O‘zbekistonda hanuz iqtisodiy erkinlik yo‘q

Image copyright Getty AFP
Image caption Heritage Foundation hisoboti Prezident Karimovning bahosidan keskin farq qiladi

AQShda joylashgan Heritage Foundation jamg‘armasi o‘zining yillik "Iqtisodiy erkinlik indeksi"da O‘zbekistonni 178 davlat orasida 166-o‘ringa qo‘ygan.

Heritage Foundation O‘zbekiston iqtisodini "repressiv" deb ta‘riflagan.

O‘zbekiston bu yilgi ro‘yxatda Markaziy Afrikaning Chad (164) va Kongo (163) singari davlatlaridan ham orqada qolgan.

Mintaqada Turkmanistondan tashqari barcha davlatlar O‘zbekistondan o‘zib ketishgan va "repressiv iqtisod"lar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Heritage Foundation indeksida O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari o‘tgan yilgiga nisbatan yomonlashgan.

Bundan oldingi ro‘yxatda O‘zbekiston 160-o‘rinni egallagandi.

Bu yilgi ro‘yxatda mamlakatning umumiy bahosi 47 dan 46 ga tushgan.

"Prezidentga bo‘ysunadi"

O‘zbekiston 2015 yilda ham iqtisodi "repressiv" bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritilgan.

Heritage Foundation hisobotida aytilishicha, O‘zbekistonda korruptsiya avj olgan va sud hokimiyati prezidentga bo‘ysunadi.

Hisobot mualliflarining fikricha, O‘zbekistonda "qudratli shaxslar jazosiz faoliyat olib borishadi" va "davlat moliya sohasiga faol aralashadi".

Image caption Hisobot savdo nisbatan erkinlashganini qayd etgan

Ayni paytda hisobot O‘zbekistonning savdo erkinligi va monetar erkinlik kabi bandlar bo‘yicha ko‘rsatkichlarni yaxshilaganini qayd etgan.

Iqtisodiy erkinlik ro‘yxatida bu yil ham birinchi o‘rinni Gong Kong egallagan.

Birinchi uchlikka shuningdek, Singapur va Yangi Zelandiya ham kirgan.

Indeksda AQSh 11-o‘rinni egallagan.

Buyuk Britaniya va shuningdek, sobiq sovet davlatlari orasida Estoniya birinchi o‘ntalikka kirgan.

Dunyoning ikkinchi yirik iqtisodi bo‘lmish Xitoy esa 144-o‘rinda.

1995 yildan buyon chop etib kelinadigan hisobot dunyoning 186 davlatidagi iqtisodiy sharoitlar va hukumatlar siyosatini tahlil qiladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEKTwitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio