Suriyada qochqinlar inqirozi kuchaymoqda

Image copyright AFP
Image caption Қочқинлар

Mamlakat shimolidagi Aleppoga yaqin mintaqalarda yangi va qaqshatqich janglar haqida xabarlar kelmoqda.

Hukumat ayni shahardagi isyonkorlarni qamal qilish niyatida hujumlarini kuchaytirgan.

Suriya Inson huquqlari kuzatuv guruhiga ko‘ra, har ikkala tomondan 120 yaqin jangchi qurbon bo‘lgan.

Janglardan jon saqlash niyatida 20 ming atrofida qochqinlar Turkiya bilan chegara hududida tong ottirishgan.

Turkiya qochqinlarga yordam berish uchun tayyor ekanini aytmoqda, ammo chegaralar yopiq.

So‘nggi bir necha kun ichida Suriya armiyasi Rossiya havo hujumlari yordamida Aleppo viloyatida bir necha mintaqalarni qo‘lga kiritgan edi.

Suriya televizioniga ko‘ra, Juma kuni hukumat tarafdori bo‘lgan kuchlar Aleppo shahri yaqinidagi Ratyanni ishg‘ol qilishgan.

Qochqinlar inqirozi

Turkiya Suriyada urush boshlanganidan beri ikki milliondan ortiq suriyalikni bag‘riga olgan edi.

Ammo yana bir qochqinlar to‘lqiniga chegaralarini ochish-ochmasligi hozirda qorong‘u qolmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari qochqinlar uchun Turkiya darvozalarini ochishi kerak degan da‘vatlarida sobit turishmoqda.

Ayni paytda Ovro‘po Ittifoqi o‘z chegaralarida nazoratni kuchaytirar ekan, Turkiya ham G‘arbning bosimi ostida qolishi tayin.

Turkiya hukumati esa qochqinlarning yangi oqimiga Rossiyani aybdor qilmoqda.

Rossiyaning havo hujumlari oqibatida minglab suriyaliklar o‘z vatanlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishmoqda.

Ammo Rossiya havo hujumlarini ozaytiradigan ko‘rinmaydi, Suriya muxolifati chekinishga majbur bo‘lar ekan, Bashar al Assad rejimi armiyasi faollashayotir.

Avvalroq, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on “ Rossiya havo hujumlari davom etar ekan, Suriyadagi vaziyat borasidagi tinchlik muzokaralari o‘tkazishdan ma‘ni yo‘q”, deb aytgan edi.

"Rossiya Suriyadagi insonlarni o‘ldirishda davom etyapti. Tinchlik yig‘ini haqida, tinchlik muzokaralari haqida gapirish mumkinmi?",- deb aytgan janob Erdo‘g‘on.

Oldinroq BMT ning Suriya inqirozi bo‘yicha maxsus elchisi Staffan de Mistura Suriya bo‘yicha muzokaralarda 25 fevralgacha tanaffus e‘lon qilib, qatnashchilar bu masalada yana ishlashlari lozimligini taklif qilgan edi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram - BBC UZBEKTwitter -BBC UZBEKOdnoklassniki - BBCUZBEKFacebook - BBC UZBEKGoogle+ BBC UZBEKYouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq