Kasyanovga tuxum otishdi

Image copyright AP
Image caption Mixail Kasyanov

Bir guruh noma‘lum kishilar muxolifatdagi "Parnas" partiyasi rahbari Mixail Kasyanovning Vladimirga qilgan safari chog‘ida mashinasiga tuxumlar otishgan.

Siyosatchining o‘zi jarohatlanmagani aytilgan.

Hodisa jurnalistlar bilan matbuot anjumaniga borayotgan Kasyanov bino oldiga yetganida ro‘y bergan.

Aytilishicha, hujum qilganlar Milliy qutqaruv harakatining faollari bo‘lib, matbuot uchrashuvidan oldin norozilik aktsiyasi tashkil qilishgan.

Seshanba kuni ham sobiq bosh vazir Mixail Kasyanovga Moskvada hujum bo‘lgandi.

"Moskva markazidagi restoranlardan birida ko‘rinishi slavyan millatidan bo‘lmagan 10 kishi menga tort irg‘itishib, tahdidli gaplar aytishdi, so‘ngra avtomobilga o‘tirib qochib ketishdi", - degandi Kasyanov.

Bundan ko‘p o‘tmay Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Instagramdagi sahifasida ko‘p kulgi belgilarini qo‘yib," yana menmi?" deb yozdi. So‘ngra qo‘shiqchi Nikolay Baskovga tort otilgani tushirilgan suratni chop etib, "Nikolayga tort otishgandan so‘ng, u hanuz butun xalqaro idoralarga chopib, ziyofatni qaytarishni so‘rab yuribdi", deb izoh qoldirdi.

Hodisaga fikr bildirgan Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, "bunda kimnidir Checheniston yoki boshqa mintaqa rahbari bilan qarama-qarshi qo‘yish kerak emas".

O‘tgan hafta "Parna" raisi va uning o‘rinbosari Vladimir kichik-Kara Murza Ramzan Qodirovga nisbatan jinoiy ish ochishni so‘rab Federal Qidiruv Byurosiga ariza berishgan.

Image copyright AP
Image caption Ramzan Qodirov

Bunga sabab Ramzan Qodirovning yana o‘sha Instagramda joylashtirgan videosi bo‘lib, unda Kasyanov va Kara-Murza ko‘rinishlari nishon ostida aks etgandi.

"Instagram" videoni xizmat qoidalarini buzish sifatida olib tashlagan. Siyosatchilar esa lavhani qotillikka chaqiruv deya baholashgan va huquq-tartibot idoralariga murojaat qilishlarini aytishgan.

Bu voqealar manzarasida Ovro‘po Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Vigaudas Ushatskas Checheniston rahbarining muxolifatchi Mixail Kasyanovga qilgan tahdididan larzaga kelganini aytdi va Rossiya hukumati zudlik bilan chora ko‘rishi kerak, dedi.

"Ovro‘po Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Qodirovning Rossiya siyosiy muxolifatiga qarshi qilgan bayonotini demokratik jamiyat uchun nomaqbul deb biladi", - deyiladi Moskvadagi OI elchixonasi bayonotida.

Qodirovning o‘zi Rossiya muxolifatiga murojaat qilib, agar uning harakatlari yoki so‘zlari ularga yoqmasa, sudga murojaat qilishlariga chaqirdi.

"Men - qonunga bo‘ysunuvchi fuqaroman, har bir so‘zimga javob beraman va o‘zimning fikrimda qat‘iy qolaman", - deb yozdi u Instagramda.

Kremlda chechen rahbarining so‘zlariga jo‘yali munosabat bildirishmagan. Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Qodirovning Instagramini kuzatib bormasligini, ammo "nima haqida gap ketayotganiga bir qarab" qo‘yishini va‘da qilgan.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Rossiyaning norasmiy muxolifatini "xalq dushmanlari" deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi siyosiy tuzumni "izdan chiqarmoqchi bo‘layotganlar"ni mahkamaga tortish lozim.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon