Shengen: pasport nazoratiga qaytiladimi?

Image copyright Getty
Image caption Bir milliondan ortiq qochqinlar oqimining Ovro‘poga kirib kelishi Shengen shartlarining qanchalik maqsadga muvofiqligini savol ostiga qo‘ydi

Shengen shartnomasi Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo aksariyat davlatlar o‘rtasida ichki chegaralarni deyarli bekor qilib, Ovro‘po bo‘ylab pasport ko‘rsatmasdan erkin harakatlanish imkonini ta‘minlaydi.

Biroq o‘tgan yilning 13 noyabrida 130 inson umriga zomin bo‘lgan Parijga jihodchilar hujumi Shengen zonasi qoidalariga boshqacha nazar tashlashni talab qildi.

Hujumchilarning Frantsiyadan Belgiyaga osongina o‘tib ketishlari fakti, shuningdek, bir qancha hamfikrlari Ovro‘poga Yunoniston orqali muhojirlar ko‘rinishida kirib olishlari katta xavotirni paydo qildi.

Aksariyati suriyaliklar bo‘lgan bir milliondan ortiq qochqinlar oqimining Ovro‘poga kirib kelishi ham Shengen shartlarining qanchalik maqsadga muvofiqligini savol ostiga qo‘ydi.

OI mamlakatlari birin-ketin vaqtinchalik chegara nazoratini kirita boshladilar.

Ovro‘po komissiyasining dekabr oyida taklif qilgan Shengen shartnomasiga jiddiy o‘zgartishlar yaqin orada qabul qilinishi kutiladi.

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo bo‘lmagan davlatlarning ko‘plab fuqarolari Shengen hududiga tegishli ichki chegaralardan o‘tayotganda politsiya tekshiruvidan o‘tishlari kerak.

Shengen vizasini olgan bu fuqarolar ilgari OI ichkarisida bir davlatdan boshqasiga o‘tganlarida pasport nazorati ko‘pda kerak bo‘lmagan.

Biroq Parij voqeasidan so‘ng bunday tekshiruvlar odatiyga aylanmoqda.

Qaysi mamlakatlar ichki chegaralardan voz kechgan?

1985 yil Lyuksemburgning Shengen shahrida chegaralar haqidagi shartnoma imzolandi. 1995 yil shartnoma kuchga kirdi. Belgiya, Frantsiya, Olmoniya, Lyuksemburg, Hollandiya, Portugaliya va Ispaniya Shengenning ilk a‘zolari bo‘lishdi.

Image copyright Reuters
Image caption Shengen zonasining besh mamlakati o‘zlarining chegaralarida nazoratni joriy qilishdi

Keyinroq Italiya, Avstriya, Yunoniston va Shimoliy Ovro‘po mamlakatlari ham ular qatoriga qo‘shilishdi.

2007 yilda Shengenga Sharqiy Ovro‘poning- Chexiya, Estoniya, Vengriya, Litva, Latviya, Polsha, Slovakiya, Sloveniya, hamda Malta davlatlari kirdi.

Ayni paytda Shengen zonasida 26 mamlakat, ular ichida OIning 22 a‘zosi va Ittifoqqa kirmagan 4 davlat- Islandiya, Norvegiya, Shveytsariya va Lixtenshteyn ham bor.

OIning 28 davlatidan 6 tasi Shengen hududiga kirmagan. Bular Bolgariya, Xorvatiya, Kipr, Ruminiya, Irlandiya va Buyuk Britaniyadir.

Boshqa mamlakatlar ham chegara nazoratidan voz kechishi mumkinmi?

Andorra va San-Marino Shengenga kirmasada, pasport nazoratini allaqachon bekor qilgan.

OIning nisbatan yangi a‘zolari Kipr(2004), Bolgariya, Ruminiya (2007) va Xorvatiya (2013) pasport tekshiruvini qachon bekor qilish muddati noma‘lum.

OIning qaysi davlatlari Shengenga kirmaydi?

Buyuk Britaniya va Irlandiya Shengen shartnomasini imzolamaslikka qaror qilganlar. Britaniya o‘z chegaralarini o‘zi nazorat qilishni xohlaydi, Irlandiya esa Shengen hududi a‘zoligidan ko‘ra, Britaniya bilan chegaralar bo‘lmasligiga kelishishni ma‘qul ko‘rgan.

Shunday bo‘lsada, Britaniya va Irlandiya Shengen zonasining bir qancha tashabbuslarida qatnashadi. Jumladan, Shengen axborot tizimi (SIS) Ovro‘po davlatlari politsiya idoralari o‘rtasida ma‘lumotlarni erkin almashishni ta‘minlaydi, jumladan- o‘g‘irlangan avtomashinalar, bedarak ketgan insonlar va jinoiy ishlar bo‘yicha axborotlar almashinadi.

Muhojirlik inqirozi Shengenga nima uchun ta‘sir qilmoqda?

Olmoniya Avstriya bilan chegaradan rekord darajadagi qochqinlar kirib kelganidan so‘ng ushbu mamlakat bilan chegara nazorati o‘rnatishga qaror qildi. Avstriyadan o‘tgan qochqinlar oqimi Vengriyagacha yetib bordi. Ushbu holat Avstriyani Vengriya chegarasida transport harakatini cheklashga majbur qildi.

Shengen vizalari bo‘lmagan muhojirlar OI hududida noqonuniy sanaladilar.

Image copyright Reuters
Image caption Vengiya orqali muhojirlarning ulkan oqimi G‘arbiy Ovro‘poga kirib kela boshladi

Shu bois Vengriya ma‘lum muddat qochqinlar uchun OI mamlakatlariga kirib olish darchasini o‘tadi. Biroq tez orada Vengriya Serbiya bilan chegaraga to‘siq qo‘ydi.

Vengriyaning bu qadami keskin tanqidlarga uchradi. Biroq Budapesht Serbiya Shengenga kirmagani bois, bu qarori to‘g‘riligini bildirdi.

Keyinroq Vengriya OI a‘zolari Sloveniya va Shengenga kirmagan Xorvatiya chegarasida devor o‘rnatdi.

Yanvar boshida ko‘pchilikning diqqati Shengenning ikki a‘zosi- Daniya va Shvetsiyaga qaratildi.

Daniya Shvetsiya Daniya chegaralaridan oqib kiruvchi muhojirlar oqimini qisqartirish choralarini kiritganidan so‘ng, Daniya ham Olmoniya bilan chegara nazoratini kuchaytirdi.

Ayni paytda Shvetsiya shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan har bir kishiga chegarani kesib o‘tishni ta‘qiqladi.

O‘tgan yil 160 mingdan ortiq inson Shvetsiyaga siyosiy boshpana so‘rab murojaat qilgan. Bu aholi soniga hisoblaganda Ovro‘podagi eng yuqori ko‘rsatkich sanaladi.

Dekabr oyida Ovro‘po komissiyasi prezidenti Jan Klod Yunker Shengen hududi bo‘ylab erkin harakatlanish bekor qilinmaydi va "Shengen saqlab qolinadi", dedi.

Image copyright Getty

Shengen shartnomasi millatchilar va ovroskeptiklar, jumladan, Frantsiya Milliy fronti, Daniya Ozodlik partiyasi va Britaniyaning Qirollik mustaqillik partiyasi tomonidan tez-tez tanqid qilinadi. Ularga ko‘ra, Shengen-muhojirlar va jinoyatchilar uchun ochiq darvozadir.

Mamlakatlar qachon chegara nazoratiga qaytishlari mumkin?

Shengen shartnomasiga muvofiq, unga imzo chekkan davlatlar milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan zarur bo‘lganda chegaralarini10 kunga tiklashlari, bu muddat sharoitga qarab 1 oygacha uzaytirilishi mumkin.

Biroq bu chora boshqa barcha imkoniyatlar ish bermagan holatda amal qiladi. Aniq xatar xavf solganida olti oygacha, Shengen chegara kodeksining 26 moddasiga ko‘ra, alohida holatlarda chegara nazorati ikki yilgacha muddatga amal qilishi ko‘zda tutiladi.

Hozir Shengen zonasining olti davlati - Avstriya, Olmoniya, Daniya, Frantsiya, Norvegiya va Shvetsiya chegara nazoratini o‘rnatgan.

2005 yilda Frantsiya London portlashlaridan so‘ng vaqtinchalik chegara nazoratini kiritgan edi.

Avstriya, Portugaliya va Olmoniya yirik xalqaro musobaqalar oldi chegara tekshiruvini joriy qilganlar.

Shengenga a‘zo bo‘lmagan davlatlarga qanday ta‘siri bor?

Shengen vizasi ushbu hududga kiruvchi mamlakatlar uchun muhim. Bu qisqa muddatli viza 90 kunga amal qilib, 60 yevro to‘lanadi. Rossiya, Ukraina va boshqa bir nechta davlatlar uchun viza to‘lovi 35 yevroga kamaytirilgan.

OIga kirish uchun biometrik pasporti bo‘lgan Albaniya, Makedoniya, Bosniya va Gertsegoviniya, Chernogoriya hamda serbiyaliklarga viza talab qilinmaydi. Kosovodan tashqari, bu Bolqon davlatlari kelajakda Ovro‘po Ittifoqiga kirishdan umidvorlar.

Bolqon davlatlari fuqarolari uchun OIga viza bekor qilinishi u davlatlardan siyosiy boshpana so‘rovchilar sonini keskin oshirib yuborgan. Qochqinlarning aksariyati o‘z mamlakatida diskriminatsiyaga uchragan va asosan qashshoqlikda kun kechiruvchi lo‘lilardir.

Ayni paytda Olmoniyada katta bolqon diasporasi shakllangan.

OI hisobotida keltirilishicha, siyosiy boshpana bilan ta‘minlash tizimini suiste‘mol qilinishi vizasiz tartibga zarba beradigan holatlardandir va bunday sharoitda uni qo‘llash ham murakkablik tug‘diradi.

OI shu boisdan yashash uchun xavfsiz mamlakatlar ro‘yxatini tuzib chiqmoqchi. Ovro‘po Ittifoqiga ko‘ra, Bolqon davlatlari va Turkiya eng xavfsizlar sirasiga kiradi.

Bu holat siyosiy boshpana bilan ta‘minlash jarayonini osonlashtirib, Bolqon davlatlaridan kirib kelgan ko‘plab fuqarolarni uylariga qaytarish imkonini beradi, deyiladi hisobotda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBCUZBEK
  • Twitter - BBCUZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBCUZBEK
  • Google+ - BBCUZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq