O‘ktam Pardayevga Jizzaxdan chiqish taqiqlandi

Image copyright none
Image caption O‘ktam Pardayev huquq tartibot idoralarining cheklovlari uning huquqbonlik faoliyatini olib borishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qilinayotganini aytadi

O‘zbekiston Inson huquqlari mustaqil tashkilotining Jizzax viloyati bo‘limi raisi bo‘lgan O‘ktam Pardayev o‘zi yashab turgan joydan boshqa yerga borishi Jizzax shahar IIB tomonidan taqiqlangan.

Bu haqda Aziya Terra web sayti xabar tarqatmoqda.

Aytilishicha, birinchi fevralda O‘ktam Pardayev Jizzax shahar IIBga chaqirilgan va profilaktika inspektori To‘lqin Do‘smurodov tomonidan shahardan tashqariga chiqishi taqiqlangan hamda kechki soat 10 dan keyin uyida bo‘lishi lozimligi uqtirilgan. Inspektor tartib buzilgan sharoitda Pardayev hibsga olinishi haqida uni og‘zaki ogohlantirgan. O‘ktam Pardayev o‘zidan "shartlarga amal qilish" to‘g‘risida tilxat yozib olinganini aytgan.

Biroq Ichki Ishlar boshqarmasi xodimi Pardayevga hech bir qonuniy hujjat yoki harakatlanish cheklangani to‘g‘risidagi sud qarorini taqdim etmagan.

Jizzax viloyati Do‘stlik tumani jinoiy ishlar bo‘yicha mahkama qarorida huquq faoli oyda bir marta uchastka noziriga kelib uchrashishi aytilgan, biroq harakatlanishi chegaralanishi haqida bildirilmagan.

O‘ktam Pardayevga ko‘ra, endi qarindoshlarini ko‘rgani borishga ham IIB raisinining yozma ruxsatnomasini olishi talab qilinishi mumkin.

O‘z o‘rnida toshkentlik huquq faoli Shuhrat Rustamov O‘zbekiston Bosh Prokurori nomiga ariza yozib, hamkasbi O‘ktam Pardayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishga taluqli hujjatlar bekor qilinishini va ushbu jinoiy ishni ochgan hamda faolni noqonuniy hibsda saqlashga mas‘ul Do‘stlik tuman IIB raisi, tuman hokimi, prokurori va tergovchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishini so‘ragan.

2015 yil noyabr oyida O‘ktam Pardayev tovlamachilik, pora olish va haqorat qilganlik moddalari bo‘yicha ayblanib, hibsga olingan. Huquq faoli o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni kasbiy faoliyati tufayli ekanini aytgan, ayblovlarni bo‘yniga olmagan.

O‘ktam Pardayev hibsdaligida bir qancha inson haqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumatidan faolni ozod qilishga chaqirishgan. Bundan tashqari O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan juda oz sonli boshqa faollarni ta‘qib qilinishiga chek qo‘yishni so‘rashgan.

Yanvar oyida o‘tgan mahkamada Pardayev uch yillik shartli qamoq jazosi bilan sud zalidan ozodlikka chiqarilgandi.

Ayni paytda O‘ktam Pardayev huquq tartibot idoralarining cheklovlari uning huquqbonlik faoliyatini olib borishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qilinayotganini aytadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq