"O‘zbeknavo" litsenziyani olib to‘g‘ri qiladi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘tgan xaftada ijtimoiy tarmoqlarda "o‘zbekona odob-axloqqa to‘g‘ri kelmaydigan" videosi tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan qo‘shiqchi Tamilaning litsenziyasi tugatilgan.

"Litsenziatlar Esmeralda Raxmatova (Tamila), Asqarjon Malikov (Zamir) tomonidan Litsenziya bitimida nazarda tutilgan talab va shartlar muntazam ravishda buzilganligi sababli, ushbu xonandalar nomiga berilgan litsenziyalarning amal qilish muddati "Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qaroriga asosan 2016 yil 1 fevraldan tugatilganligi, xonandalar Jasur Umirov, Dilfuza Ismoilova, Abduvali Radjabov, Oybek Alimov, Nigora Ismailova va Umida Xodjayevalar ogohlantirilganligini bildiramiz" deyiladi,-"O‘zbeknavo" estrada birlashmasi matbuot xizmati xabarida.

Shou-biznes yangiliklarini yoritadigan Shov-shuv.uz sayti muharriri Jasur Hamroyevning aytishicha, "O‘zbeknavo" bu bilan juda to‘g‘ri yo‘l tutgan. Shu orqali "bosar-tusarini bilmay qolgan ba‘zi san‘atkorlarni" oz vaqt bo‘lsada jilovlash mumkin bo‘ladi. "Ulardan litsenziyalarini butunlay olib qo‘yish bilan ham hech kim hech narsa yo‘qotmaydi", deydi jurnalist.

Ayni paytda Instagram, Facebook kabi ijtimoiy tarmoq sahifalarida o‘zbek shinavandalar san‘atkorlarning axloq-odobini qizg‘in muhokama qilishgan.

Oldinroq "milliy mentalitetga mos kelmagan" kiyimlar kiygani uchun litsenziyasidan maxrum qilingan xonanda Lola Tamilani yoqlab fikr koldirgani bahslarni kuchaytirgan.

Bundan tashqari "Darakchi" saytida "O‘zbeknavo" tomonidan ogohlantirish olgan Dilfuza Ismoilova internetga chiqib ketgan o‘g‘lining to‘yida qudalariga qilgan izhorlari videosi haqida tushuntirish bergan.

Jasur Hamroyevning aytishicha, turli mazmundagi surat va videolari tarqalgan ba‘zi san‘atkorlar o‘z vaqtida "aqllarini yig‘ib olib" unday harakatlarni boshqa qaytarishmasa, ijodlarini qilib yurishibdi.

Lekin uning aytishicha, "ba‘zi san‘atkorlarga "O‘zbeknavo" ham bas" kelolmayapti.

Litsenziyasi olib qo‘yilgan ba‘zi san‘atkorlar axloqini tuzatish o‘rniga, aks harakatlar qilishda davom etayapti, deb aytadi Hamroyev.

Litsenziyasidan ayrilgan, muhokamalarga sabab bo‘lgan qo‘shiqchilar o‘z huquqlarini yoqlab, "O‘zbeknavo" ustidan shikoyat qilishlari mumkinmi? Yoki "O‘zbeknavo" san‘atkorlar ustidan nazorat qiluvchi asosiy tsenzor vazifasini o‘taydimi?

Jasur Hamroyevga ko‘ra, bunday holatlar, o‘z haq-huquqini talab qilgan san‘atkorlar uchramaydi. "Chunki ayb ularning o‘zida. "O‘zbeknavo" qancha harakat qilgani bilan, san‘atkorlar orasida olib borilayotgan ishlar yetarli bo‘lmay qolyapti. Ba‘zi qo‘shiqchilar o‘zini xon-ko‘lankasi maydon sezadi. Ko‘pincha rahbarlarning o‘zgarishi ham olib borilayotgan ishlar sifatiga ta‘sir qilmay qo‘ymaydi".

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio