Tojikiston: bahsli referendum

Image copyright httpwww.president.tj
Image caption Emomali Rahmon

2016 yil 22 mayda Tojikistonda mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi o‘tkaziladi.

Tojikiston parlamenti quyi palatasining chorshanba kungi majlisida tasdiqlangan qaror mamlakat ommaviy axborot vositalarida e‘lon qilingan.

2015 yil 22 yanvarda parlamentning quyi palatasi Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish bo‘yicha loyihani ko‘rib chiqqan va "Asosiy qonun" ni Konstitutsiya matnidan chiqarish haqida qaror bergandi. Bundan tashqari referendumda konstitutsiyaga o‘zgartish kiritilsa, joriy prezident Emomali Rahmon millat yetakchisi sifatida cheklanmagan miqdorda prezidentlikka nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi.

Tojikistonning hozirgi konstitutsiyasiga binoan Rahmon janoblari 2020 yildagi prezident saylovida ishtirok eta olmaydi.

Shuningdek, referendumda davlat rahbari lavozimi uchun nomzodlar yoshini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Image caption Emomali Rahmon o‘g‘li Rustam Rahmonni kelajakda prezidentlikka ko‘zlayotganligi aytiladi

Bunday o‘zgartishlar qabul qilinsa, bu Imomali Rahmonning katta o‘g‘li Rustam Imomaliga 2020 yilda o‘tajak prezident sayloviga o‘z nomzodini qo‘yish uchun imkoniyat yaratadi. Bir necha yil futbol federatsiyasi rahbarlaridan bo‘lgan Rustam Imomali hozir Tojikiston aksilkorruptsiya idorasining rahbaridir.

Shu yilning yanvar oyida Imomali Rahmon qizi Ozoda Rahmonni prezident ma‘muriyatining rahbari etib tayinlash haqidagi farmonni imzolagan edi.

Shu bilan birga, Konstitutsiyaning siyosiy partiyalar tuzishga taluqli 28 moddasiga ham o‘zgartirish kiritilib, fuqarolarning diniy, demokratik va dinga aloqasiz partiya tuzish huquqlari bekor qilinishi mumkin.

Oldinroq, 4 fevralda Tojikiston Konstitutsiyaviy sudi mamlakat konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish loyihasini "qonunchilikka muvofiq" deb topgandi.

Konstitutsion sudga ko‘ra, "Taklif qilinayotgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar Konstitutsiyani mukammallashtirib, tojik jamiyatining siyosiy va ijtimoiy hayotini demokratlashtirish jarayonini, sud va huquqiy islohotlarni tezlashtiradi, insonlarning huquqiy himoyasini mustahkamlaydi".

Shu tariqa Tojikiston Konstitutsion mahkamasi loyihada ko‘zda tutilgan Qonundagi 37 moddaga turli o‘zgartirishlar kiritishni qonunga mos degan.

Tojikiston Konstitutsiyasi 1994 yil 6 noyabrda umumxalq referendumi yo‘li bilan qabul qilingan.

Bundan avval Konstitutsiyaga ikki marta 1999 yil va 2003 yillarda o‘zgartirishlar kiritilgan, ularga asosan, bir palatalik parlament ikki palatalikka o‘zgargan , prezidentlik muddati besh yildan yetti yilga uzaytirilgandi.

Muxojirotdagi muxolifat faollari 1992 yildan beri qudratda bo‘lgan prezident Emomali Rahmonni muxolifat a‘zolarini hukumat lavozimlaridan birin-ketin olib tashlab, Tojikistonda qudratni o‘z qo‘lida mustahkamlab olganlikda ayblashadi.

O‘tgan yil hukumatni ag‘darishga urinish harakatlarida ayblanib, muxolifatdagi Islom Uyg‘onish partiyasining qator a‘zolari qo‘lga olingan. Partiyaning 13 a‘zosiga qarshi mahkama hozirda davom etmoqda.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+ - BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbeklondon

Bu mavzuda batafsilroq