JSST: Zika bo‘yicha favqulodda yig‘ilish

Zika virusi tarqalayotgani munosabati bilan Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti(JSST) favqulodda majlis chaqirgan.

Favqulodda yig‘ilishda bu xastalik insoniyatga solayotgan tahdid miqyosi baholanishi lozim, shundan so‘ng virus tarqalishi oldini olish yo‘lida ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama etilishi talab qilinadi.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkilotining Bosh direktori Margaret Chan so‘zlariga ko‘ra, Zika kam xavf tug‘diradigan kasallikdan Lotin Amerikasi va qit‘aga yaqin mintaqalar aholisi salomatligi uchun jiddiy tahdid yuzaga keltiradigan xastalikka aylangan.

Image copyright AFP Getty

Chan xonim Zika virusi xavfi darajasini o‘ta yuqori deb baholagan.

Jahon Sog‘likni saqlash tashkiloti ogohlantirishicha, virus Janubiy, Markaziy va Shimoliy Amerikada 3 milliondan 4 milliongacha insonga yuqishi mumkin.

Braziliyada Zika virusini yuqtirgan onalardan 4 mingdan ortiq miyasi kichik chaqaloqlar dunyoga kelgan.

Braziliyada ilk bor virus 2015 yil mayida aniqlangan.

Image copyright AFP Getty

JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi paytda bu mamlakatda Zika virusini qariyb 1,4 million inson yuqtirgan.

Allaqachon mintaqadagi 20 mamlakatda bu xastalik tarqalib ulgurgan.

Asosan chivinlardan yuqadigan virus Yerning G‘arbiy yarim sharida katta tezlik bilan tarqalmoqda, ayrim mutaxassislar bu vaziyatni pandemiyaning boshlanishi deb ham atamoqdalar.

Image copyright AP

Zika virusi hammadan ham ko‘ra ko‘proq homilador ayolga tahdid paydo qiladi.

Zika virusini yuqtirgan bo‘lajak onaning homilasida mikrotsefaliyani keltirib chiqarishi mumkin.

Mikrotsefaliya esa chaqaloqning miyasi va boshi kichrayishiga olib keladi.

JSST rahbari Margaret Chan so‘zlariga ko‘ra, Zika virusi bilan tug‘ilishidan nevrologik xastalik bilan tug‘ilgan chaqaloqlar xastaligi o‘rtasida bog‘liqlik ham bo‘lishi mumkin.

Xususan, qisqa falajga sabab bo‘ladigan Giyyena-Barre sindromi ham Zika virusi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBCUZBEK
  • Twitter - BBCUZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBCUZBEK
  • Google+ - BBCUZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq