"Kimdir cho‘ntagini qappaytirayotgani aniq..."

Agar, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonliklar bildirgan munosabatlardan xulosa qilinadigan bo‘lsa, qadim chinorlarni kesish, ularni archalar bilan almashtirish aqlga sig‘maydigan ish, bu masalada eng avvalo odamlarning hayoti va salomatligi inobatga olinishi lozim:

O‘quvchilarimiz bu qarorning ortida kimlar turgani va qanday sabablar yotgani haqida ham fikr bildirishgan.

Ulardan ayrimlari chinorlarning zararli ekaniyu, archalarning foydasi, xullasi-kalom, qilinayotgan ishlar oqilona ekanini tushuntirishga urinishgan.

"Facebook" kabi ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi sahifamizda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgan ba‘zi bir o‘zbekistonliklarning nazdlarida esa, bu mavzu, hatto, muhokama qilishga ham arzimaydi.

"Men ham bu ishlardan hech qanday ma‘no ko‘rmadim", - deya o‘z javobini boshlaydi Muhammad Ali ismli o‘quvchimiz: "Kimdirlar daraxtlar chirigani, boshqa birlari Orol dengizi tufayli, deb aytibdi. Lekin, mening fikrimcha, ular faqat chirigan daraxtlarni kesishayotgani yo‘q. Yoppasiga ma‘lum bir joydagi daraxtlarning hammasini kesib yuborishmoqda. "Tepadagilar"ning nazarida, balki, archa havoni yaxshiroq tozalar. Agar, shunday bo‘lsa, oddiy savol: U holda, chinorlarni chopishdan nima ma‘no? Archalarni boshqa joylarga eksa bo‘ladi-ku?..", - deydi Muhammad Ali.

Ilhom Usmon esa, bu borada tamom boshqacha fikrda: "Albatta, yaxshi ish uchun bir narsadan voz kechish kerak. Sening, mening shahrimizning go‘zal bo‘lishi uchun qilinayotgandir. Har narsada tirnoqning ostidan kir qidirma. Yaqin 15-20 yil ichida tushingga kirmagan go‘zal yo‘llar, muhtasham binolarni ko‘rding, bu kabi ishlar uchun daraxt emas, jonlar fido!!!", - derkan, uchta undov belgisi bilan gapiga nuqta qo‘yishni unutmagan.

Xuddi shu o‘rinda Leyla Aliyeva ism-sharifli o‘quvchimiz, "chinorlar zaharli bo‘lgani uchun kesilayotgani"ga oid fikrlarga o‘z e‘tiborini qaratadi: "Ota-bobolarimiz yuz yoshlarga kirib yurishgan. Hech biri chinordan zaharlanib qolmagan!!! Pul uchun odamlar hamma narsaga tayyor. Bu ishlarni to‘xtating, aks-holda ekologik fojea yoqasida qolamiz", - deb yozadi Leyla.

Xuddi shu o‘rinda, agar, Sherzod Mahmudovning "Facebook"dagi sahifamizda qoldirgan fikrlariga nazar tashlanadigan bo‘lsa, "Inson aqli yetmagan narsaga aralashishi kerak emas". "Shahrimizda faqat chinormas, kasallangan, chirigan daraxtlarni kesib, o‘rniga yana daraxt ekib ketilmoqda", - deydi u.

Matlyuba Mirzayeva esa, "Biz bu yerda jon kuydirib yozganimiz bilan, daraxtlar kesilishdan to‘xtamaydi!!! Shu xunuk manzarani har kuni ko‘raman. Shu daraxtlarni kesganlarni emas, kesishga buyruq berganlarni, bor-ku, yozning chillasida, oftob ayni qizdirayotgan payt o‘sha daraxtlar kesilgan, sahroga o‘xshab qolgan joyga bog‘lab, turg‘izib qo‘yish kerak. Qilgan ishlaridan bahra olishsin!!", - derkan, gapini qo‘shaloq undov belgisi bilan yakunlaydi.

Ashurov Rustam, "BBC xodimi, bu gal navbat daraxtga keldimi? Niyatingiz shu daraxtni deb, ming-minglab bo‘sh miyalarni zaharlashmi?.. Buni bizning millatimiz shundoq tashlab qo‘ymaydi. Bitta kessa, o‘rniga ikkita ekadi. Men siz, deb murojaat qila olmayman. Sen, deb murojaat qilaman. O‘taketgan fitnachi, Vatan xoinisan. Bilib qo‘y, o‘zga yurtda shoh bo‘lgandan ko‘ra, o‘z yurtingda gado bo‘l,..", derkan

Muruvvat Sharobiddinova, "Asrlardan beri o‘z tanasi barglari ostida O‘zbeklarni issiqdan asrab kelayotgan chinor. Nahotki, endi zaharlashga tushib ketgan bo‘lsa. O‘zbek xalqi shu paytgacha archasiz yashagan, agar, zaharlaydigan bo‘lsa, zaharlanib o‘lib ketmasmidi? Bu yangilikni Afrika xalqiga bildirish kerak. Tezlikda ular ham boabab daraxtlarini kesib, archa ekishsin", - deb yozadi.

Ayni mavzu atrof-muhit muammolarini yoritib kelayotgan O‘zbekistondagi sreda.uz web sahifasi asoschisi Nataliya Shulepinaning ham e‘tiboridan chetda qolmagan.

Uning yozishicha esa,"daraxtlarni kesisharkan, mas‘ullar binolarning qanchalik zilzilabardosh ekanligini inobatga olishmayotir. Bu kabi daraxtlarning ildizlari mustahkam bo‘ladi va yerosti suvlarining sathini pasaytirishga xizmat qiladi. 1966 yilgi zilzilani boshidan kechirgan uylarning yer silkinishiga qanchalik bardoshli ekani haqida unuting. Baxtga qarshi, aynan poytaxt Toshkentda yerosti suvlarining sathi ko‘tarilib bormoqda. Skverdagi daraxtlarning kesib tashlanishi ortidan, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik opera va balet Katta teatri binosi yerto‘lasini suv bosdi. Teatr esa, yerosti suvlari oqimidan pastda joylashgan. Ammo teatrni ta‘mirlash jarayonida bu muammoni qanday hal qilishgan, bunisidan xabarim yo‘q. Shaharning asosi tuproq ekanini nazardan qochirmaslik kerak. Ya‘ni, quruq ekan, toshdek qattiq, ivishi bilan, sirpanchiq bo‘lib qoladi. Bu esa, chinorlarning Toshkent uchun qanchalik muhim ekanini anglatuvchi asosiy omillardan biri", - deb yozadi jurnalist.

O‘z fikrlarini biz bilan o‘rtoqlashgan qator o‘zbekistonliklar nazdlarida esa, bu qaror ortida kimligini aniq bilishmasa-da, o‘z cho‘ntagini qappaytirish niyatida turganlar bo‘lishi aniq. Ayrimlariga ko‘ra, bu amallar xudbinlik, boshboshdoqlikdan o‘zga narsa emas va buning millat, yosh avlodning salomatligiga ta‘siri halokatli bo‘ladi.

(Sharhlar tahrir va tuzatishlar bilan chop etilmoqda. Haqoratli so‘zlar va ochiq tahdid ishlatilgan barcha izohlar o‘chiriladi va mualliflarga ogohlantirishsiz to‘siq (blok) qo‘yiladi-tahr.)

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBCUZBEK
  • Twitter - BBCUZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBCUZBEK
  • Google+ - BBCUZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq