'Elchixona biometrik pasport beradi, faqat...'

Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari elchixona orqali eski pasportlarini biometrik pasportga almashtirishlari mumkin.

Faqat, buning uchun Rossiyada doimiy ro‘yxatga turganlari haqidagi hujjatni ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.

Podrobno.uz saytining yozishicha, Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarga biometrik pasport berish ishlarini boshlagan.

Image caption Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi oldida pasport yuzasidan uzun navbatlar paydo bo‘lgan

Bundan oldin O‘zbekiston hukumatining nobiometrik pasportlarning amal qilish muddatini tugatish haqidagi qarori Rossiyadagi o‘n minglab o‘zbek muhojirlarini og‘ir ahvolda qoldirgani haqida aytilgan. Elchixona oldida uzun navbatlar suratlari ham e‘lon qilingandi.

sputniknews-uz web saytidagi xabarga binoan, ayni paytda pasport almashtirish uchun hech qanday uzun navbatlar yo‘q, hujjatlar almashtirish odatiy tartibda amalga oshirilmoqda.

Image caption Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasi

Moskvadagi huquq faoli Bahrom Hamroyevning so‘zlariga ko‘ra, doimiy ro‘yxatda turadiganlar bilan navbat bo‘lmasligi tabiiy. Chunki pasport almashtirish birinchi navbatda propiskasi O‘zbekistonda bo‘lgan fuqarolar uchun muhim. Ular bilan muammolar hali ham o‘sha ahvolda, deydi faol. Rossiyada doimiy ro‘yxatda bo‘lmagan fuqarolar, ularning asosiy qismini mehnat muhojirlari tashkil qilar ekan, yangi tartibga binoan biometrik pasportni vatanlariga borib olishlari kerak degani.

Bu esa pasportlarini almashtirishga ulgurmagan O‘zbekiston fuqarolari ishlarini yo‘qotish, patentdan mahrum bo‘lish va 3 yilgacha Rossiyaga kiritilmaslik taqiqiga yuz tutishlarini yuzaga keltiradi.

Shundoq ham ahvoli og‘ir bo‘lgan muhojirlarning muammosini elchixona yengillashtirmayapti, bu pasport masalasi bilan yana ko‘paytiryapti, xolos. Qo‘shimcha yuz dollar topib uyimga yuboray deb, uyiga borolmay yurgan muhojirlar qiyin ahvolda qoldilar, deydi faol.

O‘zbekistonda 2011 yildan boshlangan biometrik pasportlarga o‘tish jarayoni 2015 yil dekabrida nihoyasiga yetishi aytilgandi.

Biroq bu muddatda pasportlarini almashtirishga ulgurmaganlar soni ko‘pligi bois, eski hujjatlarning amal qilish muddati 2018 yil 1 iyulgacha uzaytirildi.

Ayni paytda, bu imkoniyat faqat O‘zbekiston hududida yashovchi fuqarolarga taluqli bo‘lib, chetga chiqish uchun majburiy tarzda biometrik pasport olish talab qilinadi.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio