Suriya muzokaralarining 2-kuni: Murosa yo‘q

Image caption Suriya hukumati delegatsiyasi Jenevaga yetib keldi

Suriyadagi urushga yakun yasash ilinjida Jenevada ochilgan muzokaralarning ikkinchi kunida BMTning maxsus elchisi Staffan de Mistura Suriya hukumatining delegatsiyasi bilan uchrashdi.

Janob de Mistura keyinroq muxolifat guruhlari vakillari bilan uchrashishi kutiladi.

Ammo, Yuqori darajali muzokaralar qo‘mitasiga ko‘ra, muxolifatchilar hali ham o‘z ishtiroklari borasida bir qarorga kelmaganlar.

Qo‘mita muzokaralar boshlanishidan avval isyonchilar qo‘lidagi hududlar qamali tugatilishi va u yerlarga havodan zarbalar to‘xtatilishini istaydi, ammo hukumat hozircha bunga rozi bo‘lmagan.

BBCning Jenevadagi muxbiri Imojen Foksga ko‘ra, ikkala tomonning ham qatnashayotgani ijobiy ishora, ammo muxolifat avval hukumat qanday yo‘l tutishini ko‘rmoqchi.

Jaysh al-Islom isyonchi guruhining vakili Muhammad Allush muzokaralarga rasman qo‘shilishdan avval janob de Misturaning Suriya hukumati a‘zolari bilan muzokaralari qanday yakun topishini kutayotganini bildirdi.

"Urush bo‘layotgan joylarda hech nima o‘zgargani yo‘q. Ahvol shundayligicha qolar ekan, biz kelajakka ko‘tarinki ruh bilan qaray olmayapmiz. Suriyadagi tuzum yechimga erishish yo‘lida yaxshi niyati borligini namoyish qilmayapti", - deb aytdi u.

Ayni damda Suriya hukumat delegatsiyasi rahbari Bashar al-Jaafari muxolifatning tinchlikka erishish niyati "jiddiy emas"ligi, hamda uning talablari muzokaralarni izdan chiqarishga yo‘naltirilganini da‘vo qildi.

Dushanba kuni hukumat Damashq yonida qamal ostida qolayotgan Madaya shahriga ko‘proq insonparvarlik yordami olib kirilishiga "nazariy jihatdan" ruxsat bergan. Madayada yuzlab odamlar ocharchilikdan jabr chekmoqda, bir necha odamlar ochlikdan o‘lishgan.

Oziq-ovqat, shuningdek, shimolda isyonchi qo‘shinlar o‘rab olgan Foah va Kefraya qishloqlariga yetkazib beriladi.

Suriyaning boshqa hududlarida janglar davom etmoqda. Seshanba kuni Rossiya havo zarbalari yordamida Suriya armiyasi Halab shahri shimolidagi yana bir qishloqni qo‘lga olgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio