Galima Buxarbayeva "Zamondosh" saytini sudga berdi

O‘zbekistonlik taniqli mustaqil jurnalist, hozirda ishi to‘xtatilgan uznews.net xabarlar saytining muharriri Galima Buxarbayeva "Zamondosh" saytini Gollandiyada sudga bergan.

O‘zbekiston borasidagi xabarlarga ixtisoslashgan "Zamondosh" saytiga Gollandiyada yashovchi jurnalist Rizo Obidov asos solgan.

Hozirda Gollandiyaning Arnem shahridagi mahkama Buxarbayeva xonimning shikoyatini ko‘rib chiqmoqda. Rizo Obidovga va uning advokatiga Buxarbayeva xonim haqidagi maqolalarni asoslovchi dalil-isbotni sudga taqdim qilish uchun 10 fevralgacha muhlat berilgan.

Galima Buxarbayeva "Zamondosh" u haqida yozgan maqolalarni rasman rad etishi va unga moddiy tovon to‘lashini talab qilayotir.

Rizo Obidov o‘tmishda BBCga gapirishdan tortgan. BBC hozirda undan elektron pochta va telefon orqali munosabat olishga urinmoqda.

BBC Buxarbayeva xonim bilan bog‘lanib, sudga shikoyati haqida so‘radi.

Buxarbayeva: "Zamondosh" sayti deyarli butun 2014 yil davomida men haqimda tuhmatlarga to‘la maqolalar, mutlaqo yolg‘on materiallarni chop qilib bordi. Men o‘zimning sudga bergan arizamda uchta narsaga asosiy e‘tiborni qaratyapman: Birinchidan, mening go‘yoki Gulnora Karimova yoki uning atrofidagilardan pora olganim haqidagi da‘volar; Ikkinchidan, mening uznews.net saytim go‘yoki tahririy mustaqillikka ega bo‘lmagani va go‘yoki donorlar menga nima yozishni buyurib turishgani haqidagi da‘volar; Uchinchidan, go‘yoki men korruptsiya bilan shug‘ullanganim va saytimga berilgan pullarni o‘g‘irlaganim haqidagi da‘volar.

BBC: "Zamondosh" saytini yurituvchi Rizo Obid siz Gulnora Karimovadan pora olganingiz haqida yozganda, o‘z maqolalariga qandaydir dalil-isbotni ilova qilganmi?

Buxarbayeva: Dalil-isbot keltirib bo‘lmaydi, chunki bu ish hech qachon yuz bermagan. Bu qip-qizil yolg‘on. Shuning uchun ham men sudga bergan shikoyatim qondirilishiga ishonchim komil. O‘ta qo‘pol da‘volar qilingan, "Buxarbayevaning puli tugab qolsa, u Gulnora haqida yomon narsalar yozadi. Bu esa uning o‘g‘ilchasi Islomchik unga yana pul o‘tkazishi uchun berilgan qo‘ng‘iroqdek xizmat qiladi", degan iddaolar yozilgan. Isbotlasin, kichik Islom Karimov menga qachon pul o‘tkazgan ekan? "Zamondosh" bu bayonotlarini asoslab berishga harakat ham qilmagan. Kundek ravshanki, bu sayt O‘zbekiston prezidenti tizimiga qandaydir noqulaylik yaratadigan insonlarning sha‘niga putur yetkazishga ixtisoslashgan.

Image caption "Zamondosh" saytidagi mazkur maqolada Galima Buxarbayeva Karimovadan pora olishi iddao qilingan

BBC: Biz bilamizki, siz Gulnora Karimovaning o‘zi bilan internet orqali muloqot qilgansiz. Lekin, uning o‘g‘li Islom bilan hech aloqada bo‘lganmisiz?

Buxarbayeva: Gulnora Karimovaning uy hibsiga olinishidan avval bir xonadonga qilingan shturmdan keyin men kichik Islom Karimovdan intervyu olganman. Yuzma-yuz uchrashmaganman. Bu oddiy jurnalistik tajriba, intervyu bo‘lgan.

BBC: Lekin, ayni damda, sizning maqolalaringizda Gulnora Karimovaga bo‘lgan xayrixohlik sezilib turgani aytilgan. Go‘yoki Karimovani O‘zbekistondagi erkaklar va rejimga qarshi kurashayotgan kuchli ayoldek namoyon qilishga uringan ekansiz. Siz aftidan uning ishonchini qozongandingiz, u esa sizga ishonishni boshlagandi. Shunday xayrixohlik sezganmisiz Gulnora Karimovaga?

Buxarbayeva: Birinchidan, men unga qandaydir xayrixohlik sezganim noto‘g‘ri. Balki, qaysidir ma‘noda unga rahmim kelgandir. Men Gulnoraga bog‘liq mashmashaga chuqurroq qarashga uringanman. Bilaman, u ham o‘sha jamiyat, o‘sha mamlakatning mahsuli. Va men o‘ylaganmanki, huddi Liviyadagi Qaddofiy kabi Karimovni ham tilka-pora qilib tashlash O‘zbekistonga hech qanday foyda keltirmaydi. Men Gulnora yoki davlat tepasida bo‘lgan boshqa shaxslarda ular nimalar qilayotganlarini anglab yetish harakatini ko‘rishni xohlaganman. Agar ularda qandaydir insoniylik nishonasi paydo bo‘lsa, men ularni yanchib tashlash emas, balki, ha, o‘zgargin, chunki bu faqat sen uchun emas, barchamiz uchun muhim, deyishni xohlaganman. Men hali ham shu fikrimda sobitman. Lekin, men Gulnorani hech qachon qandaydir kuchli ayol obrazida namoyon qilishni istamaganman. U borasidagi maqolalarim har doim tanqidiy bo‘lgan, chunki u O‘zbekistonni talon-taroj qilgan odamlardan biri. Ayni damda, men Gulnoraning ommaviy tarzda "qatl" etilishi mamlakatga qandaydir naf olib keladi deb o‘ylamayman, chunki, qarang, Yaqin Sharqda nimalar bo‘lyapti. Agar bizdagi tizimning bir a‘zosi chiqib, "Men inson huquqlari muhim ekanini tushunib yetdim!" desa, nega unga shans bermaylik? Agar Karimovning o‘zi ham shunday yo‘l tutsa, men buni ham hush qarshilayman.

BBC: Gulnora Karimova uy hibsiga o‘tqazilganidan beri u bilan aloqada bo‘lgan jurnalistlar ham muloqotni yo‘qotishdi. Siz oxirgi marta u bilan qachon aloqada bo‘lgansiz?

Buxarbayeva: Men u bilan hech qachon aloqada bo‘lmaganman va hech qachon bunday aloqa o‘rnatishni ham istamaganman. Jurnalist sifatida uning shaxsi bilan qiziqqanman, xolos. Lekin, mana ikki yildirki, uy hibsiga tushganidan beri u haqida biron xabar yo‘q.

BBC: "Zamondosh" sayti, xususan Rizo Obid, siz haqingizda o‘z fikrini yozishga haqli emasmi? Chunki, harqalay ikkovingiz ham so‘z erkinligi ustivor bo‘lgan Ovro‘poda yashayapsiz.

Buxarbayeva: So‘z erkinligining nima aloqasi bor bunga?! Keling, men bugun saytimda siz pora olayapsiz deb yozaman. Keling, Lola Karimova siz uni intevryu qilganingiz uchun sizga pul to‘lagan deb yozaman. Keling, yozaman. Sizning munosabatingiz qanday bo‘ladi? Men axir bu so‘zlarimni asoslab berishim kerak bo‘ladi. Agar asoslarim bo‘lmasa, demak, buni yozishga haqqim yo‘q. Meni Rizo Obidning shaxsi qiziqtirmaydi. Gap bu yerda printsip haqida ketyapti. Agar fikr bildirmoqchi bo‘lsangiz, marhamat. Mana masalan siz meni Gulnoraga xayrixoh deb hisoblar ekansiz, mayli, hisoblayvering. Lekin, men undan go‘yoki pora olganimni da‘vo qilish, bu butunlay boshqa narsa. Bu ayblov. Bu mustaqillik va xolislikni hamma narsadan yuqori tutadigan jurnalistga qarshi qilingan ayblov. Men uchun mening jurnalistik obro‘im - mening hayotim.

BBC: Uznews.net saytini O‘zbekistondagi muxbirlaringiz xavfsizligi tufayli yopib qo‘yganingizni aytgansiz. Uni yana qayta ochish rejalaringiz bormi?

Buxarbayeva: Men hozir ishimni yana qayta boshlash ustida ish olib borayapman. Bu tanaffus men uchun yaxshi bo‘ldi, chunki uznews.net sayti yaxshi bo‘lsa-da, men unda qandaydir chegaralar borligini sezardim. Uning doirasida o‘sish imkoniyatlarini ko‘rmasdim. Yoz mavsumidan boshlab yangi saytni ochish ustida ishlayapmiz, va, umid qilamanki, u uznews.net saytimdan ancha yaxshiroq bo‘ladi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio