan.

Politsiya nima qiladi?

Image caption "Kitej"da ayollar mana bu taqinchoqlarni yasashadi. Ko‘ngilga malham bo‘lishidan tashqari bu ish yaxshigina daromad ham keltiradi

"Kitej" markazi tajribasida faqat bir ayol ishni sudgacha olib borgan. Uning eri ham amnistiya munosabati bilan ochiqqa chiqqan, ayol yana eridan yashirinishga majbur.

"VKontakte" tarmog‘idagi muloqotlardan anglashiladiki, ayollar politsiyaga murojaat qilishni maslahat berishadi. Biroq juda ko‘p hollarda bu yordam bermadi, degan izohlarni uchratish mumkin.

"Biz nimalar qilmadik,- deydi Yelena. - Men ota-onamnikiga ketganimda, birinchi kundanoq erim kelib eshikni buzgan. Kuniga uch martadan politsiya chaqirganmiz. Bir marta uni ushlab olib ketishgan, ertasiga qo‘yib yuborishgan. Ular faqat jarima yozishlari mumkinligini aytishgan. Faqat bir marta politsiyaning chora ko‘rmagani uchun prokuraturaga murojaat qilinganda, uch kunga qamashgan. Keyin yana hammasi qaytadan boshlangan. Ularning aytishicha, bu shaxsiy ish, oilaviy ishga politsiya aralashmas ekan", deb tushuntiradi ayol. Ko‘p holatlarda politsiyaga ariza bergan ayol eri bilan bir xonada yashayotgan bo‘ladi va uning xavfsizligi qanday qo‘riqlanadi?

Keyingi paytda Rossiyada politsiya olib borayotgan ish yetarli emasligi haqida tobora ko‘proq gapirilmoqda.

"Zo‘ravonlik holatlaridan keyin ayol och-yalang‘och bolalarini olib chiqib ketadi, erkak esa uyda qoladi. Nega ayol bolalari bilan chiqib ketishi kerak? Erkaklar kvartira uniki ekanini aytadi. Bolalar shu nikohda tug‘ilgan-ku. Bu bema‘nilik, deydi "Kitej" markazi rahbari Alyona Sadikova.

Oilaviy zo‘ravonliklar oldini olish qonun loyihasining tarixi uzoq. 1990 yillarda shu mazmundagi qonun loyihasi Davlat Dumasiga topshirilgan, lekin biror marta birinchi o‘qishdan ham o‘tkazilmagan.

2014 yil oktyabrda Rossiyaning Birinchi kanalida oilaviy zo‘ravonlikka bag‘ishlangan tok-shou o‘tkazilgan. Qonun chiqaruvchi organlar vakillari qatnashgan ko‘rsatuv mavzusi "Oilaviy zo‘ravonlik haqida qonun: himoyami yoki shaxsiy hayotgan daxl?" deb atalgan. Ko‘rsatuvning aksariyat qatnashchilari shaxsiy hayotga aralashuv deb javob berishgan.

Shu qonun kerakmi?

Image caption "Kitej" markazi bolalari bilan boradigan joyi yo‘q ayollarga boshpana beradi

Qonunchilik me‘yorlari bajarilishi talabga javob bermasligi haqida yangi qonunchilikning mo‘‘tadil tanqidchilari ham gapirishadi. Muqaddam Dumada sog‘liqni saqlash qo‘mitasini boshqargan, hozirda Federatsiya qo‘mitasi a‘zosi Sergey Kalashnikovga ko‘ra, nazorat qilishning mexanizmlarini ishlab chiqmay turib, shunchaki qonun qabul qilish bilan ish bitmaydi.

"Rossiya eng ko‘p qonun qabul qilinadigan mamlakat bo‘lsa kerak, deydi u. Bizda har qanday masalada qonun qabul qilinadi. Lekin amaldagilarini haspo‘shlash uchun yana yangi qonunlar chiqarish oldindan yutqazilgan ishdir". "Oilaviy zo‘ravonlik muammosi qonunlarni o‘zgartirish bilan emas, ijtimoiy madaniy-ma‘rifiy yo‘llar bilan hal qilinishi kerak", deydi janob Kalashnikov.

Bundan tashqari, oiladagi zo‘ravonlik haqidagi qonunga qarshi chiqqanlar, jumladan Novospassk cherkovi ruhoniylari qonun "oilaviy zo‘ravonlik" deb nomlanishi davlatning oilani jamiyatda ta‘siri va obro‘yini oshirish haqidagi siyosatiga to‘g‘ri kelmaydi, deya e‘tiroz bildirishgan. Ruhoniy Pavelga ko‘ra, "oilada zo‘ravonlik bo‘lmasligi kerak, zo‘ravonlik bo‘ldimi u oila emas. Demak uning nomlanishi ham boshqacha bo‘ladi".

"Oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish" haqidagi qonunga qarshi chiqayotganlar fikricha, shu tariqa "oila buzilishi mumkin". Biroq Rossiyada shundoq ham "oilaning chuqur inqirozi" qachonlardan beri bor", deb hisoblaydi "Kitej" oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatish markazi rahbari Aleyoa Sadikova.

Image caption "Rossiya eng ko‘p qonun qabul qilinadigan mamlakat bo‘lsa kerak, deydi", Sergey Kalashnikov

Uning fikriga ko‘ra, oilada zo‘ravonlik muammosi jamiyatning hamma qatlamiga ta‘sir qiladi. Ayniqsa, eng boy va eng kambag‘al qatlamga. Ayol o‘rta qatlamdan bo‘lsa, moliyaviy tomondan ko‘proq mustaqil bo‘ladi va ajrashish haqida tezroq qaror beradi. Agar er boy bo‘lsa, aksariyat hollarda ishlamaydigan ayollar ajrim natijasida sud bolalarni eriga berishidan qo‘rqadi.

Rossiyada patriarxal qarashlar keng tarqalgan. Ayol avvalo ona, uning oilada va jamiyatda bo‘ysunuvchanligi doimo ta‘kidlab kelinadi, deyiladi BMTning Rossiyada gender tenglik bo‘yicha vaziyatga bag‘ishlangan hisobotida.

Alyona Sadikovaning so‘zlariga ko‘ra, jabrlanganlarni ayblash an‘anasi ham kuchli. "Ijtimoiy tarmoqlarda qaysidir ayol oilaviy zo‘ravonlikka duch kelgani haqida yozsang, bas, ko‘plab ayollarning o‘zi unga shu narsa kerak, demak nimadir noto‘g‘ri qilib qo‘ygandirki, eri urgan, deb ayblashga tushadilar. Yoki "nima uchun eri yomon bo‘lsa, unga turmushga chiqdi yoki bola tug‘ib berdi", kabi.

Ekspertning fikricha, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonun qabul qilingan taqdirda ham, bu muammo tezda hal bo‘lmaydi, oilaviy, er-xotinlik munosabatlari o‘n yillar davomida tarbiyalanadi, shakllanadi. Mentalitetni sekin-astalik bilan o‘zgartirish kerak, - deydi u.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBCUZBEK
  • Twitter - BBCUZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBCUZBEK
  • Google+ - BBCUZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq