Suriya muxolifati Jenevaga bordi

Image copyright AFP
Image caption "Muzokaralar bo‘yicha oliy qo‘mita" rahbari Salim Muslet Suriya hukumati hay‘ati bilan bir davraga o‘tirmasliklarini aytdi

So‘nggi ikki yil mobaynida ilk bor Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga qarshi qo‘liga qurol olgan muxolifat guruhi Jenevaga borishga rozi bo‘lgan.

Jenevada Suriya bo‘yicha tinchlik muzokaralari rejalangan.

Biroq BMT shafeligida tashkillashtirilayotgan uchrashuvga kelishga rozi bo‘lgan muxolifat faqat Birlashgan Millatlarning Suriya inqirozini hal etish maqsadida tayinlagan maxsus elchisi Staffan de Mistura bilangina gaplashishlarini, Suriya hukumat hay‘ati bilan bir davraga o‘tirmasliklarini e‘lon qilganlar.

Suriyadagi urushga chek qo‘yish maqsadidagi muzokaralar 2014 yil fevralida to‘xtab qolgan edi.

Suriyadagi qator muxolifat guruhlarini o‘zida birlashtirgan va "Muzokaralar bo‘yicha oliy qo‘mita" deb nomlanayotgan guruh Prezident Assad hukumati bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga faqat o‘z talablari bajarilganidan keyin ko‘nishlarini aytmoqdalar.

Bu talablarning asosiysi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi talabidir.

Unda Suriya hukumatining havo hujumlarini to‘xtatish, muxolifat nazorat qilayotgan shaharlar qamaliga chek qo‘yish va bu shaharlarga insonparvarlik karvonlarini o‘tkazishga ruxsat berilishi talab qilingan.

"Muzokaralar bo‘yicha oliy qo‘mita" rahbari Salim Muslet Prezident Assad qamoqxonalarida saqlanayotgan ayollar va bolalarni ozod qilishi lozim, deb aytgan.

Image copyright AFP
Image caption Suriya bo‘yicha tinchlik muzokaralari ikki yil oldin to‘xtab qolgan edi

31 yanvar kuni Jenevadagi mehmonxonada muxolifat hay‘ati vakillari Suriya bo‘yicha BMT maxsus elchisi Staffan de Mistura bilan uchrashganlar.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya inqirozidagi barcha taraflarga murojaat qilib, tinchlik bo‘yicha muzokaralarda o‘z manfaatlarini emas, balki barcha suriyaliklarning manfaatini o‘ylab yo‘l tutishga chaqirgan.

"Ayniqsa bolalar va ayollarning bu urushlarning og‘ir yukini yelkalarida ko‘tarishlariga to‘g‘ri keldi va mana endi janglarni to‘xtatish va bu urushda ustunlik qilib kelgan boshqa inson haqlarining poymol etilishiga chek qo‘yadigan vaqt keldi", deb aytgan Birlashgan Millatlar bosh kotibi.

Jeneva muzokaralarida sulh bitimi shartlari, o‘zaro tutqunlarni almashish, DOIShga qarshi kurash yo‘llari muhokama mavzulari sifatida olingan.

Kuzatuvchilar fikricha, hozir muzokaralar uchun murakkab vaziyat yuzaga kelgan.

Ammo DOISh tahdidi Rossiya bilan Amerikani Suriyadagi muxolif guruhlarni yana bir davraga qaytarishga undagan.

2011 yil bahorida Prezident Assad rejimiga qarshi boshlangan noroziliklar fuqarolar urushiga aylanib ketdi.

Suriyadagi urush oqibatida shu vaqtgacha 250 mingdan ortiq inson halok bo‘ldi, 10 milliondan ziyod inson o‘zlarining yashab turgan joylarini tashlab qochishga majbur bo‘ldilar.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq