Qozog‘iston: ekstremizmga qarshi kurash fondi qisqardi

Image copyright Youtube
Image caption Qozoq hukumati Suriyaga ketgan fuqarolaridan xavotirda

Qozog‘istondagi iqtisodiy inqiroz hukumatni diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash xarajatlarini qisqartirishga majbur qilgan.

Moliya vazirligining ma‘lum qilishicha, 2017 yilda terrorizmga qarshi kurash davlat dasturi uchun ajratiladigan mablag‘lar 2016 yildagiga qaraganda ikki barobarga qisqaradi.

"2016-2018 yillarga mo‘ljallangan respublika byudjeti to‘g‘risidagi qonunga binoan, jumladan, ekstremistik va terrorchilik oqibatlarini bartaraf etish maqsadlariga 5 234 million tanga, 2 576,9 million tanga va 745,6 million tanga ajratish ko‘zda tutilgan", - deya Moliya vazirligidan iqtibos keltiradi KazTAG agentligi.

Qozog‘iston 2013 yil oktyabrida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha davlat dasturini qabul qilgan edi.

Qozoq politsiyasi diniy ekstremizm g‘oyalarining yoshlar orasida tarqalishiga qarshi kurashda ijtimoiy tarmoq saytlaridan ham foydalanishi aytilgan.

Ayni maqsadda an‘anaviy islomni targ‘ib qiluvchi "E-Islom" maxsus webportali ham ishga tushirilgan.

BBCga gapirgan Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov qozoq jihodchilarining paydo bo‘lishi o‘zlari uchun kutilmagan bir ko‘rinish bo‘lganini aytgan.

"Qozog‘iston fuqarolarining Suriyada jang qilayotganlari haqidagi xabar butun Qozog‘iston jamiyatini larzaga soldi", degan janob Idrisov.

"Ko‘rpaga qarab..."

Jahonda neft narxlarining keskin tushib ketishi Qozog‘iston iqtisodiga salbiy ta‘sir qilgan.

Avvalroq Bosh vazir Karim Masimov davlat byudjeti qayta ko‘rib chiqilishini aytgan edi.

Image copyright akorda.kz
Image caption Nazarboyev qozog‘istonliklarni "ko‘rpaga qarab oyoq uzatish"ga chaqirgan

Qozog‘istonning 2016 yilga mo‘ljallangan davlat byudjetida Brent markasidagi neftning bir barreli 40 AQSh dollaridan hisoblangan.

"Biz 2016 yil byudjetida bir barrel neft narxi 40 dollar bo‘ladi, degan hisob-kitobga tayanganmiz. Barcha ehtimollarni ko‘rib chiqdik-30, 25, 20 va eng kami 16 dollar. Hozirda bu raqamlarning barchasini sinab ko‘rayapmiz", - deya Qozog‘iston bosh vaziridan iqtibos keltiradi RIA-Novosti agentligi.

O‘tgan oy Qozog‘iston xalqiga murojaat bilan chiqqan Prezident Nazarboyev, qozoqlarni "ko‘rpaga qarab oyoq uzatish"ga chaqirgan.

"Hozirgi murakkab sharoitda eng muhimi imkoniyatlarimiz doirasida yashash, zahiralarimiz va ish o‘rinlarini asrashdir", - degan janob Nazarboyev.

Tahlilchilarga ko‘ra, neft narxlariga qaram Qozog‘iston milliy valyutasining qadrsizlanishi manzarasida aholi farovonlik darajasining tushishi kuzatilmoqda.

Prezident Nazarboyev "qozoqlar xomashyo narxlari past bo‘lgan bir sharoitda yashashga o‘rganganliklari"ni ta‘kidlagan.

Chorshanba kuni Olma-Otadagi bir necha bank qarshisida to‘plangan o‘nlab odamlar tanganing qadrsizlanishi sabab ipoteka foizlarini tushirishni talab qilishgan.

Jahon Bankiga ko‘ra, 2015 yilda Qozog‘istonda iqtisodiy o‘sish 0,9 foizga pasayib, 4,4 foizni tashkil etgan.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbeklondon