AQSh saylovlari: Kruz Tramp ustidan ilk g‘alabani qo‘lga kiritdi

Image copyright Reuters
Image caption Ted Kruz 28 foiz ovoz bilan respublikachi nomzodlar orasida yetakchilik qilyapti

AQSh prezidentligi sayloviga ikki muxolif partiyadan eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodni aniqlash maqsadidagi partiya ichidagi saylov – kokuslar davom etarkan, Ayova shtatidagi saylovda Texas shtati senatori Ted Kruz o‘zining asosiy raqibi, milliarder Donald Trampdan ko‘p ovoz to‘plagan.

Donald Tramp ikkinchi, Florida shtati senatori Marko Rubio uchinchi o‘rinni egallagan.

Ayovada Ted Kruz o‘zining tarafdorlari tomonidan kuchli dastakni qo‘lga kiritgan.

Boshqa nomzod Marko Rubio bo‘lingan respublikachi partiyani birlashtiruvchi nomzod ekanini aytadi.

Demokratlar orasida sobiq AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton yetakchilik qilib kelmoqda.

Ayova shtatidagi kokusda Klinton xonim g‘alaba qozongan.

Image copyright Reuters
Image caption Klinton xonim dastlabki Ayova saylovida 50 foiz ovoz to‘plagan

Klinton xonimdan 1 foiz kam qo‘llab-quvvatlovni qo‘lga kiritgan Vermont shtatilik senator Berni Sanders ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Demokratlar orasidan kimni prezidentlikka ilgari surish borasidagi 2008 yildagi bellashuvda ham AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning rafiqasi Hillari Klinton xonim ko‘pgina shtatlarda g‘alabani qo‘lga kiritgan, lekin oxir-oqibat Barak Obamaga yutqazgan edi.

Ayova shtatidagi kokusning dastlabki natijalari e‘lon qilinganidan keyin Donal Tramp Ted Kruzni g‘alabasi bilan tabriklagan.

Donald Tramp ikkinchi o‘rin bilan faxrlanishini aytgan, biroq Nyu-Hempshir shtatidagi partiya ichki saylovida g‘alaba qozonaman, deya va‘da bergan.

Hozir Respublikachilar orasida uchinchi o‘rinda kelayotgan Marko Rubio partiya a‘zolari o‘rtasida yuzaga kelgan bo‘linishga chek qo‘yadigan va respublikachilarni birlashtira oladigan yagona nomzod o‘zi ekanini aytib chiqqan.

O‘tgan haftada Ayova shtatida Respublikachi nmozodlar orasida Fox News telekanalida televizion bahs uyushtirilgan, Donald Tramp bu telebahsni boykot qilgan edi.

Chunki bu televizion ko‘rsatuvni Fox News telekanalining janob Tramp janjallashib qolgan jurnalisti olib borishi mo‘ljallangan edi.

Donald Tramp telebahs boshlovchisini almashtirishni talab qilgan, telekanal rahbariyati bunga ko‘nmaganidan keyin Respublikachi nomzod bu bahsda qatnashishdan bosh tortgan edi.

Oldindan so‘rov natijalari esa Ayovada aynan Tramp g‘alabasini bashorat qilgan.

Partiya ichidagi saylov (lowa) kokuslarga asoslangan saylov tizimi bo‘lib, saylovchilarni uylarida, maktablar va boshqa jamoat joylarida yig‘ib, fikrlarini oladi.

Fevral oyidan boshlab Qo‘shma Shtatlarning 49 shtatida partiyalardan nomzodlar uchun ovoz berishlar davom etadi.

Joriy yilning noyabr oyida AQShning navbatdagi prezidenti kim bo‘lishi aniqlanadi. 2017 yil yanvarida yangi prezident Oq Uyda ish boshlaydi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon