Islom Karimov - eng kamtar Prezidentmi?

Image copyright none
Image caption Yurtboshi Orqadog‘dan ancha kamtar

Markaziy Osiyoning boshqa prezidentlaridan farqli o‘laroq, O‘zbekiston rahbari Islom Karimov o‘zining 78 yoshini kamtarona nishonlagan.

Odatda davlat matbuoti prezidentning tug‘ilgan kunini chetlab o‘tishga harakat qiladi.

Ammo bu yil 30 yanvar kuni o‘zbek ommaviy axborot vositalari prezident rahnamoligida mamlakatda qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarga alohida e‘tibor qaratgani kuzatildi.

Xususan, mustaqillikning 25 yilligiga tayyorgarliklar avjida ekani qayd etilgan maqola va lavhalarda o‘tgan yillarda prezident amalga oshirgan "oqilona siyosat" ulug‘lanadi.

"Kamtar" rahbar

Markaziy Osiyoning ayrim rahbarlaridan farqli o‘laroq, Prezident Islom Karimov umrbod prezidentlikni qonuniylashtirmagan va "millat rahnamosi"ga o‘xshash rasmiy maqomi yo‘q.

Qo‘shni Qozog‘iston va Turkmaniston prezidentlari - Nursulton Nazarboyev hamda Gurbanguli Berdimuhamedovlarning tug‘ilgan kunlari davlat miqyosida va dabdaba-yu as‘asalar bilan nishonlanarkan, Prezident Karimov hozirga qadar tug‘ilgan kunining jamoatchilik tomonidan nishonlanishiga yo‘l bermagan.

2011 yilda "Elboshi" maqomini olgan Qozog‘iston Prezidenti Nazarboyevning tug‘ilgan kuni 6 iyul "Ostona kuni"ga to‘g‘ri keladi va rasman dam olish kuni hisoblanadi.

2013 yilda turkman Prezidenti Berdimuhamedovning tug‘ilgan kunida Jennifer Lopec qatnashib, "Happy Birthday" qo‘shig‘ini ijro etgan.

Tojikiston rahbari Imomali Rahmon esa davlat tili haqidagi qonun qabul qilingan sanani o‘zining tug‘ilgan kuni - 5 oktyabrga o‘zgartirgan.

"Buvajon"ga atalgan guldasta

Prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva Instagram dagi sahifasi orqali o‘z otasiga tabrik yo‘llagan.

Karimova-Tillayeva xonim otasi jajji nabirasidan bir dasta gulni olayotgani aks etgan suratni ham chop etgan.

4 mingdan ko‘p odam "layk" qo‘ygan va yuzlab tabriklar qoldirilgan postida Lola Karimova-Tillayeva "Sevimli buvajonga bo‘lgan eng ezgu tilaklar va tabriklar" degan so‘zlarni yozgan.

Uning bir vaqtlar Twitter da faol bo‘lgan opasi Gulnora Karimovaning ijtimoiy tarmoqlarda otasining tug‘ilgan kuni munosabati bilan biron bir sharh bergani kuzatilmagan.

Gulnora Karimova 2014 yildan buyon uy qamog‘ida deb ishoniladi.

Ammo O‘zbekistonning UNESCO dagi elchisi bo‘lgan Lola Karimova-Tillayeva Instagram da yo‘llagan tabrikni otasi ko‘rganmi, yo‘qmi, ma‘lum emas.

Avvalroq prezidentning to‘ng‘ich nabirasi-kichkina Islom Karimov BBC bilan suhbatda bobosi internetdan qanday foydalanishni bilmasligini aytgan edi.

"Plastik kartochkalar uchun rahmat!"

Ayni paytda Prezident Karimovning tabrik ilova qilingan suratlari O‘zbekistondagi mobil telefon va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgan.

"Tug‘ilgan kuningiz bilan, Prezidentim!" deb yozilgan surat Facebook da 5600 kishi tomonidan "layk" qilingan.

Yuzlab foydalanuvchilar "Ota"ni tinchlik va barqarorlikni ta‘minlashdagi xizmatlari uchun olqishlab, unga "abadiy umr" tilashgan.

Ammo sharhlar orasida O‘zbekistondagi iqtisodiy muammolar, mehnat muhojirligi va maoshlarning kamligi singari muammolarga e‘tibor qaratilgan salbiy izohlar ham bor.

Ayrim foydalanuvchilar tabriklarning samimiyligini savol ostiga olishgan va boshqalarni "maddohlik"da ayblaganlar.

Jumladan, ulardan biri mana bunday deb yozgan: "Albatta, maqtaysan-da, bo‘lmasa 20 yoki 30 yilga qamalasan..."

Karimovning raqs tushayotgani aks etgan surat ilova qilingan post muallifi mana bunday zaxarxanda qilgan:

"Terminallar, plastik kartochkadagi maoshlar, konvertatsiya, ulkan VVP (Yalpi ichki mahsulot-tahr.), past darajadagi inflyatsiya, ishsizlikka qarshi kurash, ozod matbuot va korruptsiyaga qarshi samarali kurash uchun rahmat!. Tug‘ilgan kuningiz bilan!".

Rasmiy matbuot

Hukumatning yetakchi nashri bo‘lmish "Xalq so‘zi" ro‘znomasi 30 yanvar sonidagi "Farovon hayotdan mamnunlik saodati" nomli maqolasida "Prezident rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson va uning manfaatlari ekanini urg‘ulagan.

Ro‘znomaning shu kungi sonidan o‘rin olgan boshqa maqolalarda "O‘zbek modeli" boshqa davlatlar uchun o‘rnak ekani va O‘zbekistonda "hech kimdan kam bo‘lmagan demokratik davlat barpo etilgani" urg‘ulanadi.

Davlat telekanallari shu kuni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yirik loyihalarga bag‘ishlangan lavhalarni namoyish etgan.

Jumladan, "Tahlil-25" deb nomlangan maxsus ko‘rsatuvda yirik temir yo‘l loyihalariga doir arxiv materiallari, Ispaniyaning tezyurar poyezdlari va Prezidentni ulug‘lagan faxriylar bilan suhbatlar namoyish etilgan.

Davlat televideniyesining oqshom dasturida Prezidentning tug‘ilgan shahri Samarqandda amalga oshirilgan o‘zgarishlar va Samarqand ahli bilan Karimovni ulug‘lovchi suhbatlarni efirga uzatgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK
  • (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio