To‘ylar haqida o‘ylar...

E‘tibor bilan kuzatayotgangan bo‘lsangiz, to‘ylar, ma‘rakalar, turli qadimiy marosimlarga yilma-yil, davrma-davr turfa "yangiliklar" qo‘shilayapti. Go‘yo bu bilan an‘analarni boyitayotgandekmiz. Aslida esa, o‘zimizga o‘zimiz muammolarni yanada ko‘paytirmayapmizmikin?...

To‘ylardagi isrofgarchiliklarning oldini olish, kimo‘zarchilikka barham berish, to‘yu tantanalarni ortiqcha sarf – xarajatlarsiz, ixcham, chiroyli o‘tkazish masalasi hatto davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganiga necha yillar bo‘ldi. Bu haqda Qarorlaru qancha-qancha hujjatlar bor, lekin sezilarli bir natija ko‘rinmayapti. Nega? Chunki, avvalo davlat idoralarida ishlayotgan ba‘zi mansabdor shaxslarning o‘zlari xalqning ko‘z o‘ngida dabdabali to‘y qilishayotir. Avom ularga ergashib, do‘ppisi boshiga tor kelishiga qaramasdan tirishib-tirmashib, dabdabali to‘y qilish orzusiga tushib qolmoqda.

Deylik, biror vazirning to‘yiga qatnashgan lavozimdor ham shunday katta ziyofat berishni rejalab qo‘yadi. Yoki prokurorning bolasi oddiygina tug‘ilgan kunini qanday dabdaba bilan nishonlayotganini ko‘rgan tengdoshlari-da ortda qolgisi kelmaydi. Qovun qovundan rang olaveradi: boylardan o‘rtahollar, o‘rtahollardan esa kam ta‘minotlilar...

Qani endi odamlarning qon-qoniga singib borayotgan bu kimo‘zarchilikka nuqta qo‘yib ko‘ring-chi?!

Image copyright bbc

Boylarning-ku, bir umr esda qoladigan to‘y o‘tkazishi, ehtimol, o‘zlariga tatiyotgandir. Chunki, ularning to‘yiga hech kim quruq kelmaydi... Lekin davlatning oyligiga ko‘z tikib, birnavi hayot kechirayotgan o‘rtahol odamlar yoki biror ishga joylashishning ham yo‘lini topa olmay zo‘rg‘a kun o‘tkazayotgan oilalar to‘y qilsa-chi?...

Aksariyat odamlar og‘ziga kuchi yetmaganlarning izza qilishlaridan cho‘chiganligi uchungina kimlardandir qarz olib bo‘lsa-da elga durustroq dasturxon yozishga harakat qiladi. Qarz evaziga dabdabali to‘y qilgan kishilar bir umr esda qolarli iztiroblarni ham boshdan kechirayotir.

...Qishlog‘iga borb kelgan tanishim nadomat bilan deydi:

-O‘rtahol kishi to‘yiga nomdor estrada xonandalaridan birini taklif qildi. "Xonandaning hurmati" uchun bor budini sarflabdi, yetmaganiga qarz olibdi. To‘ydan so‘ng esa... qozon qaynatishi mashaqqat bo‘lib qolgan oilasini shu holicha tashlab, qarzlarini to‘lash uchun ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga ketdi...

Yeb-ichishdan tortilib, qiynalib qolgan, ham ota sog‘inchidan ichikib ko‘zlari kirtayib qolgan bolalarning ahvolini ko‘rsangiz, ichingiz achiydi. Birov-birovga yordam beradigan holda emas, hech kim o‘zidan ortmay qolgan. Qishloqlardagi aksariyat xonadonlar xuddi urush yillaridagi kabi erkaklarsiz, huvillab qolgan – o‘sha yillarda yoppasiga frontga ketishgan bo‘lsa, endi mardikorlikka... Uy-joy, ro‘zg‘or, tomorqa tashvishlari – yerga urug‘ qadash, o‘roq o‘rish, ketmon chopishdan tortib, bozor-o‘char qilish, daladan yem-xashagu o‘tin terib, yig‘ishtirib kelish, hatto o‘tin yorishdek og‘ir mehnatlar ham ojiza ayollar va bolalar zimmasida... Zaifgina issiq jonlarning issig‘i, isitmasi bilan ham, sovuqdan zir titrashi bilan ham birovning ishi yo‘q. To‘rt-besh so‘m orttirolganlari amal-taqal, chala-yarim "davolanishayapti", yo‘qsa - yo‘q... Do‘xtirlar ham qo‘lga qarab qolgan... Mahalla qo‘mitasi-yu, mahalliy hokimiyatdagilar orqasida "Ha!" deydigan odami borlargagina qayishadi, qarashadi. Oddiy odamlar – "izi" yo‘qlar izsiz ketsayam parvo qilishmaydi. Shunday og‘ir sharoitda "sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga" deganlaridek, "qo‘shiqlari "xit" bo‘layotgan xonandani to‘yga olib kelaman" deb, o‘z ahvolini o‘zi og‘irlashtirayotgan odamlarning tutumiga tushunolmayman...

Qishloqda yashovchi fuqaro birgina nomdor xonandani to‘yga chaqirib, shu darajaga tushgan bo‘lsa, endi katta shaharlarda "urfga ko‘ra" xilma-xil "mashhur"larni "birrov xizmat"ga chaqiradigan, to‘ylaru marosimlarda qimmat avtomobillarni ijaraga oladigan, toychoq bezatadigan, hatto bugunga kelib, qudalarning uyiga qo‘ylarni-da "yasantirib" jo‘natayotgan hoyu-havasli xonadonlarning dabdabadan so‘nggi holi ruhiyasini tasavvur qilavering...

Bundan roppa-rosa bir asr muqaddam ulug‘ ma‘rifatparvar ajdodimiz Abdulla Avloniy qalbini larzaga solgan illatlar-muammolar hanuz dolzarbligicha qolayotgani g‘oyat afsuslanarlidir: "...Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rnig‘a erlari ila urushub-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar. Otalarimiz bolalarig‘a o‘qutmak va ta‘lim bermak o‘rnig‘a "O‘g‘lum, emdi kattakon yigit bo‘lding, shuncha o‘quganing yetar, pul top!".— deb "tashishka" — hammollik qildirishni yaxshi ko‘rurlar..."

Uyda qolgan rafiqasi, yosh bolalari, keksa ota-onasining ko‘zda yoshini sizdirib, oylab, yillab sog‘intirib yashash evaziga o‘zlari-da yot ellarda yelkalari ezilib halol mehnat bilan topgan mablag‘larini bir kunlik to‘y uchun, hoyu-havas uchun havoga sochayotgan odamlarga boqib o‘ylab qolasan kishi: Bu soddalikmi, ongsizlikmi yo mantiqsiz "g‘urur"mi?...

Dabdabali to‘y o‘tkazishni katta obro‘ deb tushunayotgan odamlar bir umrlik hayotining, nasli, millatining davomchisi bo‘lmish dilbandlarining dunyoga dong taratadigan yetuk olim yoxud adib bo‘lib tanilishini, yurtga, insoniyatga sharaf va naf keltirishini orzu qilganmikin va bu orzu yo‘lida ham xuddi to‘y taraddudiga uringandek tirishqoqligi, jiddu jahdini namoyon etganmikin hech?!

...Yuzlari zahil tortib qolgan ona o‘z salomatligini tiklashni ortga surib qo‘yib, "qudalar oldida izza bo‘lmaslik uchun" qizining to‘yiga qimmatbaho mebel olish ilinjida misqollab pul yig‘ayotganini eshitib, beixtiyor ruhga og‘riq, mahzunlik cho‘kadi... Hayrat va alam barmog‘ini qattiq tishlaysan: "Nahotki, bir silkitsang to‘kilib ketadigan anjomlar INSON qadri, UMR mazmuni, BAXT mezoniga aylanib ulgurgan bo‘lsa?..."

Shu matohlar evaziga murod hosil bo‘lsa-ku, xo‘pi xo‘p, ammo...

Ko‘pincha moddiy manfaatlarni ko‘zlab oila qurayotgan yoshlar hech qancha vaqt o‘tmasdan "xarakterlari mos kelmay qolishi"ni ro‘kach qilib ajralib ketayotganligi, go‘daklar tirik yetim bo‘lib qolayotganligi bot-bot uchrab turgan achchiq haqiqat. Shunga qaramay, "Hayotda bir martagina bo‘ladigan to‘y-marosimlarni to‘kis o‘tkazish kerak" degan fikrga mahkam yopishib olamiz-u, ma‘naviy o‘pirilishlar haqida ko‘pam qayg‘uravermaymiz. Moddiyatni birlamchi sanab, oila, nikoh, farzand tarbiyasidek muqaddas burch oldida mas‘uliyat hissini yo‘qotgan yoshlarning (kattalarning ham) ma‘naviy so‘qirligi sabab yo ota yo ona mehridan mosuvo bo‘lib o‘sishga mahkum etilayotgan go‘daklarning o‘ksik taqdiri nahotki hech kimni qiziqtirmasa?...

Bu og‘riqli chipqonning o‘zagi jamiyatning jon tomiriga qarab chuqur o‘sib borayotir. Yurt, millat taqdiriga mas‘ul etib tayinlangan "vatanparvar" a‘yonlar esa, o‘z savlat-u sarvatlarini saqlab qolish qayg‘usidalar, xolos...

"Yurtimizning farovonligi-yu, xalqimizning baxtiyorligini bilmoqchi bo‘lsangiz, dang‘illatib o‘tkazayotgan to‘ylarimizga qarang!" – deb yetti iqlimga jar solishdan, havoyi maqtanchoqlikdan kimga nima naf?...

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio