Poroshenko: Rossiya bilan urush ehtimoli kuchaydi

Image copyright AFP

Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko aytishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda va Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ochiqdan-ochiq urush boshlanib ketish ehtimoli o‘tgan yilga solishtirganda ko‘proq.

Janob Poroshenko Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan uchrashuvdan keyin Bild ro‘znomasiga intervyu bergan.

Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, hozir "Ukraina hududida sakkiz ming Rossiya askar va zobitlari bor".

Bundan tashqari, Rossiya-Ukraina chegarasida Rossiyaning yangi harbiy bazasi tashkil etilgan va u yerda harbiy o‘quv mashqlari o‘tkazilmoqda.

"Rossiya harbiy tayyorgarlikka ko‘p sarmoya kiritayapti va nega bunday qilinayotgani borasida biz hech qanday tushuntirish olayotganimiz yo‘q", deb aytgan Prezident Poroshenko.

Ukraina prezidenti Rossiyaga nisbatan Ovro‘po sanktsiyalarini bekor qilmaslikka chaqirgan.

Rossiyaning o‘zining ishtirokisiz Suriya inqirozini hal etib bo‘lmaydi, degan gaplariga ishonmaslikka chaqirgan Pyotr Poroshenko.

Janob Poroshenko aytishicha, Rossiya Ovro‘poni parchalab tashlashni istaydi, biroq bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

2014 yil martida Ukraina tarkibidagi Qrim yarim orolida referendum tashkillashtirildi va qrimliklarning aksari Rossiyaga qo‘shilish uchun ovoz berganlari e‘lon qilindi.

Rossiya Qrimni anneksiya qilib oldi.

Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk viloyatlari yashovchilari Ukrainadan mustaqil ekanlari haqida e‘lon qildilar, rasmiy Kiyev aksilterror amaliyotlarini boshladi.

Ukraina sharqida urush 2014 yil aprelidan boshlandi.

Ukraina Rossiyani harbiy bosqinchilikda ayblab keladi va o‘z hududida Rossiya qo‘shinlari borligini aytib keladi.

Prezident Pyotr Poroshenko 2015 yil sentyabrida Ukrainaning yangi harbiy doktrinasini ma‘qullagan.

Bu doktrinada Rossiya bosqinchi deb ta‘riflangan.

Moskva Ukraina sharqidagi urushga aloqasi borligini rad etib keladi va urush kelib chiqishiga Ukrainaning joriy hokimiyati aybdor deb keladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz -https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBCUZBEK
  • Twitter -BBCUZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook- BBCUZBEK
  • Google+BBCUZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype -bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq