Dovuto‘g‘li BMT va AQShni ikkiyuzlamachilikda aybladi

Image copyright Reuters

Turkiya Bosh vaziri Ahmad Dovuto‘g‘li BMT va AQShning qator rahbarlarini "ikkiyuzlamachilik qilyapti", deb tanqid qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb rahbarlari Rossiyaning bombardimonlari Suriyadan qochib chiqayotgan qochqinlar oqimini oshirib yuborgani uchun ayblamay, Turkiyadan muhojirlar uchun chegarani ochishni talab qilishdan to‘xtamayaptilar.

"Suriya inqiroziga barham berish o‘ylanmayapti. Rossiya bombalashlari qochqinlar oqimini oshirib yuborgani, bu harakatni to‘xtatish lozimligi haqida Rossiyaga aytishga hech kim jur‘at qilmayapti. Biroq u yerdan kelayotgan qochqinlarni chegaradan o‘tkazish so‘ralyapti", deb aytgan Dovuto‘g‘li.

Dushanba kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘on ham AQSh Suriyadagi kurdlarni dastaklab qon to‘kilishiga sabab bo‘lmoqda, degandi. Turkiya kurd isyonchilarini terroristik harakat deb biladi.

Biroq AQSh va BMTning qator davlatlari Suriya kurdlarini "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi kurashayotgan asosiy asosiy kuchlardan deb hisoblaydi.

Suriyadan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, kurd jangchilari Rossiya havo kuchlari ko‘magida Halab harbiy bazasidan ID jangarilarini siqib chiqargan. Rossiya kamida 30 marta havo hujumlari uyushtirgan.

"Halabdan 50 ming odam qochib chiqishga majbur bo‘ldi"

Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi xabar tarqatishicha, Halab viloyatida jangovor amaliyotlar kuchaygani 50 mingga yaqin odamni o‘zlarining yashab turgan joylaridan qochib chiqishga majbur qilgan.

Viloyatda insonparvarlik vaziyati shiddat bilan yomonlashmoqda, Halab shahrida suv ta‘minoti izdan chiqqaniga ikki hafta bo‘ldi. Chunki nasos stantsiyalari vayron etilgan.

Suriya hukumat qo‘shinlari Rossiya havo hujumlari dastagida isyonchilar nazoratida bo‘lgan Halab shahrini qo‘lga kiritish maqsadida hujumlarni davom ettirmoqda.

Oqibatda o‘n minglab suriyalik qochqinlar Turkiya chegarasiga yaqin hududda to‘planib qolganlar.

Turkiya hukumatidan yana 30 ming qochqinni chegaradan o‘tishlariga ruxsat berish talab qilinmoqda.

Janglar oqibatida ko‘mak yetkaish yo‘llari uzib qo‘yilgan, bu esa "odamlarni haddan ziyod bosim ostiga qo‘ygan", deyiladi Qizil Xoch e‘lon qilgan bayonotda.

"Havo harorati juda ham sovib ketgan. Oziq-ovqat, suv hamda boshpananing muvofiq ta‘minotisiz o‘zlarining yashab turgan joylaridan ko‘chirilgan insonlar juda mushkul vaziyatida tirik qolishga harakat qilmoqdalar", deyiladi xalqaro tashkilot bayonotida.

Ayni paytda Anqara mamlakatdagi suriyalik qochqinni moddiy ta‘minlash, hayot sharoitini yaxshilashda moliyaviy ko‘mak zarurligini ta‘kidlaydi.

Turkiya hozirda eng ko‘p -2,5 mln suriyalik qochqinga joy bergan mamlakatdir.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbeklondon

Bu mavzuda batafsilroq