AQSh saylovlari: Donalьd Tramp va Berni Sanders muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi

Image copyright Getty

AQShning Nyu-Hempshir shtatida o‘tgan praymeriz saylovlarda respublikachi Donald Tramp va demokrat Berni Sanders ishonchli g‘alaba qozonganlar.

Milliarder Donald Tramp o‘zining respublikachi raqibidan ikki marta ko‘p ovoz to‘plagan.

Raqibidan katta farq bilan oldinga chiqqan senator Berni Sanders ham o‘zining g‘alabasi odamlar "haqiqiy o‘zgarish"ni kutayotganlarining misoli ekanini aytgan.

Hillari Klinton mag‘lubiyatini tan olgan va 74 yoshli raqibini g‘alabasi bilan tabriklagan.

Tramp janoblari esa hamma raqiblariga minnatdorchilik bildirib, respublikachilarda "haqiqiy iste‘dodlar bor" deb aytgan.

Saylovdan oldin o‘tgan ommaviy so‘rovlar ham ikki nomzodning g‘alabasini bashorat qilgan edi.

Image copyright AFPGetty

Sanalgan 86 foiz ovoz natijalariga ko‘ra, Sanders 60 foiz, Klinton 39 foiz ovoz to‘plagan.

Ayni paytda Trampga 90 foiz ovozdan 35 foizini, raqibi Jon Keysik 16 foizini qo‘lga kiritgan.

Keyingi saylovlar Janubiy Karolina va Nevadada bo‘lib o‘tadi.

Nyu-Hempshirdagi saylovlar hal qiluvchi bo‘lmasada, bu shtatdagi g‘alaba saylov kampaniyasining barcha nomzodlari uchun ruhiy tomondan muhim hisoblanadi.

Image copyright AFP Getty

AQShda o‘tgan oxirgi 10 prezidentlik saylovlarida respublikachilarning Nyu-Hempshirdagi praymeriz saylov g‘olibi sakkiz marta, demokratlar orasidan yetti marta prezidentlikka saylangan.

Nyu-Hempshirdagi saylovoldi g‘alabalar o‘z vaqtida Duayt Eyzenxauer, Ronald Reygan va Jimmi Karterga prezidentlik poygasida yetakchilikka chiqib olishga yordam bergandi.

1968 yildagi saylov kampaniyasida Nyu-Hempshirda kam ovoz to‘plagan Lindon Djonson o‘zining nomzodini yangi muddatga qo‘yishdan voz kechgan.

Image copyright Getty

Nyu-hempshirlik saylovchilar o‘zlarini ishontirish ancha mushkulligi va saylovdan oldingi ovozlar natijalarini oldindan aytish qiyinligini isbotlashgan.

Amerikadagi saylovlar jarayoni prezidentlikka nomzodlar ichidan taniqlilarini tanlab olish bilan bilan boshlanadi.

Buning uchun butun mamlakat bo‘ylab saylov oldi ovoz berishlar va kokuslar o‘tkaziladi va amerikaliklarga qaysi nomzodga ovoz berishlarini ma‘lum ma‘noda belgilab olishlariga imkon beradi.

So‘ngra tanlab olingan nomzodlarni shtatlardagi delegatlar aniqlaydilar. Kokuslar va dastlabki saylovlar yozgacha davom etadi.

Umummilliy partiya s‘ezdlarida rasmiy nomzod tanlanadi.

Prezidentlikka nomzod mutlaq ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritishi lozim. Bunda respublikachilar vakili 1236, demokrat nomzod 2383 ovozga ega bo‘lishi shart.

Amerikada navbatdagi prezidentlik saylovlari 2016 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio

Bu mavzuda batafsilroq