"Gulnoraning pullari" O‘zbekistonga qaytariladimi?

Image copyright Getty

Nyu-York mahkamasi muzlatilgan pullarning taqdirini bevosita AQSh bilan muhokama etish uchun O‘zbekistonga yo‘l ochib bergan. AQSh talabi bilan korruptsiya tergovlari yuzasidan 300 million dollardan ortiq mablag‘ turli banklarda hamon hibs qilingan.

O‘tgan yili iyun oyida AQSh Adliya departamenti hibs etilgan mablag‘larni o‘z tasarrufiga o‘tkazish uchun qonuniy chora ko‘rishni boshlagandi. AQSh mulozimlari muzlatilgan mablag‘ning korruptsiya to‘lovlarini yuvish bilan bog‘liq xalqaro darajada uyushtirilgan fitnaning bir qismi bo‘lganini da‘vo qildilar.

Amerika tomonining ta‘kidlashicha, O‘zbekiston mobil aloqa bozoriga kirish uchun ikki xalqaro shirkat – "MTS" bilan "Vimpelkom" yirik poralar berishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekiston o‘zini korruptsion mojaroda jabrlangan tomon bo‘lganini ta‘kidlagan, va bunga javobgar bo‘lgan qator O‘zbekiston fuqarosini jazolaganini aytmoqda.

O‘zbekiston Adliya vazirining maktubida jazoga tortilgan shaxsning sodir etgan jinoyati uchun ikkinchi marta mahkamaga tortilib jazolanmasligi lozimligi urg‘ulangan.

2 fevral kuni Nyu-York Janubiy Distrikt mahkamasining qabul qilgan qaroriga binoan, hakam ushbu ish yuzasidan AQSh va O‘zbekiston rasmiylariga o‘zaro muzokara olib borish va mumkin yechimga kelishish uchun dastlabki uch oylik muddat belgilagan.

Mazkur hujjatda bahsning "mahkamadan tashqari qaror topish ehtimoli" mavjudligi alohida aytib o‘tilgan.

Bu degani uch oy davomida Amerika va O‘zbekiston rasmiylari pullarning taqdiri yuzasidan muzokara olib borib, ma‘lum bir yechimga kelishlari mumkin. Agarda yechim topilmas ekan, hakam tomonidan bu muddat uzaytirilishi ham mumkin.

Mazkur qaror yetti oydan ortiq davom etgan sud protseduralaridagi so‘nggisidir.

Jarayonning qisqa tarixi

Boshida, o‘tgan yilning 29 iyunida AQSh Adliya departamenti AQShning poraxo‘rlikka qarshi qonunlari asosida tergov hujjatlarida tilga olingan mol-mulkni muzlatishni so‘ragan edi.

Amerika Adliya tomoni New York Mellon bankining Belgiya, Irlandiya va Lyuksemburgdagi filiallari hisoblarida saqlanayotgan pullarni qaytarib olishga harakat qilmoqda.

Amerika birjalarida hissalari savdoga qo‘yilgani bois "MTS" va "Vimpelkom" mobil shirkatlarining faoliyati AQSh hududida ham tergov ostiga tushgan.

So‘ng AQSh Adliya departamentining advokatlari musodara etilishi mumkin bo‘lgan mol-mulkning egalariga maktub yo‘llab, ularga o‘z rejalari borasida ma‘lumot berganlar.

Maktub yuborilgan shaxslar orasida Prezident Karimovning qizi Gulnora Karimova hamda uning ikki sherigi - Gayane Avakyan va Rustam Madumarov ham bo‘lganlar.

Avakyan bilan Madumarov 2014 yili O‘zbekistonda mahkamaga tortilib, uzoq muddat qamoqqa hukm etilganlari xabar qilingan. Gulnora Karimova uy qamog‘ida deb ishoniladi.

O‘tmishda Karimova xonim o‘ziga nisbatan ilgari surilgan ayblovlarni rad etgan.

Image copyright bbc
Image caption O‘zbekiston adliya vazirining xatiga ko‘ra, muzlatilgan pullarni olish uchun u hukumat tomonidan vakolat berilgan shaxs

Maktublar korruptsiyaga aralashgan deb gumon qilingan uch shirkatga ham yuborilgan, jumladan, Gibraltardagi Takilant Ltd va Swisdorn Ltd hamda Hong Kongda joylashgan Expoline Ltd shirkatlariga ham.

O‘tgan yilning noyabrida AQSh hukumati vakillari o‘zlari yuborgan maktublarga javob olmaganlarini ma‘lum qilishadi va shu bois AQSh manfaatiga qaror qabul qilishni Nyu-Yorkdagi mahkamadan so‘rashadi.

Shundan biroz vaqt o‘tib O‘zbekiston hukumatidan mahkamaga xat kelib tushadi.

O‘zbekiston Adliya vaziri to‘g‘ridan-to‘g‘ri Nyu-York mahkamasi hakamiga maktub yozadi, AQShdagi advokatlik shirkatini yollaydi, pullar O‘zbekistonga qaytarilishi kerak, degan talabni ilgari suradi.

Avvaliga, o‘zbek tomoni o‘z maqsadiga erishadi: Nyu-York sudi mablag‘larni musodara etish bo‘yicha ishdan O‘zbekistonni javobgar sifatida chiqarib yuboradi.

Biroq tergov hujjatlarida nomlari zikr etilgan bir necha o‘zbek fuqarosining nomlari qoldiriladi.

O‘zbekiston Adliya vaziri Muzraf Ikromov 2016 yili 26 yanvar kuni mahkamaga boshqa xat yuboradi. Unda u o‘zini pullarni olish uchun hukumat tomonidan vakolat berilgan shaxs deb taqdim qiladi.

Pullar unga qaytarib beriladimi-yo‘qmi - bu sud tomonidan belgilangan uch oy mobaynida hal etilishi mumkin.

AQSh mahkamasi Amerika va o‘zbek rasmiylariga bevosita muzokara olib borish uchun muhlat bergan va bu muddat, aytilgandek, hakam tomonidan uzaytirilishi mumkin.

O‘zbekiston adliya vaziri o‘zining birinchi xatida amerikalik hamkasblaridan bu haqdagi ma‘lumotlarni sir saqlashni so‘ragan.

Ya‘ni, vazirning ushbu iltimosi o‘zbek tomoni kelishuvga jarayonni xaspo‘shlash evaziga erishmoqchi degan taxminlarga yetaklaydi.

Kuzatuvchilar fikricha, Prezident Karimov qizining ushbu mashmashaga yaqindan aralashganiga oid iddaolar manzarasida pullarning O‘zbekistonga qaytarilishi hukumat uchun kutilmagan yirik bir yutuq bo‘lishi mumkin.

  • BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbekInstagram
  • BBC UZBEKTwitter
  • BBC UZBEKOdnoklassniki
  • BBCUZBEKFacebook
  • BBC UZBEKGoogle+
  • BBC UZBEKYouTube
  • BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon