Obidxon qoriga suiqasd mahkamasi hukmi qayta ko‘rilmoqda

Image copyright none
Image caption Obidxon qori uyi yo‘lagida otib ketilgandi.

9 fevral kuni Shvetsiyada taniqli ulamo Obidxon qori Nazarovga suiqasdda urinishda ayblangan Yuriy Jukovskiyga chiqarilgan hukmga nisbatan appelyatsiya mahkamasi boshlangan.

Mahkama ikki shikoyat arizasini ko‘rib chiqib, xulosa berishi kutilmoqda.

Ostershund shahri mahkamasi o‘zbekistonlik taniqli imom Obid qori Nazarov joniga qasd qilishda ayblangan, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani aytilgan Yuriy Jukovskiyga 18 yillik qamoq jazosi tayinlagandi.

Ushbu hukmga qarshi Jukovskiyning himoyachisi shikoyat arizasi topshirgan. Shu bilan birga Jukovskiyga umrbod qamoq jazosi so‘ragan prokuror va yaqinlarining ham arizasi ko‘rib chiqiladi.

Obidxon qorining o‘g‘li Dovudxon Nazarovning Bi-bi-siga aytishicha, bugun mahkama prokurorning chiqishi bilan boshlangan. Tanaffusdan keyin ham uning so‘zlari eshitiladi.

Dovudxon Nazarovga ko‘ra, ayni paytda Jukovskiyga qarshi yana qo‘shimcha dalillar to‘plangan va ular asosida prokuror Jukovskiyga umrbod qamoq jazosi berilishi lozimligini asoslashi kutilmoqda. Shuningdek xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlarining hisobotlari ham taqdim etilgan.

Mahkama bir hafta davom etadi.

O‘tgan safargi mahkama davomida Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan tergov tafsilotlarini o‘rtoqlashgan Prokuror Krister Peterson Jukovskiy jinoyatini isbotlaydigan qat‘iy dalillari bor ekanini aytgan edi.

Mahkamada Krister Petersson qotillik urinishi ortida o‘zbek maxsus xizmatlari turganini bildirgan.

Prokurorning aytishicha, O‘zbekiston hukumati qotillik urinishi bilan bog‘liq so‘rovlarni javobsiz qoldirgan.

37 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiy Obidxon qori Nazarovni boshiga o‘q otish bilan o‘ldirishga urinishda ayblangan.

U ayblarni rad etgan.

Hodisada Obidxon qori Nazarov miyasidan og‘ir jarohatlangan va hanuzgacha uning nutqi tiklanmagani aytiladi.

Toshkentdagi "To‘xtaboy" masjidining imomi va Prezident Karimovning ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Obidxon qori Nazarov 2012 yil fevralida Stromsunddagi uyi zinasida noma‘lum shaxs tomonidan otib ketilgandi.

Yuriy Jukovskiy o‘tgan yilning 25 avgustida Rossiyadan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingan.

Jukovskiyga yordam berganlikda ayblangan o‘zbekistonlik er-xotinni dalillar yetarli emasligi vajidan mahkama oqlagan edi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter -BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon

Bu mavzuda batafsilroq